O‘zbekiston | 19:50 / 02.08.2024
4995
2 daqiqa o‘qiladi

Urganch xalqaro aeroporti rejadan ikki kun avval ochiladi

Urganch xalqaro aeroporti o‘z ishini 2024 yilning 5 avgust kuni soat 11:00 dan qayta boshlaydi. Uzbekistan Airports ma’lumotiga ko‘ra, qurilish-ta’mirlash ishlari ikki kun avval yakunlanishi ma’lum bo‘ldi. Avval havo bandargohi 7 avgustgacha yopilishi e’lon qilingan edi.

Foto: Uzbekistan Airports

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 20 iyulida Transport vazirligi Urganch xalqaro aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi kapital ta’mirlanishi bois vaqtinchalik o‘z faoliyatini to‘xtatishini e’lon qilgan edi. Ta’mirlash ishlari olib borish davrida barcha reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yo‘naltirilgan va yo‘lovchilar uchun Nukus va Urganch aeroportlari o‘rtasida avtobus transferi tashkillashtirilgan edi.

«Ikki hafta ichida ulkan ish hajmi amalga oshirilganini qayd etish zarur. Xususan, uzunligi 3000 metr, kengligi 45 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasi to‘liq almashtirilib, mustahkamlandi, shuningdek, ikkinchi va uchinchi yurish yo‘laklari kapital ta’mirlandi. Bu aeroportga Boeing 787 va Airbus A330 singari keng fyuzelajli samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qilish, o‘z navbatida Urganch shahriga reyslar soni hamda yo‘lovchilar oqimini oshirish imkoniyatini yaratadi», — deyiladi Uzbekistan Airports xabarida.

So‘nggi marta Urganch aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi 1997 yilda kapital ta’mirni boshdan kechirgan, shikastlangan uchastkalarning qisman ta’miri esa 2018 yilda amalga oshirilgan edi.

Mavzuga oid