Jahon | 21:09 / 19.09.2024
2556
2 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi kimyo zavodida yuz bergan yong‘inni to‘rt kundan beri o‘chirib bo‘lmayapti

AQShning Texas shtatida joylashgan kimyo zavodidagi gaz quvurida 16 sentabr kuni boshlangan yong‘in hamon o‘chirilmadi.

Foto: AP

AQShning Texas shtatida joylashgan kimyo zavodidagi gaz quvurida 16 sentabr kuni boshlangan yong‘in hamon o‘chirilmadi.

The Guardian’ning mahalliy hukumatga tayanib yozishicha, 16 sentabr tongida La-Port shahridagi zavodda yong‘in yuz bergan, minglab uylar elektr ta’minotisiz qolgan, hodisa yuz bergan hudud yaqinida yashovchi aholi evakuatsiya qilingan.

Telegram’dagi «Geoenergetika INFO» kanali ma’lumotlariga ko‘ra, kimyo zavodida yuz bergan portlashdan keyin boshlangan yong‘inni to‘rt kundan beri o‘chirishning imkoni bo‘lmayapti.

«Aftidan, gaz uzatishni to‘xtatishning imkoni bo‘lmagan. Energy Transfer gaz quvuri operatori brigadasi va mahalliy kommunal xizmatlar hududni izolyatsiya qilish bilan band», — deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, portlash yo‘ltanlamas avtomobili gaz taqsimlovchi punkt bilan to‘qnashib ketganidan so‘ng yuzaga kelgan va yong‘in boshlangan. Haydovchi halok bo‘lgani, mashinaning oldiga hech kim yaqinlasha olmayotgani aytilmoqda. Hududdagi mingdan ortiq uyda istiqomat qiluvchi fuqarolar evakuatsiya qilingan.

«Ko‘plab neftni qayta ishlash zavodlari, shuningdek, minglab kilometr uzunlikdagi quvurlar joylashgan Xyustonda portlashlar va yong‘inlar tez-tez sodir bo‘lib turadi. Ularning aksariyatida o‘lim holatlari ham kuzatiladi», — deya ta’kidlanadi xabarda.

Mavzuga oid