Tundagi o‘q ovozi – Chortoqdagi qotillik tafsiloti
Chortoq tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan birida chorvador bo‘lib ishlaydigan erkak 2024 yilning 26 fevral kuni ishga ketganicha uyiga qaytmaydi. Ba’zida ulfatlari bilan maishat qilib turgani uchun oila a’zolari biror tanishinikida qolgandir, degan gumonda bo‘ladi. Biroq ertasiga ham uning daragi chiqmaydi. Uning qayerda ekanini esa faqat ikki kishi bilardi.
Uyiga qaytmagan chorvador
Yangi Namangan tumanidagi Sohil mahallasida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan Shavkat To‘raboyev (maqoladagi barcha ismlar o‘zgartirilgan) ro‘zg‘or tebratish uchun kunlik ishga chiqib, mardikorlik qilardi. 2024 yilning yanvar oyida u hududdagi fermer xo‘jaliklardan biriga chorvador bo‘lib ishga kiradi.
4 farzandning otasi bo‘lgan erkakning vazifasi xo‘jalikdagi mollarga qarash va sigirlarni sog‘ib olish edi. Buning uchun u erta tongdan xo‘jalikka ketardi.
26 fevral kuni ham u soat 4:00 larda molxonaga ishga ketadi. Soat 11:00 larda uyga qaytib kelib, uy yumushlari bilan band bo‘ladi va soat 16:00 larda yana fermer xo‘jalikka yo‘l oladi. Soat 19:00 larda esa uyiga o‘tin ko‘tarib keladi hamda molxonaga borishi kerakligini aytib, chiqib ketadi.
Turmush o‘rtog‘i o‘shanda bu uni so‘nggi bor ko‘rib turishi ekanini bilmasdi: Shavkat To‘raboyev shu ketganidan izsiz g‘oyib bo‘ladi. Ayoli avvaliga biror tanishinikida ichib qolgandir, degan o‘yda uni kutadi. Ammo ertasiga ham kelavermagach, IIBga xabar berib, erkakni izlashga tushishadi. Chorvadorni qidirish ishlari qariyb ikki oy davom etadi. Biroq ha deganda uning tirigi ham, o‘ligi ham topilavermaydi.
O‘g‘ilning otaga sovg‘asi
Shavkat To‘raboyev molxonaga borib kelishda fuqaro Jalil Odilovning dala hovlisi yonidan o‘tib-qaytardi.
62 yoshli Jalil Odilov Uychi tumanining Churtuk mahallasida yashagan. 2022 yilning bahor oylarida o‘g‘li unga Namangan tumani hududidan bog‘i bor dalahovli va Matiz mashinasi olib beradi. Bundan xursand bo‘lgan ota dalahovlida qo‘ra qurib, chorva va parranda boqa boshlaydi.
Jalil Odilov hamma sharoit bo‘lgani sababli dalahovlida yotib ham qolaverardi. Shu sababli o‘g‘li unga ov miltig‘i hamda elektroshoker ham olib beradi.
Dala hovli yonidan o‘tib qaytadigan Shavkat To‘raboyev Jalil Odilov bilan quyuq so‘rashadigan, gohida biroz o‘tirib, suhbatlashib ketadigan bo‘ladi. Ular shu tariqa tanish bo‘lib qolishadi.
Kutilmagan mehmon
Kunlarning birida dalahovlidan bitta xo‘roz yo‘qolib qoladi. Oradan chamasi 15 kunlar o‘tib esa bitta tovuq ham g‘oyib bo‘ladi. Jalil Odilov parrandalarni Shavkat To‘raboyev o‘g‘irlaganlikda gumon qila boshlaydi. Ammo buni o‘ziga aytmaydi.
2024 yilning 26 fevral kuni tug‘um payti bo‘lgani uchun Jalil Odilov kechgacha dalahovlida ishlaydi, qo‘ylariga qaraydi. Soat 19:30 larda u sigaret sotib olish uchun avtomobil yo‘li bo‘yidagi savdo do‘koniga yo‘l oladi. Yo‘lda Shavkat To‘raboyev hamda dalahovlisiga qo‘shni bog‘ egasining jiyani bo‘lgan Nuriddin Qodirovni ko‘radi. Salom-alikdan so‘ng 19 yoshli Nuriddin Qodirov unga qo‘shilib savdo do‘koniga boradi va pivo sotib olishadi. Shavkat To‘raboyev esa ularni kutib turadi.
Shu tariqa uchalasi pivo ichadi. So‘ngra ortga qaytib, bog‘ oldiga kelishganida Jalil Odilov qo‘yi tug‘ishi kerakligini aytib, dalahovlisiga kirib ketadi. Birozdan so‘ng Nuriddin Qodirov ham o‘z bog‘i tomonga ketadi, To‘raboyev esa uyga ketishini aytadi.
Dalahovlisida dam olib yotgan Jalil Odilov soat 22:20 larda darvoza taqillaganini eshitadi, ammo bunga e’tibor bermaydi. Ammo birozdan so‘ng odam sharpasini sezib, miltiqni ko‘targanicha tashqariga chiqadi.
Tunda otilgan o‘q
Jalil Oidlovning Oq ayiq laqabli katta iti bor edi. Miltig‘ini o‘qlab tashqariga chiqqan erkak qorong‘ida darvoza oldida iti kimgadir tashlanayotganini ko‘radi. Ovoz chiqarib kimligini so‘raydi, javob bo‘lmagach unga qarata o‘q otadi.
Ichkilikdan so‘ng Nuriddin Qodirov bilan xayrlashgan Shavkat To‘raboyev biroz Jalil Odilov bilan suhbatlashish maqsadida dalahovli darvozasini taqillatadi. Ammo javob bo‘lmagach dala hovlining devori yo‘q bo‘lgan ochiq tomonidan ichkariga kiradi. Buni it payqab qolib, unga tashlangan, chorvador esa qochib darvoza oldiga borgandi.
