Jahon | 19:49 / 15.10.2024
3983
2 daqiqa o‘qiladi

Qozon aholisiga BRIKS sammiti vaqtida shahar bo‘ylab eski avtomobillarda harakatlanish taqiqlandi

Qozonda BRIKS sammiti 22-24 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirok etish uchun 38 ta davlatga taklifnoma yuborilgan bo‘lib, ularning ishtirokini 32 tasi tasdiqlagan.

Qozondagi bir qator korxonalarning xodimlaridan BRIKS sammiti vaqtida o‘zlarining eski avtomobillarida harakatlanmaslik so‘raldi, deb xabar beradi The Moscow Times.

«Ish joyiga jamoat transportida kelish, mashinalarni garajda qoldirish yoki uzoqroqqa, hovlida joylashtirish tavsiya qilindi», — deydi nashr suhbatdoshi. Uning so‘zlariga ko‘ra, eski va zanglagan avtomobillar BRIKS vaqtida shaharning tashqi ko‘rinishini buzib ko‘rsatadi.

Qozonda BRIKS sammiti 22-24 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. RF prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, sammitda ishtirok etish uchun 38 ta davlatga taklifnoma yuborilgan bo‘lib, ularning 32 tasi tasdiqlagan — ularning 24 tasining birinchi rahbarlari qatnashadi. Xitoy raisi Si Jinpin, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Braziliya prezidenti Luis Inatsiu Lula da Silva ham sammitda ishtirok etishini bildirgan.

Bundan tashqari, tadbirda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, ShHT bosh kotibi Chjan Min, MDH, YeOII, Ittifoq davlatlari bosh kotiblari ham ishtirok etadi.

BRIKS sammiti ikki qismdan iborat bo‘ladi. Birinchi qism — tashkilotga a’zo davlatlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib, unda «Adolatli global rivojlanish va xavfsizlik uchun ko‘p tomonlama munosabatlarni mustahkamlash» mavzusi muhokama qilinadi. Ikkinchi qismda esa «BRIKS va Global Janub — birgalikda yaxshiroq dunyoni yaratish» mavzusi asosiy mavzuga aylanadi.

Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, BRIKS sammiti Rossiyada shu paytgacha o‘tkazilgan eng yirik tashqi siyosiy tadbirga aylanadi.

Mavzuga oid