«Ezgulik» inson huquqlari jamiyati «Ozodlik, tenglik, birodarlik» xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi
Fransiya Inson huquqlari bo‘yicha Milliy maslahat komissiyasi - «Ezgulik» inson huquqlari jamiyatini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yagona mustaqil inson huquqlari tashkiloti ekanligini ta’kidlagan. Mukofot 10 dekabr – Inson huquqlari kunida Parijda Fransiya bosh vaziri tomonidan jamiyat rahbari Abdurahmon Tashanovga topshiriladi.
O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati Fransiya Respublikasining «Ozodlik, tenglik, birodarlik» xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda 4 dekabr kuni Fransiya Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy maslahat komissiyasi xabar berdi.
«2002 yilda tashkil etilgan «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yagona mustaqil inson huquqlari tashkilotidir. Mukofotlangan loyiha O‘zbekistondagi tinch aholi o‘rtasida Rossiyada istiqomat qilayotgan o‘zbek ishchilari va mahbuslarining Rossiya armiyasiga majburiy jalb etilishi haqida xabardorlikni oshiradi», — deyiladi komissiya xabarida.
Fransiya Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha «Ozodlik, tenglik, birodarlik« mukofoti 1988 yilda CNCDH tashabbusi bilan yaratilgan. Ushbu mukofotning maqsadi butun dunyoda inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilishda fuqarolik jamiyatining asosiy rolini tan olishdir.
Mazkur mukofot dunyoning 5 nafar fuqarolik jamiyati tashkilotiga beriladi. Bu galgi g‘oliblar orasida «Ezgulik» bilan birga Kamerundagi «Mandella» markazi, Gaitidagi «Citizens» tashkiloti, Kolumbiyaning Ludirlena PÉREZ CARVAJAL tashkiloti va Suriyadagi «Caesar» tashkilotlari bor.
Taqdimot marosimi shu yilning 10 dekabr – Inson huquqlari kunida Parijda o‘tkaziladi. Mukofot Fransiya Respublikasi Bosh vaziri tomonidan «Ezgulik» jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovga topshiriladi.
Mavzuga oid
12:58 / 11.12.2024
Fransiya adliya vaziri «Ezgulik» jamiyati rahbariga xalqaro mukofotni topshirdi
11:33 / 15.11.2024
“Pora kattalashgan sari suverenitet bilan savdolashish boshlanadi” – faollar bilan suhbat
14:07 / 24.01.2024
Bloger Otabek Sattoriy 2024 yil bahorida ozodlikka chiqishi aytilmoqda
18:10 / 07.12.2023