Gurjiston TV-kanallari hukmron partiya roligini ko‘rsatishdan bosh tortdi
Gurjistonning uchta telekanali hukmron rossiyaparast «Gurjiston orzusi» partiyasining saylovoldi videosini namoyish etishdan bosh tortgani uchun jarimaga tortildi. Unda Ukrainaning vayron qilingan shaharlari «tinchlikni tanlash» chaqiriqlari fonida ko‘rsatilgan.
Gurjistonning uchta telekanali – «Formula», «Mtavari arxi» va «TV Pirveli» hukmron rossiyaparast «Gurjiston orzusi» partiyasining saylovoldi videosini translatsiya qilishdan bosh tortgani uchun har biri 5 ming lari (taxminan 1,7 ming yevro) miqdorida jarimaga tortildi. Bunday qaror 11 sentabr, juma kuni Tbilisi shahar sudi tomonidan qabul qilindi. Avvalroq Gurjiston milliy aloqa komissiyasi telekanallarni «saylov kodeksini buzgan» deb tan olgan edi.
«Gurjiston orzusi» videosida Gurjistondagi yangi va ta’mirlangan binolar yonida Ukrainadagi vayron bo‘lgan shaharlarning oq-qora tasvirlari ko‘rsatilgan. «Urushga yo‘q! Tinchlikni tanlang», deb yozilgan rasmlarda.
«Formula», «Mtavari arxi» va «TV Pirveli» videorolikni e’lon qilishdan bosh tortganini uni axloqiy emasligi, shuningdek, unda urush tashviqoti, milliy adovat va saylovchilarga da’vatlar borligi bilan asosladi. Uchta telekanal «Rossiyaning «Gurjiston orzusi» targ‘ibotiga va Ukraina xalqini masxara qilishga» bilvosita hissa qo‘shish niyatida emasligini ta’kidladi. Sud qarori, boshqa narsalar qatori, kanallarni videoni zudlik bilan efirga chiqarishga majbur qiladi — ammo ular baribir buni qilmasliklarini allaqachon bildirgan.
Sentyabr oyi oxirida Tbilisi ko‘chalarida xuddi shunday mazmundagi hukmron partiyaning bannerlari paydo bo‘ldi. Yevropa Ittifoqining Gurjistondagi elchisi bunday saylovoldi tashviqotini «g‘azabnok», «uyatli» va «jirkanch» deb atadi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi «Ukraina fojiasiga oid bema’ni mish-mishlar Gurjistonning hukmron partiyasi haqidagi haqiqatni fosh qildi», dedi.
Putin Gurjiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni kengaytirdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Gurjiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni kengaytirish haqidagi farmonni imzoladi. Mazkur farmon 10 oktyabr kuni huquqiy axborot rasmiy internet portalida e’lon qilindi va darhol kuchga kirdi.
Hujjatga ko‘ra, endilikda RFga kirish uchun vizasiz rejim Rossiya Federatsiyasiga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida yoki vaqtincha bo‘lish uchun 90 kundan ortiq muddatga kelgan Gurjiston fuqarolariga nisbatan qo‘llanadi. Ilgari ushbu toifadagi Gurjiston fuqarolari vizasiz Rossiyaga kirish yoki Rossiya Federatsiyasidan chiqib ketish huquqiga ega emas edi.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Gurjiston fuqarolari uchun vizasiz rejim kengaytirilishini ikki davlat munosabatlari dinamikasi bilan bog‘lamaslikka chaqirdi.
Mavzuga oid
13:47 / 21.12.2024
Yevrokengash bosh kotibi: Tbilisi tashqi ta’sirga oid qonunni o‘zgartirishga va’da berdi
20:54 / 20.12.2024
Yevrokomissiya Gurjiston diplomatlari va amaldorlarini vizasiz rejimdan mahrum qilish taklifini ilgari surdi
15:32 / 20.12.2024
Britaniya Gurjiston IIV rahbariyatiga qarshi sanksiyalar kiritdi
15:08 / 19.12.2024