Hududlarda 12 ta arxeologiya yodgorligiga 8,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlandi
O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida yodgorliklar uy-joy, issiqxona yoki xo‘jalik inshootlari qurish uchun qisman buzilganligi kuzatilgan.
Respublikaning turli hududlarida 12 ta arxeologiya yodgorligiga katta miqdorda zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, prokuratura organlari tomonidan Madaniy meros agentligi bilan birgalikda hududlarda nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Unda qonun buzilishi holatlari aniqlanib, bir qator arxeologiya yodgorliklari yo‘qotilishining oldi olingan.
Xususan, nazorat tadbirlarida quyidagi holatlar aniqlangan:
– Qashqadaryoda “Kofirtepa-2” (VII – XIII asrga oid) yodgorligining 2,4 metr kub, “Beshteraktepa”ning (IX – XII) 6 metr kub hamda “Xontepa”ning (XI – XIII) 189 metr kub qismi uy-joy;
– Jizzaxda “Tomoshotepa-2” (IV – V) yodgorligining 14 metr kub qismi hojatxona hamda “Qoratepa”ning (V – VI) 30 metr kub qismi issiqxona;
– Sirdaryo “Hashartepa” (IX – XII) yodgorligining 6,4 metr kub qismi hljatxona va hammom;
– Navoiyda “G‘azg‘ontepa” yodgorligining 16 metr kub qismi mobil kompaniya antennasi, “Nonvoylartepa-2”ning 5,3 metr kub, “Kaltepa”ning (V – VIII) 23 metr kub hamda “Yasiltepa”ning (III – XI) 20 metr kub qismi xo‘jalik inshootlari;
– Toshkent viloyatida “Nomsiztepa-1” yodgorligining 15 metr kub qismi hojatxona, “Nomsiztepa-2”ning 1,92 metr kub qismi issiqxona qurish uchun qisman buzilgan.
Qayd etilishicha, 12 ta yodgorlikka 8,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Hozirda barcha holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
13:48 / 05.12.2024
Rubob yasash butunjahon madaniy merosi deb e’tirof etildi
15:29 / 03.12.2024
Buxoro shahrining tarixiy qismida mototsikl va skuter kabilarning harakati cheklandi
22:45 / 19.11.2024
Madaniy meros agentligi Andijondagi Bobur haykalini ko‘chirish bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi
18:08 / 17.10.2024