O‘zbekiston | 17:48 / 06.11.2024
6876
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen

Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen so‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston tomonidan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning 3 ta asosiy yo‘nalishiga to‘xtalib o‘tdi. «O‘zbekiston va Yevropa ilgari misli ko‘rilmagan darajada bir-biriga yaqinlashdi» — dedi u «O‘zbekistonda Yevropa iqtisodiyoti kunlari» biznes-forumining ochilish marosimidagi videomurojaatida.

Bugun, 6 noyabr kuni, Toshkentda Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan 2024 yilgi Yevropa iqtisodiy kunlarining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining 300 dan ortiq hukumat va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen ishtirokchilarga yo‘llagan videomurojaatida so‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston tomonidan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning 3 ta asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.

«Asrlar davomida O‘zbekiston global savdoning «urib turgan yuragi» bo‘lib kelgan. Yevropalik savdogarlar kiyim-kechak va kulolchilik buyumlarini xarid qilish uchun Samarqand, Buxoro va Xivaga kelishgan.

Ular sizning hashamatli saroylaringiz, maftunkor manzaralaringiz va rang-barang madaniyatingiz haqidagi hikoyalar bilan qaytishgan. Bugun O‘zbekiston yana dunyoga ochilmoqchi

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yevropa ilgari misli ko‘rilmagan darajada bir-biriga yaqinlashdi. Bu borada uchta misol keltirmoqchiman:

Birinchisi savdoga oid. 2021 yildan boshlab biz o‘zbek mahsulotlari uchun Yevropa bozorini ochdik. O‘zbekiston eksporti, xususan, to‘qimachilik va metallurgiya sohasida jadal sur’atlar bilan o‘sdi. O‘sish uchun yanada ulkan salohiyat mavjud.

Ikkinchisi – investitsiyalar sohasida. «Global darvoza» dasturimiz orqali biz sizning dunyo bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lish maqsadingizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Xalqaro sheriklarimiz bilan birgalikda Yevropadan Sharqiy Osiyoga eng qisqa va xavfsiz yo‘nalish bo‘lgan Transkaspiy yo‘lagiga 10 milliard yevrogacha investitsiya kirityapmiz. U Yevropa va Markaziy Osiyoni 15 kundan kamroq vaqt ichida bog‘lashga imkon beradi.

Shuningdek, mamlakatingizning eng chekka hududlariga eng zamonaviy raqamli aloqani yetkazib berish uchun O‘zbekistonni sun’iy yo‘ldosh tarmog‘imizga ulash ustida ishlamoqdamiz. O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim.

Uchinchi misolim – biz strategik sohalardagi hamkorligimizni kengaytirmoqdamiz. Joriy yilning aprel oyida muhim minerallarni yetkazib berish zanjiri to‘g‘risida bitim imzoladik», dedi Ursula fon der Lyayyen.

Yevrokomissiya prezidenti O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

«Ba’zi investorlar faqat xomashyo qazib olishdan manfaatdor ekanini bilamiz, lekin biz unday emasmiz. Biz eng yuqori standartlar asosida mahalliy aholi uchun ish o‘rinlari va qo‘shilgan qiymatga ega mahalliy ishlab chiqarishlarni yaratishni qo‘llab-quvvatlamoqchimiz. Chunki bu yanada barqaror ta’minot zanjirini yaratishning eng yaxshi usuli hisoblanadi.

Ushbu iqtisodiy forum kompaniyalarimiz o‘rtasida yangi aloqalarni o‘rnatishga xizmat qiladi, shuningdek, yangi kelishuvlarni yangi ishbilarmonlik imkoniyatlariga aylantiradi, deb umid qilaman», dedi u.

Mavzuga oid