Xavfsizlik chegarasidan 80 barobar yuqori: Lahor dunyoning havosi eng iflos shaharlaridan biri
Lahorda so‘nggi bir necha kundan buyon qalin smog kuzatilmoqda. Shaharda bir qator cheklovlar joriy qilindi.
Pokistonning Lahor shahri dunyodagi eng iflos havoga ega shaharlardan biri ekani ma’lum qilindi. U yerda xavfsizlik chegarasidan rekord darajada yuqori ko‘rsatkich qayd etildi, deb xabar bermoqda Phys.org.
2 noyabr kuni shahardagi havoda muallaq turgan mayda chang zarrachalari, ya’ni PM2.5 miqdori 1067 ko‘rsatkichga yetgan. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sog‘liq uchun xavfsiz deb belgilagan chegaradan taxminan 80 barobar yuqori. Lahor shahri amaldorlarining ta’kidlashicha, hali biror marta bu ko‘rsatkich 1000 dan oshmagan edi.
Mutaxassislar so‘nggi bir necha kun mobaynida Lahorda juda qalin smog kuzatilganini aytdi. Bu tuman va ifloslantiruvchi moddalar aralashmasi bo‘lib, sifatsiz dizel yonilg‘isi hamda binolarni isitishdan chiqadigan tutun natijasida hosil bo‘ladi. Ayniqsa, havo soviganda ushbu hodisa yaqqol seziladi. Quyi harorat tufayli zich havo ifloslantiruvchi moddalarni uzoqroq vaqt o‘zida ushlab turadi.
Shaharda boshlang‘ich maktablar yopildi
Lahor hokimiyati ma’lum qilishicha, eng cho‘qqiga chiqqanidan keyin ifloslanish darajasi uch baravardan ko‘proqqa pasaygan. Ammo bu ko‘rsatkich yana bir necha kun yuqori bo‘lib turishi prognoz qilindi. Eng xavfli vaziyat kuzatilayotgan hududlarda turli cheklovlar joriy etildi. Xususan, shahardagi barcha boshlang‘ich maktablar bir haftaga yopildi. Dushanbadan boshlab ofis xodimlarining 50 foizi “yashil karantin” rejasi doirasida uydan ishlaydi.
Bundan tashqari, qurilish ishlari to‘xtatilib, ikki taktli dvigatel bilan ishlaydigan uch g‘ildirakli transport vositalaridan foydalanish taqiqlandi, shuningdek, ochiq olovda taom tayyorlaydigan muassasalar odatdagidan ertaroq yopiladigan bo‘ldi.
Vaziyatga Hindiston aybdor(mi?)
Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha yuqori lavozimli amaldor Raja Jahongir Anvarning aytishicha, smogni keltirib chiqaradigan “eng katta manba” Hindiston bilan chegaraning narigi tomonida ang‘iz (qishloq xo‘jaligi chiqindilari) yoqish odatidir.
Yana bir amaldor “kuchli shamol tufayli ularning tutuni Pokistonga kelayotganini” ta’kidladi.
“Bu masalani Hindiston bilan muzokaralarsiz hal qilib bo‘lmaydi”, — dedi u. Amaldorning qo‘shimcha qilishicha, provinsiya hukumati tashqi ishlar vazirligi orqali tegishli muhokamalar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqmoqchi.
Hukumat aholini uyda qolishga va zarur bo‘lmagan sayohatlardan tiyilishga chaqirmoqda.
Nasoslar bilan jihozlangan avtomobillar smog darajasini nazorat qilishga ko‘maklashish uchun havoga suv purkayapti. Maktablarni qachon ochish masalasi shanba kuni qayta baholanadi.
Pokiston hukumati real vaqt rejimida havo sifati ma’lumotlarini e’lon qiladimi?
Panjob Atrof-muhitni muhofaza qilish departamenti (EPD) ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda faqat uchta rasmiy havo sifatini kuzatish qurilmasi ishlaydi. Asosiy ma’lumotlar nodavlat sensorlar va AQSh elchixonasidan olinadi.
AQShning Islomoboddagi elchixonasi hamda Karachi, Lahor va Peshovardagi uchta konsulxonasi 2019 yildan PM2.5 bo‘yicha real vaqt rejimida onlayn ma’lumotlarni kuzatish va e’lon qilishni boshlagan.
EPD bosh direktori Imron Hamid Shayx monitoring muammosini tan olib, Lahorda yana beshta qurilma o‘rnatish rejalashtirilganini” aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, “aksariyat xususiy monitorlar ishonchsiz ma’lumotlarni taqdim etmoqda, ba’zi xorijiy kompaniyalar esa bu ma’lumotlardan o‘z veb-saytlarida foydalanadi”.
Lahorda havo ifloslanishini qanday kamaytirish mumkin?
Eng avvalo, havo sifati to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlar real vaqt rejimida barcha uchun yanada batafsil taqdim etilishi lozim, deydi mutaxassislar. Odamlar o‘zlari nafas olayotgan havo qanchalik ifloslangani haqida bilsa, yaxshiroq himoya choralarini ko‘rishi va havo ifloslanishiga qarshi kurashish uchun kuchlarni safarbar etishi mumkin.
Sanoat va transport vositalari chiqindilarini kamaytirish havo sifatini yaxshilash uchun nihoyatda muhim. Aholi kundalik turmushda yashil yonilg‘i turlariga faol o‘tish, jamoat transportidan foydalanish va boshqa usullar orqali shaxsiy chiqindilarni kamaytirish choralarini ko‘ra oladi.
Lahor Pokistonning ikkinchi yirik shahri. Bu hududda 14 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Shahar ko‘pincha havosi eng ifloslangan hududlar ro‘yxatiga kiritiladi.
Ma’lumot uchun, 4 noyabr holatiga ko‘ra, Hindistonning Dehli shahri dunyoning havosi eng iflos shaharlari reytingida 1-o‘ringa chiqdi. 2-3 noyabrda bu borada kuchli uchlikda bo‘lgan Toshkent esa hozirda 28-o‘rinda.
Toshkent havosining PM2.5 mayda chang zarralari bilan ifloslanish darajasi JSST tavsiyasidan 5,8 marta yuqori bo‘lib turibdi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, zaharli havodan nafas olish sog‘liq uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi, jumladan insult, yurak kasalliklari, o‘pka saratoni va ba’zi nafas olish yo‘llari kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.
Mavzuga oid
00:15
Pokistonda Imron Xonning 25 nafar tarafdoriga hukm o‘qildi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
14:56 / 19.12.2024