«Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz». Bayden va Jinping Peruda uchrashdi
AQSh prezidenti Jo Bayden va XXR raisi Si Jinping Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi tashkilotining Perudagi sammitida uchrashib, ikki mamlakatning Baydenning to‘rt yillik prezidentligi davomidagi munosabatlarini sarhisob qilishdi.
Xitoyliklar rahbari Pekin tez orada Bayden o‘rniga keladigan Donald Trampning ma’muriyati bilan ishlashga tayyorligini bildirgan — saylangan prezident esa allaqachon Xitoy bilan yangi savdo urushini anons qilib, o‘z diplomatiyasiga Xitoyga qarshi kayfiyatdagi siyosatchilarni to‘plamoqda.
XXR raisi Si Jinping Donald Tramp yana AQSh prezidenti bo‘lganidan keyin ham Vashington bilan aloqalar «silliq tranzit» bo‘lishiga umid qilmoqda. Bu haqda u vakolat muddati yakunlanishiga ikki oy vaqt qolgan amaldagi prezident Jo Bayden bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Ikki mamlakat rahbari Peruda Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi tashkiloti sammiti maydonida uchrashishdi. Bu ularning Bayden prezidentligi davridagi uchinchi va uzoq muddatli oxirgi o‘zaro uchrashuvi bo‘ldi (muloqot ikki soatcha davom etgan).
Ularning ikkisi ham bu uchrashuvdan ikki mamlakatning so‘nggi yillardagi turli sohalardagi munosabatlarini sarhisob qilish uchun foydalangan: yadroviy sohada sun’iy intellekt rolidan tortib, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash va Ukrainaga qarshi urushda Rossiya mudofaa sanoatiga yordam berishgacha.
Si Jinpingning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning keyingi to‘rt yillik uchun maqsadi Bayden davrida «ko‘tarilish va pasayishlarni boshdan kechirgan» «Xitoy va AQShning barqaror va sog‘lom munosabatlari» bo‘lib qolmoqda. Bunga javoban Bayden «bu vaqt ichida erishilgan yutuqlardan foydalanishi»ni aytgan.
«Agar ikki mamlakat bir-biriga sherik va do‘stdek munosabatda bo‘lib, umumiy til topishsa, munosabatlarimiz sezilarli darajada oldinga siljiydi, — deya Si Jinpingning Bayden bilan uchrashuvdagi so‘zlarini keltirgan Reuters agentligi. — Ammo agar biz bir-birimizni raqib yoki dushmanlardek qabul qilsak, qattiq raqobatlashsak va bir-birimizga zarar yetkazishga urinsak, munosabatlarimizga putur yetkazamiz va hatto uni ortga qaytaramiz».
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ikki yetakchining Perudagi uchrashuvi mavzularidan biri bo‘lgan. Oq uy rasmiy reliziga ko‘ra, Bayden Xitoy Rossiya harbiy sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganidan xavotir bildirgan. Bunga javoban Si Jinping Pekin Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini eslatgan.
Bayden prezidentligida Xitoy bilan munosabatlarda keskinlashuvlar kuzatildi, josus sharlar bilan bog‘liq hodisalar, amerikalik yuqori martabali mulozim, Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosi tashrifi ortidan Tayvan hududida Xitoy o‘z qudratini namoyish etishi hamda Amerika telekommunikatsiya kompaniyalari xitoylik hakerlar tomonidan buzib kirilishi va bu ularga hukumat mulozimlarining telefon so‘zlashuvlarini tinglashiga olib kelgani bilan bog‘liq yaqinda ro‘y bergan mojaro shular jumlasidan.
Ammo Bayden ma’muriyati Pekin bilan raqobatni «mas’uliyat bilan boshqarish»ga intildi. Endi, Trampning ikkinchi muddati arafasida, tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Pekin yangi saylangan prezidentning harakatlarini oldindan bilib bo‘lmasligi tufayli tashvishga tushgani tayin.
Yanvar oyida Oq uyda Baydenni almashtiradigan Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtidayoq Xitoy mahsulotlari importi uchun bojlarni 60 foizgacha ko‘tarishga va’da bergandi. Uning bo‘lajak ma’muriyatida Xitoy bilan munosabatlarda qat’iy harakat qilish tarafdori bo‘lgan «qirg‘iylar» ko‘pchilikni tashkil etadi, jumladan bo‘lajak bosh kotib Marko Rubio (Xitoyda unga qarshi sanksiyalar kiritilgan) va milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts.
O‘zining birinchi muddatida Tramp Xitoyni «strategik raqobatchi» deb atagandi. Pandemiya vaqtida sobiq prezident kovidni «Xitoy virusi» deb ataganidan keyin munosabatlar sovuqlashgandi.
Trampning ikkinchi muddatidagi tashqi siyosat «Amerika tog‘chasi»dagi sayohatni yodga soladi, deya qayd etgan Foreign Policy jurnali.
«Xitoyliklar muzokaralar va kelishuvlarga ochiq va katta ehtimol bilan ularni muhokama qilish uchun imkon qadar tezroq Tramp jamoasi bilan muloqotga kirishmoqchi», — deydi BBC uchun bergan izohida Marshall fondining Tinch okeani dasturi boshqaruvchi direktori Bonni Gleyzer.
«Ammo shu bilan bir vaqtda, agar Tramp Xitoy mahsulotlari uchun ancha yuqori bojlar joriy etadigan bo‘lsa, ular javob choralari ko‘rishga ham tayyorligi aniq», — deya qayd etadi ekspert. Uning fikricha, Xitoy, «katta ehtimol bilan, o‘zida Tramp siyosatiga ta’sir ko‘rsatish uchun ishonchli kanallar yo‘qligidan ham xavotirda».
Mavzuga oid
23:11 / 21.12.2024
AQSh prezidenti hukumat ishini moliyalashtirishni uzaytiruvchi qonunni imzoladi
20:35 / 21.12.2024
Bayden Tayvanga 570 mln dollarlik harbiy yordam ko‘rsatishni buyurdi
19:29 / 20.12.2024
Reuters: Bayden administratsiyasi Ukrainaga oxirgi harbiy yordam paketini e’lon qilishga tayyorlanmoqda
23:04 / 13.12.2024