Jahon | 19:30 / 04.12.2024
1000
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyaning The Guardian gazetasi jurnalistlari 50 yil ichida birinchi marta ish tashlash e’lon qildi

Gazeta jurnalistlari The Observer nashri Tortoise Media kompaniyasiga sotilishi mumkinligidan norozi. Ish tashlash kunlarida to‘ldirilishi kerak bo‘lgan materiallar chop etilmasligi mumkin.

The Guardian va uning yakshanba kungi versiyasi hisoblanuvchi The Observer jurnalistlari ish tashlash e’lon qildi — ular The Observer sotilishi mumkinligidan norozi. Ikkala nashr ham hozirda Guardian Media Group kompaniyasiga tegishli.

Sentyabr oyida The Observer nashri Tortoise Media kompaniyasiga sotilishi mumkinligi to‘g‘risida mish-mishlar tarqalgan edi. Ushbu kompaniyaga o‘z vaqtida The Times muxbiri va BBC direktori lavozimida ishlagan Jyeyms Xarding rahbarlik qiladi.

Xarding The Observer’ning har yakshanba kuni chiqadigan bosma nashrini davom ettirish bilan birga, nashrni podkast va onlayn translatsiyalar bilan ham boyitishga va’da bergan. Ammo gazeta xodimlariga kompensatsiya pullarini olgan holda o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash yoki mehnat shartlarini saqlab qolgan holda Tortoise boshqaruvi ostida ishlashni davom ettirish taklif qilinmoqda.

The Guardian uchun bu so‘nggi yarim asrdagi birinchi ish tashlashdir. Jurnalistlar ikki kun — 4 va 5 dekabr kunlari ish tashlash uyushtirmoqchi. Ushbu norozilik aksiyasi The Observer’ning birinchi soni chiqqaniga 233 yil to‘lgan sanaga to‘g‘ri kelmoqda.

Mediakompaniyalar rahbariyati kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lgan jurnalistlarning xohishini hurmat qilishlarini, ammo «ish tashlash — yaxshi yechim emasligi»ni ma’lum qildi. «Ish tashlash o‘quvchilar chorshanba va payshanba kuni The Guardian veb-sayti hamda bosma nashrlarida ayrim o‘zgarishlarni payqashi mumkinligini anglatadi», — deyiladi xabarda. Xususan, ish tashlash kunlarida to‘ldirilishi kerak bo‘lgan materiallar chop etilmasligi mumkin.

Mavzuga oid