Sport | 14:17 / 06.09.2024
7080
20 daqiqa o‘qiladi

Transfer oynasi sarhisobi: Top-15 klublarning yozgi kampaniyasi reytingi

Yevropada yozgi transferlar oynasi yakunlanib, jamoalar qishgacha bo‘lgan muddat uchun tarkiblarini aniqlashtirib olishdi. Asosiy katta transferlar amalga oshadigan mavsumoldi transfer kampaniyasi, ayniqsa, top klublarda katta o‘zgarishlar yuzaga keltirdi. Goal Yevropaning eng katta 15 klubining yoz davomidagi transfer harakatlarini bir reytingda jamladi.

15. «Chelsi»

«Chelsi»da nima bo‘layotganini tushuntirib bera oladigan odam bormi o‘zi?! Qiziq savol: klubdagi kelish-ketishlarni o‘tkazib yubormay kuzatib borish qiyinroqmi yoki ulardan mantiqni topishmi? Ko‘rinib turibdiki, asosiy reja — akademiya futbolchilarini sof daromad evaziga sotish. Buning evaziga esa imkon qadar umidli, yosh iqtidor egalarini jamoaga olib kelib, ularning rivojlanishi barobarida klubning titullar yutishidan umid qilinmoqda. Biroq Konor Gallaherning klubdan majburan ketkazilishi klub transfer siyosatidan mamnun muxlislarni ham hayratda qoldirdi. Boz ustiga, klubga 9-raqam pozitsiyasiga natural hujumchi kerak bo‘layotgan bir paytda transfer oynasining so‘nggi kunida Jyeydon Sancho kabi vinger bilan shartnoma imzolanishi yanada tushunarsiz yurish bo‘ldi. Rostdan ham, nega «Chelsi» Viktor Osimhen uchun harakatlarni bu qadar kechiktirdi?

Ta’kidlash kerakki, «ko‘klar» yuqori maosh oluvchilardan bo‘lgan Romelu Lukaku va Rahim Sterling kabi futbolchilardan qutilish ishini qoyillatdi. Biroq yozda jamoaga olib kelingan 10 nafar futbolchilardan faqat Pedru Netu londonliklar o‘yinida keskin o‘zgarish yasashi mumkin. Lekin u ham jarohatlarga moyilligini hisobga olsak, bu transfer va uning qiymati haqida o‘ylanib qolasan kishi. Joau Feliksning jamoaga qaytarilishi esa mantiq chegaralaridan yiroqdagi harakat.

14. «Barselona»

Bu galgi transferlar oynasi yakuni ham kataloniyaliklar uchun o‘ta asabiy kechdi. Jamoa yangi xaridi Dani Olmoni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun pala-partish ravishda futbolchilarini sotish va faxriylardan qutilish ishlari bilan shug‘ullandi. Shunda ham Yevro to‘purarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun «ko‘k-anorranglilar»ga Andreas Kristensenning uzoq muddatli jarohati va bu boradagi La Liga reglamenti yordamga keldi. Garchi Olmoning debyut uchrashuvlari omadli kechib, u allaqachon tablolardan o‘rin ola boshlagan esa-da, uning tarkibga kiritilishi uchun tekinga qurbon qilingan Ilkay Gundo‘g‘anning kurashuvchanlik va g‘oliblik mentaliteti «Barsa»ga oldindagi mavsumda anchayin asqatishi aniq edi.

Joau Kanselu ijarasi to‘laqonli transferga aylantira olinmagani «Barselona»ning yakuniga yetgan transfer kampaniyasidagi muvaffaqiyatsizliklaridan biridir. Buning natijasida klub ikkala qanot himoyasida o‘ynay oladigan yuqori darajali futbolchini boy berdi va avgust so‘ngigacha ularni kutgan portugaliyalik futbolchi yakunda «Al Hilol»ga yo‘l oldi.

Flik jamoasiga chap qanot vingeri kerakligi bot-bot ta’kidlandi, ammo klub Niko Uilyams transferini ham amalga oshira olmadi. Endi nemis mutaxassisining bor umidi qo‘l ostidagi futbolchilar, xususan, jarohatdagi Ansu Fatidan. Hujum markazini ham raqobatbardosh deb bo‘lmaydi. Ha, Levandovski hozirda La Liga to‘purari bo‘lib turibdi. Ammo 36 yoshli futbolchi jarohat olgan taqdirda, yozda 2,7 million yevroga xarid qilingan Pau Viktor «Barsa»ni chempionlik uchun kurashda oldinga yetaklay olishi dargumon.

