Jamiyat | 18:26 / 16.09.2024
45481
7 daqiqa o‘qiladi

IIBning sharmandali “rezultat”i hamda “yasalgan” jinoyat: xasta va himoyasiz ayol qamoqqa tashlandi

Qibray tumanida 35 yoshli ayol IIB “yasagan” jinoyatning qurboni bo‘ldi. Ish “judayam sayoz va protsessual normalarga mutlaqo zid olib borilgani”, uni ko‘rgan sudya esa “osmonga qarab” hukm chiqargani oqibatida boquvchisiz bir oila parokanda qilindi. Bu noto‘g‘ri ishlar ortidan umri yetimlik va sarsonlikda o‘tgan ayolning qismati farzandlarida ham takrorlanmoqda: otasiz bolalar onasiz ham qolishdi.

Men bolamni sotmadim”

2024 yilning 29 mart kuni Qibray tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan Zulxumor o‘zining yashash xonadonida “2014 yilda tug‘ilgan qiz farzandini 2 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, shundan 500 AQSh dollarini olgan vaqtida” ushlangan. Ayolning 2011 yilda tug‘ilgan nogiron o‘g‘li ham bo‘lgan.

Zulxumor sud majlisida farzandini sotish niyati bo‘lmaganligini, uni boqish uchun o‘ziga to‘q oilaga berish niyati bo‘lganligini aytgan.

O‘g‘lim nogiron, oilada yolg‘iz boquvchiman. Farzandlarimni internet tarmog‘ida va Toshkent shahridagi Chorsu bozorida kiyim-kechak sotish orqali boqib kelganman. O‘zim qandli diabet kasalligiga chalinganman. Shuningdek, buyragimning ham bir qismi ishlamaydi. Shu sababli, og‘ir mehnat bilan shug‘ullana olmayman.

Farzandlarimni boqishga qiynalganim tufayli qizimni farzandga muhtoj, o‘ziga to‘q oilaga berishni rejalashtirgandim. Uni sotish maqsadim bo‘lmagan”, degan u.

Sud hujjatida keltirilishicha, “xaridorlar” bir necha bor pul taklif qilib, uni bolasini sotishga dalolat qilgan. Hatto tadbir uyushtirilgan o‘sha kuni ham ayol bolasini sotmasligini aytgan. Ammo oxir-oqibat baribir “rezultat” uchun jinoyat ishi “yasalgan”.

Tergovning nohaqligidan kuygan Zulxumor sudning adolatsizligini ham ko‘rishga majbur bo‘ladi: jinoyat ishlari bo‘yicha Qibray tuman sudining 2024 yil 26 iyundagi hukmi bilan u Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Ayolga nisbatan 8 yil (!) ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Yetimlik va sarsardonlikda o‘tgan umr

Zudxumorning singlisi shunday hikoya qiladi:

“Men 1 yosh, opam 3 yosh paytimizda otam vafot etgan. Qiyinchilikda katta bo‘ldik. Hech kim hatto amakilarim ham bizga qarashishmagan. Onam sut-qatiq sotib bizni boqardi, sumkalari og‘irligidan biri qo‘yib, birini ko‘tarib bozorga borardi.

Opamni 19 yoshida turmushga uzatishdi. Quda tomonning yoshi katta bemor yaqini to‘y ko‘rib qolsin deb shoshilinchda o‘tkazishdi. Keyin bilsak pochchamda xastalik bor ekan. 8 oy yashagan opam homilador holida uyga qaytib keldi. Oradan bir necha oy o‘tib o‘g‘il ko‘rdi – unga Diyorbek deb ism qo‘ydik. Bola aqli zaiflik bilan tug‘ilgan edi.

Qarindoshlar, amakilarim hatto onam ham bolani mehribonlik uyiga berib yuborish kerakligini aytishdi. Ular bolaning aqli zaifligi otasidan o‘tgan deyishardi. Lekin opamning ko‘zi qiymadi farzandini berishga, o‘zi katta qildi.

