Sport | 15:39 / 07.12.2024
6804
13 daqiqa o‘qiladi

Londonda derbi, «Barsa» va «Real» uchun safarda qiyin sinov. Hafta o‘yinlari anonsi

Bugun kutilayotgan Liverpul derbisi ob-havo tufayli rasman boshqa kunga qoldirildi. Shunday bo‘lsa-da, ushbu hafta ham e’tiborimizga juda ko‘p qiziqarli uchrashuvlarni taqdim etadi. Ayniqsa, ispan grandlarining qiyin safar o‘yinlari La Ligadagi muvozanatga o‘z ta’sirini o‘tkazishi shubhasiz. Angliyada esa boshqa derbi Londonda bo‘lib o‘tsa, Italiya «Napoli» «Latsio»dan mag‘lubiyat alamini olishga harakat qilib ko‘radi.

BeTIS – BARSeLONA (7 dekabr, 20:15)

«Barselona» nihoyat uch o‘yindan iborat muvaffaqiyatsiz seriyasini to‘xtata oldi. Malorkadagi yirik g‘alaba, shuningdek, «Real»ning mag‘lubiyati tufayli, Flik shogirdlari yana yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha ham peshqadamga aylanib olishdi. Ayni damda kataloniyaliklar «Real»dan 4 ochko oldinda borishmoqda, lekin «Real»da bir o‘yin zaxira bor. Endi esa «Barselona»ni yana bir qiyin safar kutib turibdi.

Qiyinligi shundaki, «Betis» Ispaniya chempionati turnir jadvalida o‘rtamiyona bo‘lsa-da, aynan o‘z maydonidagi o‘yinlarda kuchli o‘yin namoyish etishmoqda. Andalusiyada bo‘lib o‘tgan 7 o‘yindan atigi bittasida mezbonlar mag‘lubiyatga uchragan xolos. Hatto «Atletiko» ham ushbu stadiondan ochko olib keta olmagani ham ushbu o‘yindan murosasiz bahs kutishga umid beradi. Shu bilan birga, «Barselona» so‘nggi yillarda «Betis» maydonida ancha muvaffaqiyatli to‘p sura olayotganini ham ta’kidlash lozim. «Betis» o‘z maydonida «Barselona» ustidan oxirgi marta 2011 yilda g‘alaba qozona olgan ekan. Ushbu jamoalarning o‘tgan mavsumda kechgan so‘nggi o‘yini esa ancha dramatik kechganini xotirlasangiz kerak. Avvaliga Isko uch daqiqada ikki gol urib, 0:2 hisobini 2:2 ga aylantira olgan, ammo hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Feran Torres va Felishning gollari mehmonlarga uch ochko olib kelgandi. Umuman oxirgi olti o‘zaro o‘yinda «Barselona» «Betis» ustidan g‘alaba qozonib kelmoqda.

Jarohatlarga kelsak, «Betis»dan yo‘qotishlar ko‘proq va asosan muhim futbolchilar safdan chiqqan. Fornals, Balerin, Kardoso va Roka kabi ismlarning barchasi asosiy tarkib futbolchilari ekanini e’tirof etish kerak. Vilyam Karvalbyu esa eng yaxshi ehtimolda bahorda maydonga qaytadi. «Barselona» muammolari asosan himoya chizig‘ida. Arauxo hali tiklangani yo‘q, Kristiansen mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsa-da, ushbu o‘yinda maydonga tushishga tayyor bo‘lmasligi mumkin.

JIRONA – ReAL (8 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)

O‘tgan mavsumning barcha musobaqalarida hammasi bo‘lib atigi 2 marta mag‘lubiyatga uchragan «Real» so‘nggi o‘n bir o‘yinda beshta o‘yinda yutqazib ulgurdi. Nisbatan olganda yaqqol pasayishni kuzatishimiz mumkin. Albatta, fojyea emas, madridliklar La Ligada peshqadamga juda yaqin turibdi, Chempionlar Ligasidagi yo‘qotishlarning o‘rnini to‘ldirish ham Anchelotti shogirdlarining o‘z qo‘lida, ammo jamoa o‘yinidagi muvozanatni topish, Mbappeni jamoa o‘yiniga tezroq integratsiya qilish murabbiylar uchun hali ham muammoligicha qolmoqda va mavsumning muhim pallasi oldidan hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy masalalar ham shu.