13. «Liverpul»

Mersisayd grandi transfer oynasidagi xaridlarini ancha kech amalga oshirdi. Yangi sport direktori Richard Hyuz so‘nggi kunlarda butunlay nolga teng bo‘lgan transfer kampaniyasini biroz ijobiy tomonga o‘zgartira oldi. Avgustning so‘nggi kunlarida liverpulliklar «Yuventus»dan ketishi hal qilib bo‘lingan Federiko Kiyezani jamoaga olib keldi. «Valensiya» va Gurjiston milliy jamoasi posboni Giorgi Mamardashvili bilan ham rasmiy kelishuv imzolanib, futbolchi kelgusi yozda «Enfild»ga ko‘chib o‘tadigan bo‘ldi. Har ikkala xarid ham ancha arzon narxga kelishilgan bo‘lsa-da, hech birini favqulodda muhim transfer bo‘ldi, deb bo‘lmaydi.

Slot jamoasida tayanch zonasi anchagina muammoli nuqta bo‘lib qolayotgandi va Martin Subimendining «qizillar»ni rad etishi ular uchun katta muvaffaqiyatsizlik bo‘ldi. Hyuz Fabiu Karvalyu va Zepp van den Berg sotuvlaridan yaxshi pul ishlab olgani maqtovga loyiq. Biroq Arne Slot oldindagi olis mavsumda 6-raqam pozitsiyasi va chapaqay markaziy himoyachiga ehtiyoj sezishi mumkin.

12. «Milan»

«Rossonerilar» A Seriyada 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, Stefano Pioli hamshaharlarga bu qadar katta farq bilan imkoniyatni boy bergani klub rahbariyati va muxlislari tomonidan kechirilmadi. Shuningdek, «San Siro» egalari Chempionlar Ligasida guruhdan chiqa olmagani yetmagandek, Yevropa Ligasida «Roma»ga qarshi prinsipial bahsda imkoniyatni boy berdi. Yangi murabbiy Paulu Fonseka esa yangi klubidagi ishini Yevropa chempioni Alvaro Moratani jamoasiga olib kelish bilan boshladi. Ispaniyalik hujumchi hech qachon barqaror to‘purar bo‘lmagan va bu Fonsekani «Roma»dan Temmi Abrahamni ham transfer qilishga undadi. Angliyalik hujumchi Aleksis Salemakersga almashtirildi, biroq «Roma»da o‘tgan mavsum jiddiy jarohat sabab mavsumning katta qismini o‘tkazib yuborgan futbolchining yangi klubida qanday o‘yin ko‘rsatishi noma’lum.

Himoyaga Strahinya Pavlovich olib kelingan bo‘lsa, Yusuf Fofana markazni mustahkamlash maqsadida transfer qilindi. Ammo Emerson Royalning Milanga kelishi bular orasida eng tushunarsiz qaror bo‘ldi. Jamoaning transfer oynasidagi eng katta yutug‘i Rafael Leauning klubda olib qolganidir.

11. «Borussiya» Dortmund

Yakuniga yetgan mavsum jamoani kutilmagan tarzda UYeFA Chempionlar Ligasi finaliga olib chiqqan Edin Terzich hayratlanarli tarzda klubni tark etishi ortidan dortmundliklar afsonalaridan biri Nuri Shahin «Signal Iduna Park»da boshqaruvni o‘z qo‘liga oldi. Jamoa sardori Marko Roys, yetakchilar Mats Hummels va Nikolas Fullkrug, ijaradagi Jyeydon Sancho hamda Ian Maatsenning ketishi tarkibni butkul o‘zgartirib yubordi.

Ammo Hummels o‘rni Germaniya milliy jamoasi bilan Yevroda ishtirok etgan Valdemar Anton va Fullkrug pozitsiyasi iqtidorli hujumchi Seru Girassi bilan to‘ldirildi. Shuningdek, Maksimilian Bayyerning transferi hujumdagi xilma-xillikni oshirishi kutilmoqda. Shunday ekan, Dortmund klubi Sancho va Maatsenni olib qolishga qurbi yetmagan bo‘lsa ham, ketgan futbolchilar o‘rnini munosib nomzodlar bilan to‘ldirishga muvaffaq bo‘lgani tahsinga sazovor.

