Jahon | 21:36 / 26.10.2024
1897
2 daqiqa o‘qiladi

NYT: xitoylik hakerlar Tramp va Vensning telefonlarini buzib kirishga urindi

Federal qidiruv byurosi siyosatchilarga telekommunikatsion infratuzilma orqali noqonuniy kiberhujum uyushtirilgani va bu Xitoy bilan bog‘liqligini tasdiqlagan.

Foto: AP

Xitoylik hakerlar Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp hamda uning vitse-prezidenti lavozimiga nomzodi, Ohayo shtati gubernatori Devid Vensning telefon orqali muloqotiga oid ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga urindi, deb xabar beradi The New York Times gazetasi.

Joriy hafta Trampning saylovoldi kompaniyasi Oq uy sobiq rahbari hamda Jyeyms Vens, shuningdek, hukumatdagi qator amaldorlarga telefon raqamlari orqali hakerlik hujumlari uyushtirilganidan xabardor qilingan.

Kiberhujumga Demokratlar partiyasi vakillari, xususan, Nyu-York shtatidan saylangan senator Chak Shumer hamda partiyaning prezidentlikka nomzodi Kamala Harris atrofidagi insonlar ham uchragan.

Federal qidiruv byurosi siyosatchilarga telekommunikatsion infratuzilma orqali noqonuniy kiberhujum uyushtirilgani va bu Xitoy bilan bog‘liqligini tasdiqlagan. Dpa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mobil aloqa xizmatini taqdim etuvchi qator Amerika kompaniyalari hakerlar hujumiga uchragani bir necha hafta oldin ma’lum bo‘lgan.

NYT’ning yozishicha, hakerlik hujumi keng ko‘lamli razvedka operatsiyaning bir qismi bo‘lishi mumkin. Endi tergov jinoyatchilar qanday ma’lumotlarni qo‘lga kiritganini aniqlashga urinmoqda.

Mavzuga oid