Jahon | 09:53 / 06.12.2024
13146
4 daqiqa o‘qiladi

Qodirov Bastrikin, Kolokolsev va migratsiya siyosatiga qarshi chiqdi

Checheniston rahbari Tergov qo‘mitasi rahbari va ichki ishlar vaziri «o‘z lavozimlariga nomunosib» ekanini aytdi. U shuningdek, migratsiya masalasiga to‘xtalib, O‘zbekiston va Rossiya prezidentlarining bu masalada umumiy yechim topish uchun o‘tkazgan muloqotiga guvoh bo‘lganini eslagan. 

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin hamda IIV rahbari Vladimir Kolokolsevni tanqid qilib, ular «o‘z joyida emasligi»ni aytgan.

«Tepada o‘tirgan odamlar, Bastrikin va Kolokolsev rahbarligidagi tergov organlari — o‘z joyida emas», — degan Qodirov o‘z jonli muloqoti vaqtida chechenistonlik o‘smir Muslim Murdiyevga qarshi ish yuzasidan izoh berarkan (iqtibos «Grozniy-inform»dan).

14 yoshli Muslim Murdiyev Moskvadagi «Xodynskoye pole» parkidagi mushtlashuv tufayli jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish va zo‘ravonlik qilishda ayblanmoqda. O‘zining versiyasiga ko‘ra, u janjal boshlaganning hujumiga uchragan do‘stini himoya qilgan. Hodisa atrofdagilar tomonidan telefonga olingan. Video Murdiyevga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish uchun asos bo‘lgan. Bu ish bo‘yicha yana to‘rt figurant tergov qilinmoqda, o‘smirning o‘zi 2023 yil dekabridan buyon uy qamog‘ida o‘tiribdi.

Qodirov jonli muloqot chog‘ida Murdiyevning ishi bilan huquq faollari, deputatlar, senatorlar va shaxsan o‘zi shug‘ullanayotgani, huquq-tartibot organlari esa «prezident tomonidan oldiga qo‘yilgan vazifalarni sifatli bajarmayotgani»ni ta’kidlagan. 18 dekabr kuni Muslim Murdiyev ustidan navbatdagi sud jarayoni o‘tkaziladi. «Uni qamashmaydi, u bilan hech narsa qilishmaydi. Men hamma bilan shaxsan gaplashdim. U tez orada qo‘yib yuboriladi», — degan Qodirov.

Bundan tashqari, Qodirov Rossiyaning hozirgi migratsiya siyosatini tanqid qilgan, O‘zbekiston va Rossiya prezidentlarining bu masalada umumiy yechim topish uchun o‘tkazgan muloqotiga guvoh bo‘lganini eslagan. 

Ichki ishlar vaziri Kolokolsev politsiyachilarning migrantlarga munosabati uchun tanqidga uchragan.

«Kolokolsev buyruq beradi: hozir keluvchilar kaltaklanmoqda, olib ketilmoqda, haydab chiqarilmoqda — bizga zarur bo‘lgan birodarlarimiz. Tag‘in biz bilan hech kim do‘st bo‘lishni istamasligini aytishadi. Biz Ukrainani, Gruziyani nega yo‘qotdik? Nima uchun boshqa davlatlar bilan munosabatlar keskinlashgan? Chunki odamlar davlatda nimalar bo‘layotganini bilmaydi. Ular regionlarga chiqishmaydi va odamlar bilan gaplashmaydi. Ular qonunsiz, kreslolarda o‘tirib, derazadan tashqarida nima bo‘layotganiga qaramaydi. Xudo ularni albatta jazolaydi», — degan Qodirov.

Qodirov oldin ham Bastrikinni tanqid qilgandi. Dog‘istondagi terakt va Rostovdagi tergov izolyatorida mahbuslar xodimlarni garovga olishidan keyin Tergov qo‘mitasi rahbari bunda «musulmon terrorchilar»ni ayblab, niqob taqiqlanishini yoqlagandi. Checheniston rahbari esa bunga javoban musulmonlar terakt qilmasligini aytgandi.

2024 yil oktyabr oyida RF migratsiya siyosati qat’iylashtirilishini «inkvizitsiya»ga qiyoslab, uni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgandi.

  • 4 dekabr kuni Qodirov Checheniston aholisi uchun jonli muloqot o‘tkazdi, u bu tadbirga Ukrainadagi urushda o‘lja qilib olingan zirhli transportyorda (BTR) — 12 nafar ukrainalik harbiy asir bilan birga tashrif buyurdi. Translatsiyada uning asirlar bilan muloqotidan parcha namoyish etilgan, unda Checheniston rahbari «qahramonlardek halok bo‘lishi» uchun asirlardan biriga o‘zini otib tashlashni taklif qiladi.

Mavzuga oid