O‘zbekiston | 14:03 / 11.12.2024
5898
4 daqiqa o‘qiladi

Ommaviy tartibsizliklar tashkil qilishga tayyorgarlik ko‘rganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda

Ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tish va bunday faoliyatni moliyalashtirish Jinoyat kodeksiga kiritilmoqda. Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaning aytishicha, bu jazo onlayn tarzdagi o‘quvlarda qatnashayotgan shaxslarga ham taalluqli bo‘ladi. Bunday o‘quvlarda kimdir bilib, kimdir bilmay qatnashadi, dedi u. Deputatlar qonun loyihasini savol bermasdan birinchi o‘qishda qabul qildi.

Svetlana Ortiqova / Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 11 dekabr kuni Jinoyat kodeksining 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar)ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga doir qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

O‘zgartishlar haqida bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ma’lumot berdi.

«Siz bilan biz juda yaxshi bilamiz, atrofni kuzatamiz, yuragimiz qonga belanadi, yordam berishga harakat qilamiz. Hozir tahlikali zamon. Siz bilan biz insonni, jamiyatni va o‘z davlatchiligimizni himoya qila bilishimiz kerak. Shunda tabiiy savol tug‘iladi: ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik va shu o‘qishda qurol-yarog‘ tayyorlashmi yoki portlovchi moddalarni, atrofdagilar uchun maxsus biron-bir moslamalarni tayyorlaganlik uchun jinoiy javobgarlik bormi?

Bu harakat jinoyat tarkibini tashkil etadimi yoki yo‘qmi? Bizning fikrimizcha, tashkil etadi. Bu yerda jinoyat obekti ham bor – inson, jamiyat va davlat sub’yekti ham bor – odam shuni xohlaydi.

Ikkinchi masala, ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilish faoliyatini moliyalashtirish jinoyatmi? Albatta, bu jinoyat. Bu yerda jinoyat tarkibi bor va bizning fikrimizcha, buning uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi shart. Shuning uchun ham mamlakatimizning tinch hayoti va osoyishta hayotini himoya qilishga qaratilgan Jinoyat kodeksining shu moddasini 3-qism va 4-qismi bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.

Bu jinoyat uchun jazo muqarrarligiga doir prinsipni amalga oshirish, jazolash uchun emas, balki oldini olish uchun… Kim onlayn tarzda bo‘ladimi yoki oflayn tarzdami shu kabi «o‘quvlarda» qatnashayotgan bo‘lsa… Ommaviy tartibsizliklar – siz bilan bizning hayotimizni izidan chiqarish. Kimdir bilib, kimdir bilmay «qatnashadi», – dedi Svetlana Ortiqova.

Ma’lum qilinishicha, kodeksga kiritilayotgan o‘zgartirishlar davlat budjetidan ortiqcha mablag‘ sarflashni talab qilmaydi. Hujjat loyihasi Oliy sud, Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiyot va moliya, Ichki ishlar, Adliya vazirliklari bilan kelishilgan.

Prokuratura rasmiysi ushbu harakatlar uchun qanday turdagi jazo choralari belgilanayotganini ochiqlamadi.

Jinoyat kodeksining amaldagi 244-moddasida ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilish, qurol bilan qo‘rqitib, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish orqali ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashish kabi bir qancha huquqbuzarlik turlari sanab o‘tilgan bo‘lib, bular uchun BHMning 300 barobari miqdoridagi jarimadan 15 yil ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazolar mavjud.

Deputatlar yalpi majlisda qonun loyihasi yuzasidan birorta ham savol bermadi va loyiha 138 deputatning yoqlab ovoz berishi bilan birinchi o‘qishda qabul qilindi. 1 deputat qarshi, 1 deputat betaraf ekanini bildirdi, 8 deputat ovoz bermadi.

Qonun loyihasi quyi palata qo‘mitalari va partiyalar fraksiyalari tomonidan ko‘rib chiqilib, ikkinchi o‘qishga olib chiqiladi.

Mavzuga oid