Tabiiyki, boshqa sabablar ham yo‘q emas. Xuddi o‘tgan mavsumdagidek ayniqsa, himoya chizig‘ida jarohatlar ko‘payib ketdi. Bilbaodagi o‘yinda himoyada Vaskes, Asensio, Ryudiger va Garsiya o‘ynadi – shubhasiz, bu mavsum boshida rejalashtirilgan to‘rtlik emas. O‘tgan mavsumda goh Tchuameni, goh Kamavinga himoyadagi bo‘shliqlarni to‘ldirgan bo‘lishsa, ayni paytda ular yarimhimoyani ham hal qilishlari kerak, zero Krossning ketishi u yerda ham ochiq vazifalar qoldirgan. Mbappening realizatsiyasidagi muammolar, fransuzga o‘rnini berishga majbur bo‘lgan Rodrigoning sport formasidagi pasayish, Vinisiusning jarohati muammolarni hal qilib bo‘lmas darajaga olib chiqmoqda. «Real» autsayderlarga qarshi o‘yinlarda klassdagi farq hisobiga chiroyli g‘alabaga erishayotgan bo‘lsa-da, to‘g‘ri tashkil qilingan jamoalarga qarshi qiyinchilikka duch kelmoqda. «Milan»dan tortib, «Lill» bo‘ladimi, «Atletik»mi, ancha dadil futbol ko‘rsatib, nafaqat hisobda, balki o‘yin tomonlama ham «Real»dan ustunlik qilishdi.

«Jirona» ham ayniqsa o‘z maydonida ancha xavfli sanaladi. Har xolda kataloniyaliklar o‘tgan yili uchinchi o‘rinni olishga muvaffaq bo‘lishdi. Hozirda ham Chempionlar Ligasida, ham La Ligada to‘p surish, shuningdek, tark etgan yetakchi futbolchilarning o‘rnini to‘ldirish qiyinligi natijalarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, alohida o‘yinlarda har qanday jamoaga muammo tug‘dira oladi. «Jirona» o‘z maydonidagi oxirgi ikki o‘yinda to‘rttadan gol urdi, faqat «Barselona» va «Sosedad»gina bu yerdan g‘alaba bilan qayta olishdi xolos. O‘tgan mavsumda har ikki o‘yinni «Real» o‘z foydasiga yirik hisobda hal qilgan bo‘lsa-da, undan avvalgi mavsumda «Jirona» 4:2 hisobida ustun kelganini unutmagan bo‘lsangiz kerak.

Yuqorida jarohatlarga to‘xtalib o‘tdik. Safdan chiqqanlar ichida Vinisius, shuningdek qariyb bir yildan so‘ng David Alaba mashg‘ulotlarga qaytdi. Ammo ularning asosiy tarkibga qay darajada tayyor ekani ma’lum emas. Militao va Karvaxal mavsum oxirigacha safdan chiqqan bo‘lishsa, Kamavinganing qachon tuzalishi hozircha savol ostida qolmoqda. Mezbonlar safida Tsigankov va Errera sheriklariga yordam bera olishmaydi.

TOTTeNHEM – CheLSI (8 dekabr, 21:30)

«Tottenhem» degan jamoa bor. Manchesterdagi ikki safar o‘yinida ikki kuchli jamoani umumiy 7:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishi mumkin. Ammo o‘z maydonida «Roma» va «Fulhem»ni yenga olmaydi, «Ipsvich»dan yutqazadi. Safarda «Bornmut» va «Kristal Pelas» darvozasiga birorta ham gol ura olmay yutqazadi. Posteko‘g‘lining ancha jozibador uslubi, esda qolarli o‘yinlari yaxshi, ammo bunday beqaror natijalar bilan biror maqsad uchun kurashish juda qiyin. Jamoa oxirgi 6 o‘yindan faqat eng qiyinini, «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi xolos. Natijada «Tottenhem» Angliyada 10-o‘ringa, Yevropa Ligasi peshqadamligidan esa 9-o‘ringa tushib ketishni «uddaladi».

Albatta, bunday natijalarda obektiv sabablar ham yo‘q emas. Eng muhimi himoya markazidagi juftlik – ham Romero, ham van der Veyn jarohat olgan. Vikario ham yuqorida eslangan Manchesterdagi o‘yindan so‘ng maydonga tusha olmayapti. Risharlisonda ham muammolar bor. Rodrigo Bentankur esa ijtimoiy tarmoqlarda do‘stiga qilgan hazili uchun AFA tomonidan jazolangan – uning olti o‘yinlik diskvalifikatsiyasi davom etmoqda. Avval Son, keyin esa Solanke bir muddat jamoaga yordam bera olishmadi va hokazo. Himoya markazidagi muammoni yopishga majbur bo‘layotgan Ben Devis ham Bornmutda jarohat oldi. Tabiiyki, bunday muammolar bilan murabbiy vaziyatni o‘nglashi juda qiyinlashib ketadi.

