Dog‘istonda raqibini simob bilan zaharlashga uringan shaxmatchiga jinoiy ish ochilmaydigan bo‘ldi
IIVning Mahachqal’a bo‘yicha boshqarmasi shaxmat turniri vaqtida raqibining stoliga simob to‘kkan dog‘istonlik shaxmatchi Amina Abakarovaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etdi.
IIVning Mahachqal’a bo‘yicha boshqarmasi 2024 yil avgust oyida o‘tkazilgan shaxmat turniri vaqtida raqibi stoliga simob to‘kkan dog‘istonlik shaxmatchi Amina Abakarovaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etdi. Bu haqda politsiyaning jabrlangan shaxmatchi Umayganat Osmanovaga yo‘llagan javobida so‘z boradi.
Tergovda sog‘liqqa qasddan shikast yetkazish bo‘yicha ish qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilgan, ammo oxir-oqibat bunga asos topilmagan. «Meni tibbiy ekspertizaga yuborishdi va hech qanday jabr ko‘rmaganim, tan jarohatlari yo‘qligi sabab ish qo‘zg‘atishmadi. Tan jarohati bo‘lmasligi tabiiy, axir bu yerda zaharli moddaning bug‘lanishi va undan nafas olish haqida ketyapti-ku», — degan Osmanova jurnalistlarga.
Mazkur voqea 7 avgust kuni Mahachqal’ada o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha Dog‘iston chempionatida sodir bo‘lgan. Kuzatuv kameralari orqali yozib olingan tasvirlarga ko‘ra, turnir avvalida Abakarova ishtirokchilar ro‘yxatini o‘rganib chiqqan, keyin esa termometrdagi simobni Osmanovaning shaxmat doskasi yoniga to‘kkan. Bellashuv vaqtida Osmanova o‘zini yomon his qilgan, uning boshi og‘rib, ko‘ngli aynigan, shaxmatchiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Abakarova shu kuniyoq ushlangan. U o‘zining xatti-harakatini qasos olish maqsadida qilganini, niyati raqibiga zarar yetkazish emas, faqat qo‘rqitish bo‘lganini ma’lum qilgan. OAVning yozishicha, bundan oldin Abakarova Osmanovaga bellashuvda yutqazib qo‘ygan.
Sodir bo‘lgan voqeadan keyin Abakarova Dog‘iston Shaxmat federatsiyasidan chiqarib yuborilgan, shuningdek, Rossiya Shaxmat federatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalardan vaqtincha chetlatilgan. U butun umrga diskvalifikatsiya qilinishi mumkin.
Osmanova mazkur voqealardan keyin Abakarova undan kechirim ham so‘ramaganini bildirgan.
Mavzuga oid
17:51 / 05.11.2024
4 yashar hindistonlik FIDE reytingiga kirgan eng yosh shaxmatchi bo‘ldi
21:22 / 17.10.2024
Ramzan Qodirov qonli qasos bilan tahdid qilgan deputatlar Davlat dumasi majlislariga kelmay qo‘ydi
07:30 / 14.10.2024
Dog‘iston rahbari Qodirovning Kerimovga qarshi tahdidlariga javob qaytardi
17:45 / 08.10.2024