O‘zbekistonning yangi elchisi Pokiston prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekistonning yangi favqulodda va muxtor elchisi Alisher To‘xtayev Islomobod shahridagi "Ayvan-ye-Sadr" saroyida Pokiston prezidenti Asif Ali Zardariga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha yuqori salohiyat mavjudligiga e’tibor qaratildi. Yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard AQSh dollariga yetkazishning muhimligi qayd etildi.
Madaniy-gumanitar, turizm almashinuvi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Pokiston rahbari mamlakat fuqarolarining O‘zbekistonga borishi uchun viza tartibi soddalashtirilganidan mamnunlik bildirdi. Joriy yil noyabr oyida qayta tiklanishi rejalashtirilgan Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar oqimini oshirish va madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun yangi turtki bo‘lishi urg‘ulandi.
O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi 6 oktyabr kuni Islomobodga tashrif buyurgan edi. Alisher To‘xtayev 2021–2024 yillarda O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi lavozimida ishlab kelgan va Afg‘onistonga elchi etib tasdiqlangan Oybek Usmonov o‘rniga tayinlandi.
Mavzuga oid
00:15 / 22.12.2024
Pokistonda Imron Xonning 25 nafar tarafdoriga hukm o‘qildi
17:37 / 20.12.2024
O‘zbekiston elchisi prezident Sadir Japarovga ishonch yorliqlarini topshirdi
09:34 / 20.12.2024
Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi
14:56 / 19.12.2024