“Eski, sovuq sinfxonalarda o‘qiyapmiz” – Buxoroda qurilishi bitmagan maktab-internat o‘quvchilari sarson bo‘lyapti
Buxoro shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining rekonstruksiyasi oxiriga yetkazilmayotgani ortidan o‘quvchilar qiynalayotgani aytilmoqda. Hozirda bolalar shahardagi 34-maktabga ko‘chirilgan, biroq bu muassasada ham yetarlicha sharoit yo‘q, deyiladi Kun.uzʼga yuborilgan murojaatda. “Bolalar pol, partalari sinib ketgan, qo‘shimcha dars o‘tish imkoni mavjud bo‘lmagan maktabda o‘qiyapti”, – deydi ota-onalardan biri. Viloyat hokimligi esa ta’lim binosi keyingi yil bahorda foydalanishga topshirilishini ma’lum qildi.
Buxoro shahrining 2-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari va ularning ota-onalaridan Kun.uzʼga murojaat kelib tushdi. Unga ko‘ra, avariya holatiga kelib qolgan ushbu maktab-internat 2022 yilda rekonstruksiya loyihasiga kiritilgan va shu vaj bilan uning o‘quvchilari shaharning 34-maktabiga ko‘chirilgan.
Hozirda bolalar u yerda 2-smenada tahsil olayotgani, ammo maktabning sharoiti qoniqarli emasligi aytilmoqda.
“Bu maktab [34-maktab]ga Romitan tumanidan 3 nafar o‘rtog‘im bilan qatnaymiz. Bizga o‘tgan yili “maktab binosi qurib bitkaziladi” deyishgandi, ammo mana, ikkinchi yil ketyapti hamki, qurilmagan.
Biz bir eski, sovuq sinfxonalarda o‘qiyapmiz, vaqtincha o‘qiyotgan maktabimizdagi bolalar bizni qabul qilmayapti, urishyapti, so‘kishyapti. Ustozlarga aytsak, “na iloj, o‘zi ularning maktabida o‘qiyapmiz, majburmiz”, – deyishyapti. Xullas, bizning qurilayotgan binoga davlat tomonidan pul ajratilmayapti ekan, biz qiynalyapmiz”, – deya yozgan bir o‘quvchi.
Ayni maktab-internatda tahsil oluvchilardan birining onasiga ko‘ra, ko‘plab ota-onalar sharoit sabab farzandini boshqa maktabga olib ketmoqda.
“Buxoro shahridagi 2-son ixtisoslashtirilgan maktabiga qizim shu yil yuqori ball bilan qabul qilindi. Ammo biz rasmini ko‘rib havas qilgan maktab emas, balki juda eski va xarob holdagi maktabning 2-smenasida o‘qiyapmiz.
Vaholanki, maktab shu o‘quv yiliga tayyor holatga topshirilishi kerak edi. Ammo ishning bu ketishida keyingi o‘quv yiliga ham topshirilmasa kerak. Eng bilimli va zukko bolalarni imtihon asosida saralab olib, shunaqa maktabda o‘qitish ularning ruhiyatiga, kelajakka bo‘lgan umidiga ta’sir qilyapti. Ularga faqatgina yaxshi sharoit yaratib berish lozim. Iltimos, shu yuzasidan surishtiruv ishlarini olib borib Kun.uz’ga chiqarsangizlar. Zora mutasaddilarga oddiy xalqning, ota-onalarning nolasi yetib borsa. Chunki qancha ota-onalar majbur [bo‘lib] bolasini olib ketdi”, – deydi ona.
“Yolg‘ondan [eski maktabda] 1 yoki 2 kishining ishlayotganini ko‘rish mumkin. U ham har doim emas. Bolalar maktab-internati, ya’ni yotoqxona, oshxona, sport zallari, zamonaviy sinfxonalari, kompyuter xonalari bo‘lgan joyda emas, umuman sharoiti yo‘q, pollari, partalari sinib ketgan, qo‘shimcha darslar o‘tish imkoni mavjud bo‘lmagan maktabda o‘qishyapti. Bularga IT, ingliz tili, matematika chuqurlashtirilgan holda o‘tilishi kerak. Ammo bu uchun sharoit kerak.
Iltimos, shu masalani atroflicha o‘rganib yordam bersangizlar, bolajonlarimiz kelajagi uchun. Chunki qurilishni moliyalashtirish viloyatga topshirilgan. Muddat o‘tib ketgan”, – deydi murojaat qilgan fuqarolardan biri.
“Tezlashtirib bitirishingizni so‘raymiz – degan ma’noda bir necha marotaba xat yuborilgan”
Kun.uz holat yuzasidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Agentlik maktab qurilishi bo‘yicha Buxoro shahar hokimligiga bir necha marotaba xatlar yuborilganini, o‘quvchilar ta’lim binosi yo‘qligi ortidan sarson bo‘lishganini ma’lum qildi.
“Tezlashtirib, bitirishingizni so‘raymiz, qurilish-ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazishingizni iltimos qilamiz”, degan ma’noda bir necha marotaba xat yuborilgan”, – deydi tashkilot matbuot kotibi Jo‘rabek Jangirov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, prezidentning tegishli farmoni bilan agentlikka qarashli maktablarni ta’mirlash, zamonaviy o‘quv qurollari bilan ta’minlash, o‘quvchilarga yashash va o‘qish uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratish hududiy hokimliklar zimmasiga yuklatilgan.
“Maktab-internat 2025 yil mart oyida foydalanishga topshiriladi” – hokimiyat
Buxoro viloyati hokimligi matbuot kotibi Olim Jo‘rayevga ko‘ra, haqiqatan ham Buxoro shahridagi 2-sonli ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari ikki yildan beri 34-maktabda tahsil olib keladi.
“Buxoro [shahri]da 32-sonli mehribonlik uyi bor edi. Mehribonlik uyidagi bolalar prezident imzolagan hujjat bilan otaliqqa berildi va bolalar uyi yopildi. Shuning o‘rnida 2-son ixtisoslashtirilgan maktab-internat qurilishi boshlangan, rekonstruksiya-da bu, bino moslashtirilyapti.
Mahalliy budjetdan 14 mlrd so‘m miqdorida moliyalashtirilgan, hozir ham qurilish ishlari ketyapti, maktab-internat 2025 yil mart oyida foydalanishga topshiriladi”, – deydi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, qurilishga viloyat hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” DUK buyurtmachi, “Bobir Buxoro Qurilish Cluster” MChJ esa pudratchi sifatida belgilangan.
2023 yil 3 iyulda ular o‘rtasida 13 mlrd 580,44 mln so‘mlik 17-sonli shartnoma imzolangani, yillar kesimida obekt qurilishi uchun qancha summa moliyalashtirilgani ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, 2023 yilda mahalliy budjetdan 2 mlrd 290 mln so‘m, 2024 yilda 2 mlrd 036,2 mln so‘m – qurilish boshlangandan beri jami 4 mlrd 326,16 mln so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan.
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
09:30 / 04.12.2024
Dunyodagi eng qimmat 10 ta maktab-internat: ularda yillik o‘qish narxi 100 ming dollardan oshadi
15:29 / 03.12.2024
Buxoro shahrining tarixiy qismida mototsikl va skuter kabilarning harakati cheklandi
11:04 / 02.12.2024