Seuldan Toshkentga uchishi kerak bo‘lgan reys noqulay ob-havo sabab kechiktirildi
Janubiy Koreya poytaxtida kuchli qor yog‘moqda. Shu bois qator transport harakatlari cheklangan va yuzlab reyslar bekor qilingan.
Uzbekistan Airways 27 noyabr kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan Seul — Toshkent reysi kechiktirilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, noqulay ob-havo sharoiti va aeroport xizmatlarining perrondagi yuklanmasi ortib ketgani bois 27 noyabr kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan HY512 Seul — Toshkent aviaqatnovining yo‘nalish bo‘yicha uchib ketishi kechikmoqda.
«Parvoz o‘zgartirilgan jadval bo‘yicha amalga oshiriladi, bu haqida qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinadi. Noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz va tushunishingizdan umid qilamiz», — deyiladi xabarda.
Reutersʼning yozishicha, Janubiy Koreya poytaxti Seulni kuzatuvlar tarixidagi eng kuchli qor qoplagan. Yog‘ingarchilik tufayli harakatlar cheklangan, elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda va yuzlab reyslar bekor qilingan. Sinoptiklar ma’lumotlariga ko‘ra, sovuq havo oqimi shimoli-g‘arbdan kelgan va u yomg‘irni qorga aylantirgan. Bir kechada 18 santimetr qor yog‘gan — bu 1907 yildan beri yuritilayotgan kuzatuvlar tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir.
Mavzuga oid
08:11
O‘zbekistonning ikki hududida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi
07:50 / 28.11.2024
O‘zbekistonda hafta oxirida qor yog‘ishi mumkin
18:37 / 08.11.2024
Fuji tog‘iga birinchi qor yog‘di - bu 130 yildan beri kuzatilgan eng kech sana
14:40 / 30.10.2024