Miltiqdan otilgan o‘q unga tegadi va baqirib yuboradi. Jalil Odilov uning oldiga borib, tayoq bilan kaltaklay boshlaydi. To‘raboyev esa o‘zini tanitib, urmaslikni so‘raydi.
Shundan so‘ng dalahovli egasi uni urishdan to‘xtaydi va darvozaxona chiroqlarini yoqadi.
Qotillik
Zarbalar oqibatida Shavkat To‘raboyevning qo‘li singandi. Odilov uni o‘g‘rilikda ayblab, dalahovlisiga yashirincha kirgani uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishini bildiradi. Chorvador esa tovug‘ini ham, xo‘rozini ham o‘g‘irlamaganini, biroz suhbatlashish maqsadida kelganini ma’lum qiladi.
So‘ngra To‘raboyev og‘ir jarohat olganini, qo‘li singanini aytib, qamatib yuborish bilan tahdid qila boshlaydi.
“Endi oilamni ham boqa olmayman. Agar qo‘radagi qo‘ylaringning yarmini yoki Matiz’ni nomimga o‘tkazib bermasang, og‘ir jarohat yetkazganing uchun qamatib yuboraman”, deydi u o‘zaro suhbatda.
Bundan g‘azablangan Jalil Odilov jinoyatini yashirish maqsadida To‘raboyevga yana hujum qilib, o‘ta shafqatsizlik bilan uni qasddan o‘ldiradi. So‘ngra murdani choyshabga o‘rab, bog‘ning bir chetiga ko‘tarib boradi va ustiga benzin quygan holda yoqib yuboradi.
Bir necha soatdan so‘ng xabar olgani borgan erkak murdaning faqat ustidagi kiyimlari yonganini ko‘radi. Undan butunlay qutulish maqsadida chuqur qazib, murdani ko‘mib tashlaydi. Qabr ustiga esa qo‘ra qurib qo‘yadi.
Yagona guvoh va o‘zgargan tartib
Aslida bu ishlardan Nuriddin Qodirovning xabari bor edi. Negaki, To‘raboyev bilan xayrlashganidan keyin o‘z dalahovlisi tomonga yurgan Qodirov ko‘p o‘tmay o‘q ovozini eshitadi. O‘q ovozi Odilovning dalahovlisi tomondan kelgandi.
Ortga qaytib, dalahovli yoniga kelib qaragan Qodirov yerda usti-boshi qon holatda yotgan To‘raboyevni hamda uning yonida tik turgan Odilovni ko‘radi. Biroq IIBga xabar qilish o‘rniga holatdan qo‘rqib, qochib ketadi.
Jasad ustiga qo‘ra qurib olgan Jalil Odilov hech narsani bilmaganday yuraveradi. U kunlik tartibini biroz o‘zgartirgandi: dalahovlida yotib qolish odatini yig‘ishtirib, har kuni uyiga qatnay boshlaydi.
Kunlarning birida Odilov nuriddin Qodirovni ko‘rib qoladi. O‘zaro suhbat jarayonida yigit unga To‘raboyev yo‘qolib qolganini, IIB qidirib yurganini aytadi. “So‘nggi bor siz bilan ko‘rgandim uni. Lekin IIBga aytmadim” deydi u.
Odilov yigitga qarata “bildim deding – tutulding, bilmadim deding – qutulding”, deya ko‘rganlarini hech kimga aytmaslikni shama qiladi.
“O‘ldirish niyatim bo‘lmagan”
Yopiqlik qozon yopiqligicha qolmaydi, qabr ustidagi qo‘yxona siri fosh bo‘ladi: qariyb ikki oy qidirilgan Shavkat To‘raboyevning jasadi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan topiladi.
Sudda so‘ralgan Jalil Odilov To‘rabovni o‘ldirish niyati bo‘lmaganini bildirgan.
“O‘zimni himoya qilmoqchi edim. Avvaliga tanimasdan qo‘rqqanim uchun o‘q uzdim va tayoq bilan urdim. To‘raboyev tahdid qila boshlaganidan so‘ng esa jahl ustida shu ishni qilib qo‘ydim. Uni ko‘p vaqt qidirishdi, javobgarlikdan qo‘rqqanim uchun bu haqda ma’lum qilmay yurgandim. Qilmishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman, jabrlanuvchining qonuniy vakili va oila-a’zolaridan kechirim so‘rayman. Qilmishim uchun marhumning oila-a’zolarini o‘zimning oila-a’zolarim sifatida bilaman va qanday jazo olishimdan qat’iy nazar ularning holidan farzandlarim xabar olib turishadi. Jazoni o‘tab chiqqanimdan so‘ng ham ularni ta’minlashga va’da beraman”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.
Jazo
Sud hukmi bilan Jalil Odilov Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismining “v, j” bandlari va 134-moddasida (qabrni tahqirlash) ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Nuriddin Qodirov esa Jinoyat kodeksining 241-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatda aybli deb topilib, 3,5 yilga qamalgan.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Sud materiali asosida tayyorlandi.
Mavzuga oid
18:43 / 20.12.2024
Google Maps fotosurati Ispaniyadagi qotillikni ochishga yordam berishi mumkin
16:51 / 16.12.2024
Konibodomda yana to‘rt kishining jasadi topildi
20:01 / 13.12.2024
AQShdagi yirik sug‘urta kompaniyasi direktorini o‘ldirishda ayblangan shaxs uchun 70 ming dollardan ziyod mablag‘ to‘plandi
19:01 / 10.12.2024