O‘zbekiston | 14:17 / 26.11.2024
10021
2 daqiqa o‘qiladi

Baxtiyor Saidov yahudiy ravvinning o‘limi munosabati bilan Isroil elchisiga hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri BAAda uch nafar o‘zbekistonlik tomonidan o‘ldirilgani gumon qilinayotgan isroillik ravinning vafoti munosabati bilan Isroilning Toshkentdagi elchisiga hamdardlik bildirdi. “Terrorizm va ekstremizmning chegarasi va millati yo‘q. O‘zbekiston hukumati tergov jarayonlarida BAA va Isroil idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda”, dedi Baxtiyor Saidov.

Foto: Baxtiyor Saidovning Telegram-kanali

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Gideon Lustig bilan uchrashib, Tsvi Koganning vafoti munosabati bilan “chuqur hamdardlik” bildirdi.

“O‘zbekiston xalqi barcha din va elat vakillariga azaldan do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan. Biz millatchilikning hech qanday ko‘rinishiga toqat qilmaganmiz va bundan keyin ham toqat qilmaymiz. Terrorizm va ekstremizmning chegarasi va millati yo‘q. O‘zbekiston hukumati tergov jarayonlarida BAA va Isroil idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda”, – deya ma’lum qildi Saidov.

Tsvi Kogan – Isroil va Moldova fuqarosi, BAA rezidenti bo‘lgan ravvin. 21 noyabr kuni Al-Ayn amirligida uning jasadi qotillik alomatlari bilan topilgan. BAA Ichki ishlar vazirligi jinoyatda gumonlab uch nafar O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga olgan. Isroil nashrlariga ko‘ra, “Mossad” gumondorlarni Eron bilan bog‘liq guruhga aloqador deb hisoblamoqda.

Mavzuga oid