Jamiyat | 17:55 / 12.08.2024
12914
9 daqiqa o‘qiladi

Postkovid sindromi: Jahonda suyak yemirilishi 3-4 barobarga oshgan

Dunyoda145 millionga yaqin kishi postkovid sindromi bilan kasallangan. Kasalliklar orasida suyak yemirilishi sezilarli darajada ortgan. Postkovid sindromlari bilan kurashishda rivojlangan davlatlar qanday yo‘l tutayotgani va O‘zbekiston nima qilishi kerakligi haqida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari o‘rganish o‘tkazdi.

Postkovid sindromi nima?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda kovid bilan kasallanganlar soni 774,1 mlnga yetgan. Shundan 673,2 mln kishi to‘liq tuzalgan. 7,0 mln odam esa vafot etgan. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich mos ravishda 238 818 nafar, 236 999 nafar va 1 637 nafarni tashkil qiladi.

Xalqaro ekspertlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, pandemiyaning dastlabki 2 yili davomida dunyoda 145 mlnga yaqin kishi “postkovid sindromi” bilan kasallangan. Bu esa koronavirusdan tuzalgan bemorlarning taxminan 20 foizini tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, postkovid sindromi bu – ba’zi kishilarda kovid kasalligidan keyin kuzatiladigan uzoq muddatli simptomlar yig‘indisi. Uni boshdan kechirayotganlar o‘zlarini ba’zan “cho‘zilgan kovid”dan aziyat chekayotganlar deb ta’riflashadi. Postkovid sindromi 200 dan ortiq simptomlarni o‘z ichiga oladi va ko‘p organlar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Umumiy simptomlarga charchoq, bo‘g‘im va mushaklar og‘riqlari, nafas qisilishi, kognitiv disfunksiya va odatda kundalik faoliyatga ta’sir qiladigan boshqa bir nechta simptomlar kiradi.

Postkovid sindromining qator rivojlangan mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy sohalariga ta’siri o‘rganilganda, mehnat bozoriga va umuman iqtisodiy o‘sishga sezilarli ta’sir ko‘rsatganini kuzatish mumkin. Bu holat ijtimoiy yordamga muhtoj aholi qatlami kengayishiga, nogironlar soni ortishiga olib keladi va sog‘liqni saqlash tizimiga budjetdan qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishini talab qiladi.

Suyak bo‘g‘imi yemirilishi sezilarli ortgan

Kovid asoratlaridan biri hisoblangan suyak bo‘g‘imlari yemirilishi kuzatilgan bemorlar soni ham sezilarli darajada ko‘payyapti. Xalqaro ekspertlarning izlanishlariga asosan, osteoporoz (suyak to‘qimasi zichligining pasayishi) kovid tashxisi qo‘yilgan bemorlarning 8,6 foizida kuzatilgan. Ushbu holat nafaqat katta yoshli bemorlarda, balki mehnatga layoqatli aholida ham uchramoqda. Buning natijasida, osteoporoz kasalligini davolash uchun jami xarajatlar 2021 yildagi 12,2 mlrd dollardan 2030 yilga kelib 17,1 mlrd. dollarga yetishi kutilmoqda

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, osteoporoz kasalligi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar orasida yurak qon-tomir kasalliklari, saraton va qandli diabet kasalligidan keyin xavflilik darajasi bo‘yicha 4-o‘rinda turadi va bu kasallikdan har yili dunyo bo‘yicha 8,9 mlndan ziyod odam aziyat chekmoqda, natijada har uch soniyada bitta odam osteoporotik suyak sinishiga duch keladi.

O‘zbekistonda vaziyat qanday?

Ma’lumotlarga ko‘ra, Jahonda suyak yemirilishi kasalligi koviddan avvalgi yillarga nisbatan 3-4 barobarga oshgan. Shuningdek, koronavirus asorati bilan kasallangan bemorlar Xalq qabulxonasi va joylardagi sayyor qabullarda kasallikni reabilitatsiya qilish uchun yordam so‘rab murojaat qilishi keskin oshib bormoqda.

2022 yilda Toshkent shahrining o‘zida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 1 263 nafar bemorda suyak yemirilishini davolashga qaratilgan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Birgina tos suyagiga qo‘yiladigan endoprotezning ishlab chiqarilishi, ya’ni sarflov xarajatlarining o‘zi 18 mln so‘m bo‘lgan. Ushbu ko‘rsatkich endoprotezni o‘rnatish operatsiyasi xarajatlari bilan yanada qimmatlashib ketgan.

