Jahon | 14:45 / 11.12.2024
1963
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliya prezidenti miyaga qon quyilishi tufayli operatsiya qilindi

Luiz Inasio Lula da Silvaning operatsiyasi uning Rossiyadagi BRIKS sammitini o‘tkazib yuborishga majbur qilgan jarohati bilan bog‘liq.

Foto: Adriano Machado / Reuters

Braziliya prezidenti Luiz Inasio Lula da Silva kasalxonaga yotqizilgan va uning miyasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. 79 yoshli siyosatchiga shu yilning oktyabr oyida yiqilib tushganidan keyin yuzaga kelgan gematoma olib tashlandi. O‘shanda bu jarohati tufayli Lula Qozondagi BRIKS sammitiga bormagandi.

Gematomani olib tashlash uchun kraniotomiya

«Prezident Luiz Inasio Lula da Silva 9 dekabr, dushanba kuni kechqurun bosh og‘rig‘i tufayli ko‘rikdan o‘tish uchun Brazilia shahridagi Sirio-Libanes kasalxonasiga yotqizildi. MRT 19 oktyabr kuni uydagi baxtsiz hodisa natijasida yuzaga kelgan intrakranial qon ketishini ko‘rsatdi. Lula San-Pauludagi Sirio-Libanes kasalxonasiga yotqizildi va u yerda gematomani olib tashlash bo‘yicha operatsiya o‘tkazildi, jarayon hech qanday muammosiz yakunlangan. Hozirda prezident reanimatsiya bo‘limida kuzatuv ostida», — deyiladi Braziliya hukumati saytida.

Shifokorlar mahalliy vaqt bilan soat 09.00 da siyosatchining ahvoli bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazishga va’da berishmoqda.

Lula BRIKS sammitida qatnashmadi

Braziliyaning O Globo gazetasi xabariga ko‘ra, 19 oktyabr kuni Lula da Silva prezident qarorgohi hammomida yiqilib, boshining orqa qismi bilan urilgan va boshi yorilgan. Uning boshi beshta joyidan tikildi. Shu sababli prezident 22-24 oktyabr kunlari Qozonda bo‘lib o‘tgan BRIKS sammitiga bormadi. Braziliyadan u yerda tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyra ishtirok etdi. Vladimir Putin da Silvaning shaxsan o‘zi unga qo‘ng‘iroq qilib, afsusda ekanini aytdi.

Da Silva uchinchi marta Braziliya prezidenti lavozimini egallab turibdi. U 2018-2019 yillarda 580 kun qamoqda o‘tirgan. O Globo ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning sentabrida Lula o‘ng son artroplastikasi operatsiyasidan o‘tkazilgan.

Mavzuga oid