Jahon | 22:56 / 09.08.2024
4548
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston IIV sobiq rahbariga 5 yil muddatga shartli qamoq jazosi tayinlandi

Yerlan Turg‘umbayev 2022 yil yanvaridagi namoyishlar bo‘yicha o‘z vakolatini suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topilgan.

Yerlan Turg‘umbayev / Foto: Sputnik

Ostona jinoyat ishlari bo‘yicha tumanlararo sudi Qozog‘istonning sobiq ichki ishlar vaziri Yerlan Turg‘umbayevni 5 yilga shartli ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar beradi «Zakon.kz».

Qayd etilishicha, prokuror 2022 yil yanvardagi namoyishlarga doir ish bo‘yicha mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblangan sobiq vazirga 5 yil qamoq jazosini so‘ragan. Sud o‘z aybiga iqror bo‘lgani, chin ko‘ngildan pushaymonligini inobatga olib, Turg‘umbayevga nisbatan shartli jazo tayinladi.

Sud hukmiga ko‘ra, shuningdek, IIV sobiq rahbari 10 yil muddatga muayyan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum etilgan. Bundan tashqari, sud Qozog‘iston prezidentiga Turg‘umbayevni maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish taklifini kiritgan.

Sobiq vazir 2024 yil aprel oyi oxirida og‘ir oqibatlarga olib kelgan hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumonlanib hibsga olingan edi. Ushbu moddaning eng yuqori jazosi 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Turg‘umbayev Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligini 2019 yil fevralidan boshqargan va yanvar voqealaridan ko‘p o‘tmay – 2022 yilning 25 fevralida ishdan bo‘shatilgan edi. Keyin, taxminan, olti oy davomida, 2022 yil 17 avgustgacha u prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevning maslahatchisi, 2013 yildan esa — Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) maslahatchisi sifatida qayd etilgan.

2022 yil yanvar oyida Qozog‘istondagi namoyishlar

2022 yil boshida Qozog‘iston janubi-g‘arbidagi Janao‘zen shahrida gaz narxi oshishiga qarshi mitinglar boshlangandi. Namoyishlar tez orada butun mamlakat bo‘ylab iqtisodiy va siyosiy talablar bilan ommaviy norozilik namoyishlariga aylangan. Ba’zi viloyatlarda 5 yanvarga o‘tar kechasi ma’muriy binolar, politsiya bo‘limlari va do‘konlarga hujumlar uyushtirilgan edi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklar davomida 225 kishi, jumladan, 19 huquq-tartibot idorasi xodimi halok bo‘lgan, 4500 dan ortiq kishi jarohatlangan. Birgina sobiq poytaxtning o‘zida norozilik namoyishlari va tartibsizliklar bo‘yicha 2700 dan ortiq odam qo‘lga olingan. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqargan va mamlakatda favqulodda holat e’lon qilgan edi.

2023 yil martida Qozog‘istonda sobiq mudofaa vaziri Murat Bektanovga nisbatan 2022 yil yanvaridagi qonli tartibsizliklar bo‘yicha ayblov hukmi chiqarilgan edi. U jangovar vaziyatda mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topilib, 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 2023 yil aprelda Ostona jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudi Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq raisi Karim Masimovni 18 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Mavzuga oid