26 yoshli Luidji Manjione Pensilvaniya shtati Altuna shahridagi McDonald's restoranida ushlangan, unga UnitedHealthcare sug‘urta kompaniyasi direktori Brayan Tompsonni o‘ldirish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Tompson o‘tgan haftada Manhettendagi Hilton mehmonxonasi yaqinida otib o‘ldirilgan, chorshanba kunidan buyon gumondorni qidirish bo‘yicha keng ko‘lamli amaliyot o‘tkazilayotgandi.

Manjione Nyu Yorkdan 450 km g‘arbda qo‘lga tushgan, bu yerda uni tez tayyorlanuvchi taomlar restorani mijozlaridan biri tanib qolgan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olish chog‘ida uning yonida ovoz so‘ndirgichga ega, 3D-printerda chiqarilgan to‘pponcha topilgan, Nyu Yorkdagi qotillikda aynan undan foydalangani taxmin qilinmoqda.

Avvaliga Manjione Pensilvaniya sudiga keltirilgan va beshta band bo‘yicha, xususan, noqonuniy qurol saqlash bo‘yicha ayblov e’lon qilingan, garov evaziga ozod etish rad qilingan. Bir necha soat o‘tib Nyu York tergovchilari unga qotillik bo‘yicha ayblov e’lon qilishgan. Hozirda tergovchilar uning Brayan Tompsonga uyushtirilgan suiqasdga aloqadorligini isbotlash uchun ish olib bormoqda.

Qo‘lga olingan shaxs haqida nimalar ma’lum?

Politsiyaga ko‘ra, Luidji Manjione Merilend shtati Baltimor shahrida tug‘ilib o‘sgan, bu yerda o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashtirilgan Gilman School maktabida o‘qigan, maktab rahbariyatiga ko‘ra, u maktabni 2016 yilda a’lo baholarga bitirgandi.

Shundan keyin u nufuzli Pensilvaniya universitetiga o‘qishga kirgan, u so‘nggi vaqtlarda Havayi markazi Gonoluluda istiqomat qilib kelgan.

Qo‘lga olish chog‘ida uning yonidan o‘qotar qurol va shaxsini tasdiqlovchi ayrim hujjatlar topilgan — bittasida haqiqiy ismi-sharifi ko‘rsatilgan, qolganlari soxta hujjatlar bo‘lgan.

Xususan, uning yonida Amerika pasporti va Nyu Jyersi shtatida yashashi haqidagi soxta hujjat bo‘lgan, u bundan qotillik sodir etilgan joy yaqinida, Nyu Yorkdagi hostelda ro‘yxatdan o‘tishda foydalangan.

Politsiyachilar gumonlanuvchining yonidan chiqqan to‘pponcha «arvoh-to‘pponcha» bo‘lib, katta ehtimol bilan, «3D-printerda tayyorlangani» va 9 millimetr kalibrli patronlar bilan otishi mumkinligini aytishgan.