Vaqt o‘tib bola sal kattaroq bo‘lganda onam “mendan keyin yolg‘iz qolma” deb yana turmushga berdi. Afsus, bu turmushi ham o‘xshamadi. 2-turmushidan bir qiz tug‘ilgandi. Lekin otasi bolaga hatto familiyasini ham bermadi”.

2-turmushi ham o‘xshamagan Zulxumor ikki farzandini xuddi onasi kabi sut qatiq sotib o‘zi boqishga harakat qiladi. Ammo qandli diabetning og‘ir turi bilan xastalangan onasining ham vafotidan keyin qarindoshlari bu o‘limda uni ayblashadi. Bu ayblov uning ikki marta o‘xshamagan turmushi, nogiron farzand bilan yashayotgani tufayli edi.

Onasining vafotidan keyin u yerda yashashi qiyin bo‘lgan Zulxumor uyni arzon garov – 30 mlnga sotadi. O‘rniga uy olishni reja qiladi, ammo o‘zidagi qandli diabet, nogiron farzandining parvarishi, uyning ijara to‘lovi sabab pullar ishlatilib ketadi. Pullari tugagandan keyin oilaning yashash tarzi yanada og‘irlashadi.

Bir kuni singilga IIBdan telefon bo‘ladi. Ular opasi Zulxumor 10 yoshli qizini 2000 AQSh dollariga sotayotgan paytda qo‘lga olinganini aytishadi.

Hozirda Zulxumor qamoqda. Biri nogiron, biri 10 yashar bolalari esa mehribonlik uyida. Singlisi esa 13 yoshli nogiron farzandini nogironlar uyiga topshirishni istamagan opasi bunday ishni qilishiga ishonmaydi.

Bu uyushtirilgan hodisa”

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov buni “yasama” jinoyat deb atadi:

“Jamiyatimiz huquqshunoslari Zulxumor Abdurahimovaga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqishdi. Ish judayam sayoz, protsessual normalarga mutlaqo zid olib borilgan. Huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasida go‘yoki o‘zlarini ishlayotganday qilib ko‘rsatish avj oldi. Holbuki ular shunday yasama jinoyatlar bilan shug‘ullangani sababli katta-katta jinoyatchilarga navbat ham kelayotgani yo‘q.

Buning yasamaligi shundan iboratki, birinchidan huquqni muhofaza qilish idoralari mulyaj pullardan foydalanishgan. Ikkinchidan ayolning yashash sharoiti inobatga olinmagan, uchinchidan esa bu hodisaning uyushtirilganligi. Eng muhimi shu”.

Tashanov bu ishda yollanma odamlardan foydalanish ehtimoli borligini ta’kidladi.

“Jinoyat ishi noto‘g‘ri malakalangan, hattoki guruh-guruh qizlarni xorijga jo‘natayotganlargayam bunaqa jazo berilmagan. 8 yil jazo muddati berilyapti – bir bolasi nogiron, o‘zi kasal. IIB idoralarining go‘yoki “ochgan” jinoyatlaridan keyingi holatni tasavvur qiling. Otasiz bolalar onasiz ham qolishyapti, bu juda ayanchli manzarani keltirib chiqaryapti.

O‘ylaymizki, tegishli idoralar bu ishni sal insof qilib ish bo‘yicha adolatli to‘xtamga kelishadi” dedi jamiyat raisi.

Albatta, har qanday jinoyat jazosiz qolmasligi kerak. Ammo Zulxumor singari himoyaga muhtoj insonlarning “yasama jinoyatchi”ga aylantirilish holatlari ham uchrab turibdiki, bularga e’tibor qaratishni tegishli tashkilotlar zimmasida qoldiramiz.

Gulmira Toshniyozova,
jurnalist
Operator: Abduqodir To‘lqinov

Mavzuga oid