“Budjet xalqniki, uning hisobini so‘rayverish kerak” - faollar bilan suhbat
Iqtisodchi Otabek Bakirovning aytishicha, budjetda iste’molchining ishtiroki bo‘lmagan biror summa yo‘q, oxirgi to‘lovchi baribir xalqning o‘zi hisoblanadi. Siyosatshunos Hamid Sodiqqa ko‘ra esa budjet sarf-xarajatlarining muhokama qilinishi normal. "Bunday diskussiyalar nafaqat jamiyat, media personalar, balki siyosatchilar hamda parlament doirasida bo‘lishi kerak",– deydi u Kun.uz'ga bergan intervyusida.
Yaqinda “Oriat Dono”ning efirga uzatilgan “Biz kim?” tok-shousida boshlovchi hamda shoirning davlat budjeti, soliqlar masalasida aytgan fikrlari tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Emishki, ishsiz odam hech qanday soliq to‘lamaydi, o‘zbekistonliklar – “soliqlardan qochib yuradigan xalq”, shu sababli ularning budjetni sarhisob qilishi mumkin emas.
Kun.uz bunday qarash nima uchun xato ekani, soliqlarning qanday shakllanishi, ishsiz odamlar ham soliq to‘lashi, budjet pullari hamda samarasiz loyihalar haqida iqtisodchi Otabek Bakirov hamda siyosatshunos Hamid Sodiq bilan suhbatlashdi.
– Dastavval, suhbat uchun kirish qismi qilsak. Ikkingizning munosabatingiz qiziq, odamlar tomonidan videodagidek fikrlar yangrashi normal holatmi, uni eshitganda ichingizdan qanday fikrlar o‘tdi?
Otabek Bakirov: Men birdaniga aytib ketaman, sirtdan bahsga kirishishni noto‘g‘ri deb bilaman. Shoirimizni ham, hurmatli vaynerimizni ham hurmat qilaman, odamning qaysidir fikri, so‘zi yoki chiqishi bilan to‘liq baho berib bo‘lmaydi. Adashmasam, kecha Akmal Mirzoning o‘zi chiqish qilib, nima demoqchi bo‘lganini, aytgan gaplarining ayrim qutbli qismlari bo‘yicha qo‘shimcha tushuntirish berib, uzr so‘raganini ham o‘zingiz ko‘rdingiz. Ya’ni bu har bir odam bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan [hodisa hisoblanadi], ayniqsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda bo‘ladigan narsa bu. Shu jihatdan olib qaraganda, men bunday fikrlarni normal deb qabul qilaman.
Bahsda eng yaramasdek ko‘ringan, noto‘g‘ridek ko‘ringan yoki umume’tirofdagi pozitsiyalarni rad etadigan fikrlar ham yangrashi mumkin. Bu yerda mening asosiy e’tirozlarim shuki, agar buni e’tiroz deb hisoblash mumkin bo‘lsa, soliq to‘lovchilar budjet pullari, to‘lanayotgan soliqlar to‘g‘risida muhokamaga kirishishi yoki muhokama qilishlari to‘g‘ri emas degan ohang bo‘ldi.
Avval ham aytib kelganman, oxirgi yillarda O‘zbekistonda aholining jamiyat, davlatga nisbatan munosabati o‘ta passiv bo‘lgan, ya’ni befarq ko‘rinishda bo‘lgan. Oxirgi yillarda shu befarqlik sekin-sekin so‘nyapti. Odamlar faollashyapti. Xususan, aynan budjet pullari, soliqlarni taqsimlash masalasida tinimsiz professionalmi, professionalmasmi – farqi yo‘q, [fikr] bildirishni boshlayapti. Aksincha, odamlar biror vazir yoki amaldordan mening pullarim, soliqchilarning pullari, “O‘zbekiston budjeti qayerga ketyapti?” degan e’tirozlar ko‘payayotganidan men xursand bo‘lgan bo‘lardim.
Hamid Sodiq: Aslida Otabek akaning gaplariga qo‘shilsa bo‘ladi, haqiqatan ham jamiyatda bundan oldin ham soliqlar masalasida gapirilgan, lekin jamiyat bugun o‘zining to‘layotgan pullari masalasida biroz tartibsiz, qo‘pol bo‘lsa ham, deylik, bildirilgan fikr atrofida kontent yarata oladigan insonga mana shunday fikrlar bildirilishi umumjarayon sifatida maqbul hisoblanadi. Bu yerda mana shu fikrni bildirgan inson kecha uzr ham so‘rab chiqdi.
Aslida buning sotsial mohiyati muhim. Ya’ni insonlar bugun hattoki siyosiy darajada bo‘lmasa ham, mediakontent shakllantiradigan insonlarga nisbatan o‘zining to‘layotgan soliqlari masalasida yoki soliqlar masalasida unga ma’qul bo‘lmagan fikrlar nuqtai nazarida ularga e’tiroz bildiryapti. Va bu jamiyatda soliqlar bilan bog‘liq ma’lum bir uyg‘onish paydo bo‘layotganini ko‘rsatadi. Bu – birinchi masala. Men ham bu fikrning bildirilgani va u ma’lum bir siyosiy, iqtisodiy sezgilarni uyg‘otganini qo‘llab-quvvatlayman. Bu gapni aytgan odam uzr so‘rab chiqdi va uning gaplarini qabul qilish kerak. Ularga nisbatan keskin ketish kerak emas. Endi suhbat davomida buning siyosiy-iqtisodiy asoslari nimalardan iboratligini muhokama qilishimiz kerak.
