Jahon | 19:32 / 31.10.2024
5063
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi «layk» uchun odamlarni ta’qib qilmaslikni talab etdi

Imomali Rahmon bunday harakatlar jinoiy ish qo‘zg‘atishga asos bo‘lmasligini ma’lum qildi.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Ichki ishlar vazirligidan fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda «layk» qo‘ygani uchun ta’qib etishni bas qilishni buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

«Ta’kidlash joizki, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatida salmoqli natijalar bilan bir qatorda ko‘plab kamchiliklar ham mavjud. Jumladan, so‘nggi paytlarda ayrim fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan materiallar va videolarni yoqtirib qolganini rasmiylar dalil sifatida ko‘rmoqda. Oqibatda fuqarolar qiyinchilikka uchramoqda, boshqacha aytganda, ayrim mutasaddi idoralar ularga nisbatan asossiz jinoyat ishi qo‘zg‘atmoqda. Bu harakatlarga chek qo‘yish kerak», dedi Rahmon.

Tojikistonda rasmiylarga ma’qul bo‘lmagan xabarlarga «layk» bosgan fuqarolarga nisbatan bir necha yillardan beri jinoiy ishlar qo‘zg‘atilmoqda. Masalan, 2018 yil may oyida Xatlon viloyatining Vaxsh tumanida yashovchi Alijon Sharipov muxolifatdagi Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi rahbarining chiqishlari aks etgan videolarga «layk» va «klass» bosgani uchun 9,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

2019 yil mart oyida Tojikiston shimolidagi So‘g‘d viloyatining Panjikent shahrida «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘ida «ekstremistik» material ostida «klass» bosgan sobiq imom Qori Shoxon Qosimov bir yilu to‘rt oyga ozodlikdan mahrum etildi.

2024 yil may oyida qo‘lga olingan Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Vanj tumanidagi Yazg‘ulom vodiysi aholisi orasida kamida bir kishi ijtimoiy tarmoqdagi videoga «layk» qo‘ygani uchun hibsga olingan.

2019 yilda ekstremizmga oid jinoiy ishlar bo‘yicha ekspert sifatida faoliyat yurituvchi Tojikiston prezidenti huzuridagi Islom tadqiqotlari markazi ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga «layk» qo‘ygani va ularni ulashgani uchun javobgarlikka tortilish amaliyotini tanqid qilgan edi. Markaz rahbari o‘rinbosari Rustam Aziziyning tushuntirishicha, ijtimoiy tarmoqlarda «ulashish» opsiyasidan foydalanish, «layk» yoki uning o‘xshashi «klass» bosish asosiy dalil bo‘la olmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari boshqa foydalanuvchilarning sahifalariga kirib, o‘z nomidan izoh yoki «layk» qoldirishadi.

Mavzuga oid