Jahon | 21:13 / 31.10.2024
3923
2 daqiqa o‘qiladi

Tipratikan yo‘qolib ketish arafasidagi tur sifatida Qizil kitobga kiritildi

So‘nggi o‘n yil ichida ularning tabiiy yashash hududlarida tipratikanlar soni kamida 30 foizga kamaydi.

Foto: Getty Images

Bir paytlar Yevropa bo‘ylab keng tarqalgan va yaqin vaqtgacha Qizil ro‘yxatda «eng kam tashvishlanarli» turlar qatoriga kirgan tipratikan endi Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) tomonidan «yo‘qolib ketish arafasidagi tur» ro‘yxatiga kiritildi.

The Guardian xabariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida ularning tabiiy yashash hududlarida tipratikanlar soni kamida 30 foizga kamaygan.

Qayd qilinishicha, shaharsozlik, intensiv dehqonchilik va yo‘l qurilishi tufayli tipratikanlar tur sifatida yo‘q bo‘lib ketish yoqasiga borib qolgan. Ularning ko‘pchiligi mashina g‘ildiraklari ostida halok bo‘lmoqda. Bundan tashqari, jonivorlar pestitsidlar ta’siri ostida kamayib bormoqda — bevosita (zararlangan o‘simliklarni iste’mol qilish) va bilvosita (zaharlangan hasharotlarni iste’mol qilish).

«G‘arbiy Yevropada tipratikan populyatsiyasining kamayishini to‘xtatish uchun hali ham imkoniyat bor va biz maqomning yanada pasayishining oldini olishga harakat qilishimiz kerak», dedi IUCN dasturi xodimi Ebi Gazzard.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi kirpilarga yordam berishi mumkin, masalan, tipratikanlarning harakatiga to‘sqinlik qilmaydigan past to‘siqlar o‘rnatish, pestitsidlardan foydalanishni to‘xtatish, yog‘ochdan boshpana yaratish va uychalar qurish orqali.

Britaniya sutemizuvchilarni himoya qilish jamiyatining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassisi Xoup Notelferning ta’kidlashicha, tipratikanlarning Qizil kitobga kiritilishi aholi uchun ajablanarli bo‘lmaydi. Chunki bu hayvonlar uzoq bolalikdagi xotiraga aylangan. Ko‘pchilik odamlar tipratikanlarni anchadan beri uchratmay qo‘ygan.

Mavzuga oid