10. «Inter»

Uzoq yillardan beri «Inter» o‘zi yetishtirib chiqargan yulduzlarni jamoada saqlab qolishda qiyinchiliklarga uchrab kelardi va bu galgi missiya ham jamoa yulduzlari Lautaro Martines, Alessandro Bastoni hamda Nikolo Barella kabilarni klubda olib qolishdan iborat edi. Aynan ular «nerazurrilar»ning o‘tgan mavsumda Skudetto uchun kurashda dominant bo‘lishida asosiy omilga aylandi. Ularni Milanda olib qola bilganining o‘ziyoq Simone Indzagini xursand qilgani aniq.

Shu bilan birga, transfer bozorining eng usta o‘yinchilaridan biri, klub sport direktori Beppe Marotta o‘z vaqtidagi yurishlar evaziga hech qanday pul sarflamay Pyotr Zelinski va Mahdiy Torimiy kabi futbolchilarni «Juzeppe Meatssa»ga olib kelishga erishdi. Cheklangan resurslar bilan transfer bozorida qanday ishlash bo‘yicha amaldagi Italiya chempionlaridan master-klass.

9. «Napoli»

Transfer oynasi avvalidagi klub harakatidan yangi bosh murabbiy Antonio Kontening shashti tushib ketgan bo‘lishi mumkin, biroq vaqt o‘tishi bilan neapolliklar bir qator katta transferlar bilan tarkibini kuchaytirib olishga erishdi. «Torino» himoyachisi Alessandro Bonjornoning transferi ancha aqlli transferlardan biri bo‘ldi. «Benfika»dan olib kelingan David Neres, «Manchester Yunayted»dan kelgan Skott Maktominey, «Brayton»dan transfer qilingan Billi Gilmur va Antonio Kontening sevimli futbolchilaridan biri bo‘lgan Romelu Lukakuning «Diego Armando Maradona» stadioniga kelishi klubni chempionlik uchun kurashga qaytarishi mumkin.

Konte o‘ziga va ixtiyoridagi tarkibga shu qadar ishonmoqdaki, yoz davomida bir necha marotaba transfer xabarlari markazida bo‘lgan Viktor Osimhenni qaydnomadan chetda qoldirdi va nigeriyalik futbolchi Yevropada transfer oynasi yopilib bo‘lgan bir vaqtda klubsiz qoldi va yakunda top-5 ligadan tashqarigi — Turkiyaga yo‘l oldi.

8. «PSJ»

Kilian Mbappe ketishi ortidan «Park de Prens»da «yulduzlar yog‘dusi festivali» yakunlangan ko‘rinadi. Ha, parijliklar bu gal ham transferlar oynasini katta xarajat bilan yakunladi, biroq bu yozda Fransiya poytaxtiga olib kelingan nomlar yulduzli emas, umidli, iqtidorli va yosh. «Benfika»dan 70 million yevro evaziga xarid qilingan Joau Nevish allaqachon Liga 1da o‘z iqtidorini namoyish etishni boshlab yubordi. Unga ishlatilgan pullar Parijda o‘rnini topa olmagan Manuel Ugartening «Manchester Yunayted»ga sotuvidan qisman yopildi.

Villian Pachoning transferi himoya markazida Markinosga yaxshi sherik topish yo‘lidagi harakatlarning navbatdagisi bo‘ldi. Dezire Due ham yozda Parijga kelgan yangi iqtidorlardan biri. Mbappe o‘zi bilan har yillik kafolatlangan gollarini olib ketgan bo‘lsa ham, «PSJ»ning yangi loyihasi ham yuqori potensialga egaligi ko‘rinib turibdi.

7. «Atletiko»

Hulian Alvaresning kutilmagan transferiga 95 million yevro sarflagan «matraschilar» yozgi bozorning eng serxarj ishtirokchilaridan biriga aylandi. Argentinalik hujumchi La Ligada o‘zini ko‘rsatib ulgurganicha yo‘q, lekin yozda birga kelgan sherigi Aleksandr Syorlot bilan tandemda u kelgusida La Liga to‘purarligi uchun kurashishi mumkin. Ikkovlonga vaziyatlarni yaratib berishni esa Grizmann bajonidil o‘z bo‘yniga oladi.

«Chelsi» muxlislarining sevimlisi — Konor Gallaherning transferi ham Diyego Simeone yarimhimoyasini yana bir jangchi bilan to‘ldirdi. Robin Le Normanning xarid qilinishi jamoa himoyasidagi yetishmovchiliklarni qisman yopdi, biroq muammo to‘laligicha bartaraf etilmadi. Joau Feliksning 45 million funt evaziga «Chelsi»ga sotilishi esa klub prezidenti Enrike Serezoni ancha mamnun qilgan bo‘lsa, ajabmas.