Ikkinchi masala shundan iboratki, biz agar soliqni siyosiy nuqtai nazardan qabul qilsak, erkin jamiyatlar, demokratik davlatlar shakllanishida 2 ta asosiy siyosiy hodisa bor. 1 – saylov, 2 – soliq. Masalan, 1215 yilda Buyuk Britaniyada“Erkinlikning buyuk xartiyasi” qabul qilinayotgan vaqtda birinchi masala saylov bo‘lgan, ikkinchisi soliq. Yoki AQShda 1774 yilda “Kontinental xartiya” qabul qilinadi, kongres shakllantiriladi va kongresning asosiy masalalardan biri – saylov va soliq. Ya’ni soliqlar masalasi shunday masalaki, biz saylov orqali hokimiyatga legitimlik beramiz, soliqlar orqali esa moddiy ta’minlaymiz.
Shuning uchun ham Jon Lok, [Jon Styuart] Milni oladigan bo‘lsak, ular ovozsiz soliq yo‘qligini aytishgan. “Ovoz berish huquqimni qaytarib bermasang, soliq to‘lamayman senga” deydi. Shuning uchun ham liberalizmni davlatda “tungi qo‘riqchi” deyishadi. Mana shunday fikrlar shakllangan. Shu sababli soliq masalasida xalqning sezgir bo‘layotgani juda ham muhim. Chunki davlatning tabiiy resurslari kamayib ketyapti, bu shunday sotsiologik belgini ko‘rsatyaptiki, insonlar bugun davlatning asosiy ta’minotchisi ekanini ong usti yoki ong ostida sezayotganini ko‘rishimiz mumkin. Bir tomondan jamiyatimizni ham tabriklaymiz, soliq masalasida juda ham qattiq bo‘lishi kerak, buni nafaqat media personalar doirasida, balki siyosatchilar, qonun qabul qilinish hamda parlament doirasigacha ko‘tarsak, mening nazarimda ma’qul bo‘ladi.
Otabek Bakirov: Shu joyida qo‘shib ketay, biz Akmal Mirzo yoki hurmatli shoirimiz Botirjon Ergashevdan xafa bo‘lmasligimiz kerak. Biz agarda ularning qarashiga nisbatan reaksiya bo‘lmaganida xafa bo‘lishimiz kerak edi. Shunday reaksiya bo‘ldimi, demak biz to‘g‘ri yo‘lda ketayotganimizni ko‘rishimiz mumkin.
– Aynan shu videoda bir fikr ko‘plab eshituvchilar qatorida sizlarni ham hayron qoldirgandir, ya’ni ishsiz odam soliq to‘lamaydi deyilgandi. Otabek aka, shu o‘rinda iqtisodchi sifatida tushuntirish berolasizmi, o‘zi soliqlar qanday shakllanadi, nega ishsiz odamlar ham soliq to‘lovchilar hisoblanadi?
Otabek Bakirov: “Ishsiz odam soliq to‘lamaydi” – degan shtamp nafaqat ijod ahlida, balki juda ko‘pchilik, hatto hukumat vakillarida ham shakllanib qolgan. Bu birinchi marta takrorlanishi emas, soliqlarning mohiyati, ularning manbayi, shakllanishida to‘liq tasavvur mavjud emasligi hamda Sovet inersiyasidan deb bilaman. Sovet ittifoqida odamlar, xususan, ishsizlarga nisbatan yoki bo‘ydoqlarga nisbatan xuddi shunday munosabat qilingan. Hattoki, bir termin bo‘lib, yuridik amaliyotga ham kiritilgan. Xuddi shuning aks sadolari deb bilaman.
Endi ishsiz odam ham soliq to‘lashiga kelsak, soliqlarimiz tarkibini ko‘radigan bo‘lsak, soliqlar va boj to‘lovlaridan iborat. Soliqlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri va egri soliqlarga bo‘linadi. Bilamizmi, O‘zbekistonning budjeti shunday shakllanganki, juda ko‘p soliqlar korporativ soliqlar emas, iste’molchilar to‘laydigan soliqlar hisoblanadi. Bu QQS, aksiz solig‘i, iste’mol: yoqilg‘i, gaz bilan bog‘liq soliqlar va yana tabiiy ravishda bojlar. Bularning hammasida oxirgi to‘lovchi iste’molchi sanaladi.
Siz ishsizmisiz-ishsizmasmisiz, iste’mol jarayonidan chetga chiqib qolmaysiz. Tinimsiz iste’mol qilasiz. Uyda o‘tirgan bo‘lsangiz chiroq, oziq-ovqat iste’mol qilasiz, shu iste’molingiz doirasida QQS, turli ko‘rinishda aksiz solig‘i va yig‘imlar bor. Shularning hammasida doimiy ravishda iste’molchiga aylangansiz. Buni statistika aldamaydi, bizning jami soliqlarimizning 60-70 foiz atrofidagisini iste’molchilar to‘laydi. Budjetimiz shunday shakllanadi.
Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi Shohruz Abdurayimov.
Mavzuga oid
13:54 / 19.12.2024
Poytaxt IIBB Otabek Bakirov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
18:15 / 10.12.2024
«Inson huquqlari qudratli davlatning asosiy belgisidir» - tarixiy deklaratsiyaga 76 yil to‘ldi
19:22 / 05.12.2024