O‘z navbatida, ekspertlar fikriga ko‘ra, suyak yemirilishi va unga olib keluvchi omillarni dastlabki bosqichlarida diagnostika qilish zarur. Agar uni o‘z vaqtida aniqlab, dori vositalari yordamida davolanmasa, keyinchalik jarrohlik amaliyotini qo‘llashga to‘g‘ri keladi. Bu esa, nogironlikni keltirib chiqaradi va moliyaviy jihatdan ko‘p mablag‘ talab qiladi. Suyak yemirilishi kasalligi dastlabki, ya’ni I va II bosqichlarida aniqlanishi bemorlarning jarrohlik amaliyotisiz, dori-darmonlar bilan sog‘ayish imkonini beradi.

Postkovid bilan kurashishda Kanada tajribasi

Postkovid asoratlarini aniqlash va uni bartaraf etish uchun 2022 yil Kanada budjeti Sog‘liqni saqlash agentligiga 3 yilga 9 mln dollar ajratgan. Ushbu mablag‘ bemorlar, ularning vasiylari va tibbiyot xodimlari uchun ilmiy asoslangan yo‘riqnomalar va instrumentlarni ishlab chiqish hamda baholashga qaratildi. Shuningdek, 2022 yilgi budjetda Kanada Sog‘liqni saqlash tadqiqotlari institutlariga 5 yil muddatga 20 mln dollar ajratilishi belgilandi.

Bundan tashqari, Kanada hukumati 2023 yil bahorigacha bo‘lgan davrda COVID-19 va uning oqibatida kelib chiqqan kasalliklarni davolash uchun har bir kishiga 1 675 -7 340 kanada dollarigacha mablag‘ ajratgan bo‘lsa, umumiy hisobda ushbu ko‘rsatkich 7,8 dan 50,6 mlrdgacha kanada dollarini tashkil etgan.

Postkovid asoratlari bo‘yicha ilmiy yo‘l xaritasini ishlab chiqish uchun Kanadada ishchi guruh tashkil etilgan. Ushbu yo‘l xaritasi:

  • zaruriy ma’lumotlar va dalillarni aniqlash;
  • ushbu holatning tibbiy va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini qanday bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalardan iborat. Ishchi guruh faoliyati doirasida hisobotlar taqdim etib boradi.

Shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya va Belgiyaning postkovid sindiromlari oldini olish va davolash yo‘llari bilan bu yerda batafsil tanishish mumkin.

O‘zbekiston uchun takliflar

Koronavirus bilan kasallangan bemorlarda suyak yemirilishi mavjudligini aniqlash uchun tekshiruvlar amalga oshirilsa, kasallik olib kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olish mumkin. Buning uchun bir nechta tadbirlarni amalga oshirish talab qilinadi:

– Kanada tajribasidan kelib chiqib O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi negizida “postkovid sindromi”ning suyak yemirilishiga doir tadqiqot ishlarini olib boruvchi va monitoring yurituvchi Ishchi guruh faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kasallik aniqlangan bemorlarga maxsus Yo‘riqnoma ishlab chiqish hamda mazkur yo‘riqnomaga asosan kasallanganlarning dastlabki shikoyatidan boshlab kimga murojaat qilishlari va kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan muolajalarni belgilash;

– rivojlangan mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilgan mablag‘lar va imkoniyatlar doirasida postkovid sindromi asoratlari mavjud bemorlarda dastlabki tekshiruvlarni olib boradigan, tashxis qo‘yadigan va davolaydigan maxsus tibbiyot muassasalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish. Mazkur tibbiyot muassasalarini postkovid asoratlarini aniqlash va davolash bo‘yicha yangi texnologiyalar, jumladan diagnostika va monitoring qilish uchun zamonaviy rentgen va skanerlash uskunalari bilan jihozlash.

– kasalliklarning oldini olish va davolashni samarali usullarini aniqlash maqsadida tibbiyot muassasalarida xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mazkur yo‘nalishda qo‘shma tadqiqot ishlarini olib borish va “postkovid sindromi” asoratlari bo‘yicha yangi davolash usullarini ishlab chiqish;

– aholini “postkovid sindromi” asoratlari, belgilari, kasallik turlari, jumladan suyak yemirilishi, uning kechishi, profilaktikasi to‘g‘risidagi tavsiyalardan xabardor qilish maqsadida, “postkovid sindromi” asoratlari bilan kurashish oyligini tashkil etish hamda televideniye, radio va internet nashrlari orqali kasallikning yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir asoratlari to‘g‘risida fuqarolarni xabardor qilish. Shuningdek, ushbu kasallikdan aziyat chekayotganlar va og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun ishonch telefonini ishga tushirish hamda “postkovid sindromi” asoratlari haqida ma’lumot beruvchi internet saytini yo‘lga qo‘yish;

– Sog‘liqni saqlash vazirligi va oliy tibbiy ta’lim muassasalari hamkorligida osteoporoz va koronavirusning boshqa asoratlari bo‘yicha maxsus o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda mazkur dastur bo‘yicha mutaxassislarning bilim va malakalarini qo‘shimcha oshirib borish maqsadga muvofiq.

Jamshid Sharipov, Inobat Hakimova

Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari

Mavzuga oid