6. «Manchester Yunayted»

Klub boshqaruviga yangi qo‘shilgan INEOS kompaniyasi dastlabki yozning o‘zidayoq ayamay pul ishlatdi va bunda jamoaning o‘tgan mavsumni butkul omadsiz tarzda — 8-o‘rinda yakunlashi ham asosiy sabab bo‘lib xizmat qilgan bo‘lsa kerak. Texnikasi yuqori hisoblanuvchi Joshua Zirkze klub xohlayotgan darajani taqdim qila olishini isbotlashiga to‘g‘ri keladi. «Bavariya»dan olib kelingan Nussayr Mazraviy va Matteys De Ligt himoyadagi xilma-xillik va sifatni oshirishi turgan gap. Manuel Ugartening to‘plarni yutish qobiliyati jamoaning markazdagi muammolariga yechim vazifasini o‘tashi kerak. Leni Yoro ham jarohatdan qaytgach, nima sababdan unga «Real» qiziqqanini ko‘rsatib berishi kerak.

Sotuvlar masalasida ham yangi sport direktori Den Eshvort amalga oshirgan kampaniya juda muvaffaqiyatli bo‘ldi. «Qizil iblislar» safini Aron Van-Bissaka, Meyson Grinvud, Skott Maktominey va Jyeydon Sancho yaxshigina transfer summalari evaziga tark etishdi.

Transferlardagi muvaffaqiyatga qarab «Manchester Yunayted»ning mavsumdagi porloq istiqbolini bashorat qilishga shoshilmang. So‘nggi yillarda mankunianlar xaridlarga pul sarflashda ham, iqtidorlarni so‘ndirishda ham «ustasi-farang» bo‘lib ketdi. INEOS, darhaqiqat, klubdagi dastlabki yozgi transferlar oynasini muvaffaqiyatli o‘tkazganidan quvonsa arziydi. Biroq Erik ten Hagga g‘olib jamoa qurishi uchun yana qancha pul va vaqt kerak bo‘lar ekan?

5. «Arsenal»

«To‘pchilar» ajoyib transfer oynasi o‘tkaza oldi va bundan o‘zlari ham, muxlislar ham mamnun bo‘lsa kerak. Ikkitagina transferda ular bir qator muammolarni bartaraf etishdi, chunki olib kelingan futbolchilar g‘oyat ko‘p funksiyali.

Himoyaga Rikardo Kalafiori olib kelindi va uning himoya markazidagi kompleks mahorati Artetaga juda qo‘l keladi. Mikel Merinoning maydon markazida bajaradigan ishlari ko‘lamini ta’riflashga esa butun boshli maqola ham yetmasligi mumkin. Ushbu transferlarning yana bir ijobiy tarafi ularning xarajatlarini klubning ikkinchi eshelon futbolchilari – Emil Smit-Rou, Eddi Nketia va Aaron Remsdeylni sotish orqali qoplay olinganida bo‘ldi. Natijada, Mikel Arteta yangi mavsum uchun yanada xilma-xil tarkibga ega bo‘ldi. Hujumga ko‘mak uchun Rahim Sterling ijaraga olingan bo‘lsa-da, sport direktori Edu bu safar ham sof markaziy hujumchi bilan shartnoma imzolashni uddalay olmadi.

4. «Bavariya»

Myunxenliklar allaqachon Bundesligani boshlab ulgurgan bo‘lishsa-da, yangi murabbiy Vensan Kompani murabbiyligi ostidagi jamoa mavsumni qanday o‘tkazishi hamon noma’lum. Tomas Tuxelni almashtirishi kutilgan nomzodlar orasida ancha orqa qatorlardan chiqib kelgan belgiyalik mutaxassisning grand jamoa boshqaruvida nimalar qila olishi hammani qiziqtirmoqda. Lekin bir narsa aniqki, «Bavariya» yozda yaxshi kurash olib bordi.

«Shtutgart»da zo‘r mavsum o‘tkazgan Hiroki Ito, ikkinchi urinishda amalga oshirilgan Joau Palinya transferi va yozgi xaridlarning eng yorqini — Maykl Olise o‘tgan mavsum Germaniya birinchiligida bronza medallarini qo‘lga kiritgan jamoaning transfer operatsiyalaridir. Bu xarajatlar Manchesterga Mazraviy va De Ligtni jo‘natish evaziga yopildi.

