Jamiyat | 12:58 / 23.06.2024
36199
6 daqiqa o‘qiladi

«Daryo» nashrining «Baxti Tashkentskiy» sudini yoritayotgan jurnalisti IIBga chaqirildi

O‘zbekistonda «qonundagi o‘g‘ri - Baxti Tashkentskiy» maqomini olgan Baxtiyor Qudratullayev va 36 nafar ayblanuvchi bo‘yicha boshlangan sud majlisini yoritib borayotgan «Daryo» jurnalisti Otabek Qo‘ldoshev IIBga chaqirildi. Sudga raislik qilayotgan sudya Tolibjon Obidov jurnalist ustidan shikoyat qilgan. 

2024 yilning 22 iyun kuni Yunusobod tuman IIO FMB 3-sonli IIB 405-sonli tayanch punktiga chaqirilgan jurnalistdan tushuntirish xati olingan. 

Jurnalist bilan muloqot qilgan profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Xayrulla Do‘stov unga 2024 yilning 3 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi binosidagi ochiq sudda yangragan ma’lumotni saytda yoritgani uchun gumonlanuvchi sanalayotganini bildirgan. Shu sabab JIB Shayxontohur tuman sudi raisi Tolibjon Obidov tomonidan taqdimnoma kiritilganini aytgan. Ammo gumonlanuvchi sifatida IIBga chaqirilgan jurnalist shikoyat nusxasi bilan tanishtirilmagan. 

Jurnalist qaysi ishim xatoligini so‘rab bergan savolga profilaktika inspektori «O‘sha kungi sudda video olib, uni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganingiz uchun», degan javobni bergan. Shuningdek, IIB xodimlari jurnalist olib chiqqan ma’lumot xorijiy OAVda chiqib ketganini aytgan

«Daryo» jurnalisti Otabek Qo‘ldoshev 2024 yilning 3 iyun kuni Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Abidov tomonidan ochiq sud deyilgan sudda qatnashib, sudya savollariga javob bergan Baxtiyor Qudratullayevning qamoqdan chiqqanidan so‘ng, davlat tashkiloti vakillari unga aloqaga chiqib, mamlakatda yoshlar, sportchilar orasida pichoqbozlik ko‘payib ketayotgani uchun «ko‘cha»ni tartibga solishni so‘raganini aytganini yozgandi. Tahririyat bu gaplarning isboti sifatida sud jarayonida tasvirga olingan videoni ham e’lon qilgandi.
 
IIB xodimining bildirishicha, sudya o‘z shikoyatida 3 iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida OAV vakillariga murojaat qilib, sud tergoviga xalal beruvchi ma’lumotlarni ochiqlash mumkin emasligi haqida ogohlantirgan. 

«Daryo» jurnalistining qo‘shimcha qilishicha, haqiqatan ham o‘sha sudda sud tergoviga xalal beruvchi ma’lumotlarni ochiqlash mumkin emasligi ta’kidlangan. Biroq sudya sud tergoviga xalal beruvchi ma’lumotlar aynan nimalardan iboratligiga aniqlik kiritmagan. Shuningdek, sudya yordamchilari yana bir jurnalist Uznews.uz muxbirini sud majlisiga ham olib kirib, sudya bilan yuzlashtirgan. Sudya Tolibjon Obidov jurnalistga sudda ko‘rsatma bergan jabrlanuvchining yuzini ko‘rsatgani, gaplarini ommaga oshkor qilgani uchun ogohlantirgan. Bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdimnoma kiritilishini aytgan. Sudya yordamchilari esa OAV vakillarini zaldan chiqarib, ularning telefonini tekshirmoqchiligini aytgan. Jumladan, «Daryo» jurnalistining ham. Jurnalist bunga asos talab qilgan. Shundan so‘ng sudya yordamchilari telefonni titish fikridan qaytgan hamda jurnalistlardan jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatmalarini yoritmaslikni talab qilgan.

«Ular jurnalistlarning «Sudlanuvchilarning gaplarini bersak bo‘ladimi», degan savoliga esa bunga qarshilik yo‘qligini aytishgan. Shundan so‘ng «Daryo»da mazkur sud majlisidagi sudlanuvchilarning ko‘rsatmalaridan iborat bir nechta xabarlar e’lon qilingan. Sudya huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat qilayotganda saytning boshqa materiallariga e’tiroz qilmagan. Saytdagi xabarda Baxtiyor Qudratullayevning ism-sharifi ochiqlangani sud tergoviga xalal berganmi yoki uning aytgan gaplarimi degan savol tug‘iladi.  Biroq javobi aniq emas, holbuki Baxtiyor Qudratullayevning ism-sharifi ochiqlanishi, rasmining ommaga e’lon qilinishi bilan bog‘liq holatlar nafaqat «Daryo»da, barcha saytlarda, shuningdek, Oliy sud va IIV axborot xizmatlari bergan xabarlarda ham uchraydi. 

Darvoqe, «Baxti Tashkentskiy» maqomini olgan Baxtiyor Qudratullayev va 36 nafar ayblanuvchi bo‘yicha boshlangan sudning 2024 yil 10 iyun kuni davom etgan majlisida jurnalistlarning video hamda audioma’lumotlar olishiga chek qo‘yildi. Bu haqda sud raisining ajrimi ham chiqarildi. Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati bu holatni izohlab, sudning mazkur ajrimi sud majlisida jurnalist va blogerlarning ishtirokini uzil-kesil taqiqlamasligini, ular jarayonni bevosita kuzatishi, o‘zlari uchun zarur qaydlar qilib borishi hamda turli bashorat va taxminlarga berilmagan holda axborotlar e’lon qilishi mumkinligini yozib chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, aksariyat jurnalistlar bu kabi taqiqlardan so‘ng mazkur sud jarayonida qatnashishdan bosh torta boshladi. Aynan «Daryo» jurnalisti ham. 

2024 yilning 21 iyun kuni esa «Daryo» jurnalistini dabdurustdan IIB xodimi izlay boshladi. Vaholanki, bu xabar «Daryo» internet nashrida e’lon qilingan va bu xabarning egasi to‘g‘ridan to‘g‘ri sayt hisoblanadi — aynan bir nafar jurnalist emas. 22 iyun kuni esa jurnalist IIBga chaqirilib, ustidan yozilgan shikoyat arizasi bilan tanishtirilmagan holda tushuntirish xati yozdirib olindi», deyiladi sayt xabarida.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham shuningdek, «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi qonunlarda ham OAV vakillarining erkin axborot olishi va tarqatishi kafolatlangan.

Mavzuga oid