Sport | 18:19 / 26.06.2024
17463
8 daqiqa o‘qiladi

Ukraina «kelishuv» qurboni bo‘lishi mumkin. Yevroda guruh bosqichining so‘nggi kuni

3-turda kimga qanday natija kerak?

Foto: Getty Images

26 iyun kuni Yevro-2024 chempionatida guruh bosqichi yakunlanadi. Quyida turnirdagi vaziyat ko‘rib chiqiladi — E va F guruhlarida qaysi jamoalarga qanay natija kerak?

Slovakiya — Ruminiya: «kelishuv» bo‘ladimi? (21:00 / Zo'rTV - yozib olingan holda) 

Bu yerda vaziyat bir vaqtning o‘zida chalkash va oddiy. Ha, shunaqasi ham bo‘lishi mumkin. Slovaklar kutilmaganda 1-turda jasorat ko‘rsatib, guruh favoriti sanalgan Belgiyani mag‘lub etdi (1:0), keyin esa ukrainlarga yutqazdi (1:2). Ruminiya esa birinchi turda Ukrainani yirik hisobda yenggandi (3:0), ammo Belgiya bosimiga bardosh bera olmadi (0:2).

Ayni vaqtda guruhning barcha a’zolarida uchtadan ochkor borligi holida Ruminiya birinchi turdagi gollari evaziga birinchi o‘rinda joylashgan.

Slovakiya bosh murabbiyi Franchesko Kalsona o‘z jamoasi so‘nggi turda g‘alaba uchun kurashishini aytgan: «Bizning o‘z futbolimiz, o‘z uslubimiz bor. Qiyin bo‘lishini bilamiz, ammo pley-offga chiqishni xohlaymiz. Biz buning uchun kurashayotganimiz faktining o‘zi — kichik mamlakat uchun katta voqea va men bundan faxrlanaman. Ruminiya bilan o‘yinda uch ochko qo‘lga kiritish uchun imkon doirasidagi barcha ishni qilamiz».

Amalda esa ikki jamoani durang ham qonqtiradi. Shu tufayli o‘yin oldidan barcha bu jamoalar o‘zaro «kelishishi» mumkinligini muhokama qilmoqda. Ukraina Belgiyaga qarshi parallel uchrashuvda yutqazsa yoki durang qayd etsa, Ruminiya va Slovakiya bu jamoani shunchaki bortdan tashqarida qoldirishi mumkin. Bunaqasi 20 yil oldin ham bo‘lgandi: Shvetsiya va Daniya shubhali 2:2 hisobini qayd etib guruhdan chiqishgan, Italiya esa pley-offsiz qolgandi.

Belgiya — Ukraina: Rebrov tavakkachilik qilishiga to‘g‘ri keladi (21:00 / Zo'rTV )

Ukrainaga 1/8 final yo‘llanmasi faqat g‘alaba evaziga kafolatlanadi va jamoa lageridagilar «skandinavcha durang» qayd etilishi kutilayotgan Ruminiya va Slovakiya o‘yini natijasidan umid qilmasdan, faqat g‘alaba uchun maydonga chiqmoqchi.

Muhim masala: Sergey Rebrov tavakkalchilikka qo‘l urib, top-raqiblar uchun maxsus ishlangan 5-4-1 sxemasiga o‘tishga jazm etadimi? Bunda ko‘p narsa Mikolenko va Tsigankovning o‘yinga qanchalik tayyor bo‘lishiga bog‘liq. «Everton» chap qanot himoyachisi hozircha turnirda biror marta maydonga tushmagan, ammo u jarohatidan tuzalib, bir necha kundan buyon umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.

Yana bir intriga — Ruminiyaga qarshi juda yomon o‘yin o‘tkazgan Lunin darvozaga qaytish-qaytmasligi bo‘yicha. Trubin Slovakiya bilan o‘yinda o‘zini yaxshi ko‘rsatdi va ko‘pchilik endi uni birinchi raqam sifatida ko‘rmoqda.

Belgiya bu juftlikda so‘zsiz favorit, ammo, oldingi qator o‘yinlar ko‘rsatdiki, bu maqomning o‘zigina muvaffaqiyat garovi bo‘la olmaydi.

Belgiya, Ruminiya, Slovakiya va Ukrainaga guruhdan chiqish uchun nima kerak?

Barcha jamoalarda uchtadan ochko. Uchinchi turdan keyin ham ochkolar tengligi saqlab qolinsa, birinchi navbatda o‘zaro o‘yinlarga qaraladi. Ya’ni Slovakiya Belgiya ustidan, Belgiya — Ruminiya ustidan, Ruminiya — Ukraina ustidan, Ukraina esa — Slovakiya ustidan ustunlikka ega. Xuddi karuseldek. Keyingi navbatda qaraladigan ko‘rsatkichlar — urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar nisbati. Bunda esa eng yomon vaziyat ukrainlarda, ularda -2. Slovaklarda 0, belgiyaliklar va ruminlarda +1.

