GFR Netanyahuni hibsga olishga berilgan order oqibatlarini o‘rganmoqda
Germaniya hukumati vakillari Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakatga kelganida hibsga olinadimi, degan savolga aniq javob bera olmadi.
Germaniya hukumati Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan chiqarilgan order asosida mamlakatda hibsga olinadigan vaziyatni hozircha tasavvur qila olmaydi. Bu haqda 22 noyabr, juma kuni Germaniya hukumatining rasmiy vakili Shteffen Hebeshtrayt ma’lum qildi.
Bundan tashqari, Hebeshtraytning aniqlik kiritishicha, Netanyahu hibsga olinishi masalasi faqat u Germaniyaga kelgan taqdirdagina paydo bo‘ladi. «Ayni paytda, nemis tarixi tufayli biz Isroil oldidagi noyob munosabatlarga va katta mas’uliyatga egamiz», dedi u hibsga olish orderi bilan bog‘liq huquqiy masalalarga oydinlik kiritishga va’da berib. Reuters agentligining qayd etishicha, hukumat vakili Netanyahu Germaniyada kutilgan mehmon bo‘ladimi, degan savolga javob bermagan.
O‘z navbatida Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Berlin «bu (Netanyahuning hibsga olish orderi) Germaniya uchun aynan nimani anglatishini o‘rganayotganini» aytdi.
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
Xalqaro jinoiy sud Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order bergani «g‘azablanarli». Bu haqda 21 noyabr kuni AQSh prezidenti Jo Bayden bayonot berdi.
«Xalqaro jinoiy sudning Isroil rahbarlariga nisbatan hibsga olish uchun order bergani g‘oyat g‘ayritabiiydir. Yana bir bor aniq aytib o‘taman: XJS nima demasin, Isroil va Hamas o‘rtasida tenglik yo‘q. Biz tahdidlarga qarshi doimo Isroil bilan birga bo‘lamiz, uning xavfsizligi uchun ishlaymiz», deyiladi Oq uy matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan hujjatda.
Avvalroq AQSh Milliy xavfsizlik kengashi AQSh «(XJS) prokurorining hibsga olishga order berishdagi shoshqaloqligi va bu qarorga olib kelgan muammoli protsessual xatolardan qattiq xavotirda ekani» haqida bayonot tarqatgan edi.
Isroil ham, AQSh ham XJS yurisdiksiyasini tan olmaydi. Sudning o‘z «politsiyasi» bo‘lmagani uchun Rim statutiga a’zo bo‘lgan 124 davlat uning qarorlari ijrosi uchun mas’uldir, deya eslatadi AFP.
Ayni paytda, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Binyamin Netanyahu va Yoav Galantning XJS orderlariga muvofiq hibsga olinishi majburiy qaror ekanini aytdi. «Bu siyosiy qaror emas va sud qarori hurmat qilinishi va amalga oshirilishi kerak», dedi Borrel 21 noyabr kuni Iordaniyadagi matbuot anjumanida jurnalistlarning izoh berish so‘roviga javoban.
Mavzuga oid
11:54 / 17.12.2024
Germaniyada mpox virusining xavfli shtammi bilan kasallanganlar aniqlandi
21:27 / 16.12.2024
Bundestag Olaf Sholsning so‘roviga binoan uning hukumatiga ishonchsizlik votumi e’lon qildi
16:14 / 14.12.2024
OAV: Germaniya uzra RF harbiy dronlari uchib o‘tgan bo‘lishi mumkin
15:21 / 14.12.2024