«Chelsi»da tarkib borasida muammolar deyarli yo‘q. Ris Jyeyms va Mudrikdan tashqari hamma futbolchilar tayyor. Faqat Mareska shogirdlari bu safar yangi turdagi to‘siqni yengishlariga to‘g‘ri keladi. Jamoa uch kunda bir o‘yin rejimida o‘ynashga majbur. Bu holatning «Chelsi» uchun yangilik deyilayotganining sababi shundaki, jamoa mavsum boshidan beri yevrokuboklarda o‘ynab kelayotgan bo‘lsa-da, Konferensiyalar kubogi u darajada yuqori saviyali turnir bo‘lmagani uchun Mareska o‘sha o‘yinlarda butunlay boshqa tarkibdan foydalanib kelayotgandi. Ammo APL da bu ilojsiz va «Tottenhem»ga qarshi maydonga tushadigan aksariyat futbolchilar Sauthempton bilan ham o‘ynagan bo‘ladi. Faqat o‘sha o‘yinda g‘olib ancha oldin ma’lum bo‘lgani va mezbonlar ikkinchi taymni bir kishi kam bo‘lib o‘ynashga majbur bo‘lishgani tufayli, «Chelsi» u qadar katta kuch yo‘qotmagan bo‘lishi ham shubhasiz.

O‘zaro o‘yinlarda «Chelsi»da yaqqol ustunlik bor. Oxirgi 36 o‘yinning 20 tasida «ko‘klar»ning qo‘li baland kelgan. «Tottenhem» atigi 6 marta g‘alaba qozona olgan xolos. O‘tgan mavsumda ham har ikki o‘yinda «Chelsi» uch ochko olishga muvaffaq bo‘lgandi. Ammo esingizda bo‘lsa, «London Stadium»da o‘tgan uchrashuvning ssenariysi shuni taqozo qilgan – «Tottenhem» deyarli qirq daqiqa ikki kishi kam o‘ynab, o‘yin oxirlarigacha durang hisobini saqlab turishga muvaffaq bo‘lgandi.

NAPOLI – LATsIO (9 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Ikki kun oldin bu jamoalar Italiya kubogi doirasida kuch sinashishdi. «Latsio» Rimda 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, Konte jamoasini musobaqadan chiqarib yubordi. «Verona»dan kelib qo‘shilgan va zaxira o‘yinchisi bo‘lgan Noslik xet-trik qayd etdi. Albatta, bu mag‘lubiyat uchun tez fursatda qasos olish «Napoli» uchun yaxshi motivatsiya bo‘lib xizmat qilsa kerak.

Tabiiyki, turnir nuqta nazaridan ham juda muhim. Birinchidan, kecha «Atalanta» «Milan» ustidan muhim g‘alabaga erishdi va ochkolar sonini 34 taga yetkazib, peshqadam bo‘lib oldi. Bergamoliklardan 2 ochko orqada bo‘lgan «Napoli» faqat g‘alaba qozosagina yana 1-o‘ringa qayta oladi. Ikkinchidan, o‘z navbatida, «Latsio» ham uzoqda emas. Rimliklar 28 ochko bilan 5-o‘rinda bormoqda. O‘tgan turda «Parma»dan mag‘lubiyat «Latsio» imkoniyatlarini biroz kamaytirib qo‘ydi, shunday ekan, qayerda to‘p surishidan qat’i nazar jamoa g‘alaba uchun maydonga tushsa kerak. Aslida bu ham u qadar ishonib bo‘lmas natija ham bo‘lmaydi, zero Neapolda bo‘lib o‘tgan oxirgi 2 o‘yinda «Latsio»ning qo‘li baland kelgan. «Napoli»ning so‘nggi o‘yinlardagi uy o‘yinlariga e’tibor bersak ham u qadar ishonchli emas – «Roma» va «Lechche» ustidan ikki minimal g‘alaba va «Atalanta»dan 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat. Demak rimliklar uchun Neapolda imkoniyat yomon emas.

Yo‘qotishlarga kelsak, mezbonlar safida Mazzuchchining hali tiklanib ulgurmaganini aytmasak, qolgan hamma tayyor. «Latsio»da esa Matias Vesino yana kamida ikki hafta maydonga tusha olmaydi. Nikolo Rovella Parmadagi o‘yinda navbatdagi sariq kartochkasini olgan va diskvalifikatsiya tufayli jamoadoshlariga yordam bera olmaydi.

BOShQA O‘YINLAR

7 dekabr. BAYYeR – Sankt Pauli (19:30), BAVARIYa – Xaydenxaym (19:30), Brentford – NYuKASL (20:00), Kristal Pelas – MANCheSTeR SITI (20:00), YuVeNTUS – Bolonya (22:00), MYu – Nottingem Forest (22:30)

8 dekabr. Fulhem – ARSeNAL (19:00), ATLeTIKO – Sevilya (9 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Mavzuga oid