To‘rt ochko pley-offga kamida uchinchi o‘rin bilan chiqishni kafolatlaydi. Va bu shuni anglatadiki, Ruminiya hamda Slovakiyani o‘zaro uchrashuvdagi durang ham qoniqtiradi. Parallel uchrashuvdagi durang esa to‘plar nisbatidagi yomon ko‘rsatkich tufayli Ukrainani to‘rtinchi o‘rinda qoldiradi.

Ukrainlarga 1/8 finalga o‘tish uchun yoki Belgiya ustidan g‘alaba, yoki Ruminiya va Slovakiyadan biri mag‘lub bo‘lgan taqdirda durang kerak. Qolgan uch jamoani bir ochko ham hech qanday sharsiz qoniqtiradi.

 

Gurjiston — Portugaliya: Mamardashvili uchun yana bir qiyin kecha (00:00 / Zo'rTV)

Gurjistonliklar Turkiyaga qarshi ham, Chexiyaga qarshi ham ancha dadil o‘yin ko‘rsatdi. Va jamoa bu o‘yinlarda to‘rt ochko olishga yaqin edi. Ammo ikki o‘yinda ham so‘nggi daqiqalarda qulay vaziyatlardan foydalanilmadi: natijada turklar qarshi hujumda gol urib, ustunligini oshirdi — 3:1, chexlar bilan esa tenglik saqlanib qoldi — 1:1. Portugaliyaliklar ham Chexiya bilan o‘yinda qattiq ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi — hal qiluvchi gol faqat qo‘shimcha daqiqalarda urildi — 2:1. Turkiya esa ularga muammo tug‘dira olmadi va yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi — 0:3.

Yorqin, tajovuzkor va maqsadli o‘yini bilan Yevropa chempionatida o‘z izini qoldirayotgan Gurjiston milliy jamoasi uchinchi tur arafasida pley-offga chiqish uchun imkoniyat saqlab qolmoqda.

Bu jamoalar bungacha faqat bir marta o‘zaro o‘yin o‘tkazgan — Yevro-2008 arafasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida. O‘shanda tarkibida Ronaldu va Pepe bo‘lgan Portugaliya 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi. 

Guruh masalasini allaqachon hal qilib bo‘lgan Portugaliya bilan o‘yinda ularga qarshi aralash tarkib tushishi ehtimoli yuqori. Ammo bu jamoaning ikkinchi tarkibi ham gurjistonliklarga muammo tug‘dirishi aniq. Katta ehtimol bilan, darvozabon Mamardashvilini yana bir qiyin oqshom kutmoqda.

Chexiya — Turkiya: eski tanishlar uchrashuvi (00:00 / Zo'rTV - yozib olingan holda)

Bu jamoalar har sakkiz yilda Yevropa chempionati guruh bosqichining uchinchi turida o‘zaro uchrashadi (Yevro-2008 turniridan buyon uchinchi marta) va oldingi ikki to‘qnashuvda ham Turkiyaning qo‘li baland kelgan. Bu safar Chexiyani pley-offsiz qoldirish uchun turklarga durang ham kifoya qiladi.

Chexiyaga bu o‘yinda jamoaning asosiy to‘purari Shik yordam bera olmaydi, ammo jamoa sardori Souchek hamon safda. Uning ulkan tajribasi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

O‘yinni raqibga topshirish va mudofaaga tayanish — hozirgi Turkiya milliy jamoasiga xos emas, shunday ekan, ochiq o‘yin bo‘lishi kutilmoqda. Ochko ko‘proq kerak bo‘lgan Chexiyada imkoniyatlar bo‘lishi aniq. Gap ular taqdir sovg‘alaridan qanchalik foydalanisha olishida.

Gurjiston, Chexiya va Turkiyaga guruhdan chiqish uchun nima kerak?

Portugaliyada barchasi joyida — jamoa olti ochko olib, guruhda birinchi o‘rinni kafolatlagan. Turkiyada uch ochko bor va to‘plar nisbati -1. Oxirgi turdagi durang jamoani 1/8 finalga olib chiqadi. Ammo minimal hisobdagi mag‘lubiyat ham uchinchi o‘rindagilar orasida beshinchi o‘rinda turgan Vengriyadan yuqorida turish uchun yetarli bo‘lishi mumkin — vengrlar uch ochkoga ega va to‘plar nisbati -3. Ammo agar portugallar ham yutqazsa, unda turklar uch ochkosi bilan so‘nggi o‘rinda qolib ketadi.

Gurjiston va chexlarda vaziyat osonroq: yoki g‘alaba qozonish va turnirda qolish, yoki turnirni tark etish. Uchinchi variant yo‘q.

Mavzuga oid