Jahon | 21:39 / 17.09.2024
11369
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Antarktida ustidagi ozon teshigining qisqarganini e’lon qildi

Keyingi 40 yil ichida ozon qatlami to‘liq tiklanadi, deb ishonishga asos bor.

Foto: EPA

Copernicus atmosfera monitoringi xizmati olimlari Yerning ozon qatlami tiklanayotganini qayd qildi. Oxirgi kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, Janubiy qutb ustidagi ozon teshigi avvalgi yillarga qaraganda kichikroq va keyinroq shakllangan.

13 sentabr holatiga ko‘ra, teshik maydoni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,48 million km.kv.ga kam bo‘lgan. Olimlarning ogohlantirishicha, bu o‘zgarish asosan global ob-havo sharoitlariga bog‘liq. Ammo keyingi 40 yil ichida ozon qatlami to‘liq tiklanadi, deb ishonishga asos bor.

Ozon qatlami sayyoradagi hayot uchun muhim ahamiyatga ega, chunki u quyoshdan zararli ultrabinafsha nurlanishni o‘zlashtiradi. 1985 yilda Britaniya Antarktika tadqiqoti Antarktida hududida ulkan teshik ochilganini aniqladi. U har yili bahor yaqinlashganda ochiladi va UB nurlarining Yer sirtiga yetib borishiga imkon beradi.

Kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, 2024 yilda teshikning shakllanishi odatdagidan ancha sekinroq bo‘lgan. U faqat sentabrda paydo bo‘lgan, ilgari avgust oyining o‘rtalarida paydo bo‘lar edi. Prognozlarga ko‘ra, dekabr oyining boshida teshik butunlay yopiladi.

Olimlarning ta’kidlashicha, ozon teshigining paydo bo‘lishiga vulqon otilishidan tortib, iqlim o‘zgarishigacha ko‘plab omillar ta’sir ko‘rsatadi. Biroq, asosiysi, xlorftorkarbonlardan - ozonni buzuvchi moddalardan foydalanish. Yigirmanchi asrda ular aerozol qutilari va muzlatkichlar ishlab chiqarish uchun faol ishlatilgan, bu esa ozon qatlamining yemirilishiga olib keldi. 1987 yilgi Monreal protokoli bunday moddalardan foydalanishni taqiqlagan, ammo ularning ta’siri oqibatlari uzoq yillar davomida seziladi.

Mavzuga oid