3. «Real»

Florentino Peres, nihoyat, uzoq yillik maqsadiga erishdi. Futbol tarixidagi eng katta transfer mashmashasi o‘z yechimini topib, «Real»ga ko‘chib o‘tdi. U bilan birga jamoa ixtiyoriga kelib qo‘shilgan Endrik bilan «qirollik klubi» nomlar jihatidan dunyoning eng kuchli hujum chizig‘iga ega bo‘ldi, desak bo‘ladi. Anchelotti uchun yoqimli «bosh og‘rig‘i» deyilayotgan old chiziq tanlovi rosmana yoqimli bo‘lib qolishi qiyinga o‘xshamoqda, sababi, bu kabi katta yulduzlar armiyasini xursand holda jamoada ushlab turish ancha qiyin kechadi. Biroq italiyalik mutaxassis taktik bilimidan ham ko‘ra, futbolchilarni yaxshi boshqara olishi bilan nom chiqargan va uning bu boradagi mahoratiga shubha yo‘q.

Yozda va mana kuzga o‘tdi hamki, klub muxlislari va mutaxassislarni birgina savol o‘ylantirmoqda: Krossning o‘rnini qanday yopish mumkin. Bu savolga o‘zi ham javob topa olmagan «Real» rahbariyati bozorda behuda sarf-xarajat qilishdan o‘zini tiydi. Xilma-xillikni saqlash uchun esa Dani Seballos jamoada olib qolindi.

2. «Yuventus»

Jamoaga o‘tgan mavsumda sport direktori etib tayinlangan Kristiano Juntoli qayta qurish rejasini ishlab chiqdi va birinchi qadam sifatida Massimiliano Allegri bilan xayrlashdi. Yangi loyihaga esa anchayin istiqbolli murabbiy — Tiago Motta olib kelindi. Yangi murabbiy transfer bozorida qo‘llab-quvvatlandi va Kefren Tyuram, Duglas Luis, Tyun Kopmeyners kabi futbolchilar jamoaga olib kelindi. Bu uch yarimhimoyachi klubda so‘nggi yillarda harakat qilgan markaz futbolchilari orasida ancha yaxshi sifatga egaligi bilan ajralib turishi aytilmoqda. Adriyen Rabioning kutilmagan tarzda, erkin agent sifatida klubni tark etishi transfer oynasidagi muvaffaqiyatsizliklardan biri bo‘lsa-da, yangi kelganlar fransuz futbolchisining o‘rnini bildirmaslik salohiyatiga ega.

Shartnomani uzaytirishni rad etgan Federiko Kiyezaning «Liverpul»ga pullanishi ortida yuzaga keladigan hujumdagi bo‘shliqlarni yopish uchun Fransishku Konseysau va Niko Gonsales bilan shartnoma imzolandi. Darvoza chizig‘ida Mikele Di Grigorio Shesni o‘rniga olib kelindi. Juntolining tahsinga sazovor ishlaridan yana biri, vanihoyat, Moyze Kindan qutilgani bo‘ldi. Duglas Luis transfer kelishuviga esa asosiy tarkibda o‘rnini topolmagan Samuel-Ayling Junior va Enso Barrenechea qo‘shib yuborildi. Barcha o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, «keksa siniora» Motta qo‘l ostida yangidan tug‘ilishini taxmin qilish mumkin.

1. «Manchester Siti»

Katta iqtidorga ega Hulian Alvaresni jamoada saqlab qolish Pep Gvardiolaga yoqqan bo‘lardi, biroq argentinalik hujumchi ketishga shaxsan qaror qildi. Ushbu transferning ijobiy tomoni «shaharliklar» asosiy tarkibda muqim o‘rni bo‘lmagan futbolchi uchun yaxshigina pul olishganida bo‘ldi.

Manchesterliklar o‘zaro hamkorlikdagi «Trua»dan Savioni 21 million funtga xarid qilishdi. O‘tgan mavsum «Jirona» bilan La Ligada shov-shuv ko‘targan braziliyalik iqtidor allaqachon bir qator o‘yinlari bilan qanot hujumida ajoyib variant ekanini isbotlab ulgurdi. Yoz davomidagi eng katta yutuqlardan biri trebl yutilgan mavsumda jamoaga sardorlik qilgan Ilkay Gundo‘g‘anning bir funt ham to‘lamay klubga qaytarilgani bo‘ldi.

Shuningdek, Saudiya klublari tomonidan katta qiziqish bildirilgan Kevin De Bryuyne va Ederson Manchesterda olib qolindi. Gvardiolaga keraksizligi 1,5 mavsumdan beri ma’lum bo‘lgan Joau Kanselu esa qariyb Savinioga sarflangan pul evaziga «Al Hilol»ga sotildi.

«Goal» reytingi asosida Abdulbasit Valixonov tayyorladi

Mavzuga oid