Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev davlat xizmatlari markazlari tashkil etilganiga 7 yil to‘lishi munosabati bilan ma’ruza qilib, sohada amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalarga to‘xtaldi.

«Amalga oshirilgan huquqiy, tashkiliy kompleks choralar natijasida DXMlar aholi muammolarini hal qilishning, davlat tashkilotlari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni soddalashtirishning markaziga aylandi.

Xususan, xalqimizga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada yaqinlashtirish bo‘yicha birinchi navbatda zarur infratuzilma yaratildi.

Respublikaning barcha 208 ta tuman va shaharlarida DXMlar tashkil etildi. Ularning 193 tasida zamonaviy binolar qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu binolarning 79 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida qurildi. Tuman (shahar) markazlaridan 50-100 km. uzoq, tog‘li hududlarda 138 ta filial faoliyat yuritib kelmoqda. Ular mahalliy aholini uzog‘ini yaqin qilmoqda.

2018 yil 1 yanvarda faoliyat boshlagan paytda DXMlar tomonidan dastlab 37 turdagi xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirda 403 turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Har kuni o‘rtacha 100 mingga yaqin fuqarolarimiz Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurib, xizmatlardan foydalanmoqda.

Xususan, fuqarolarning shaxsan o‘zi kelgan holda 2023 yil davomida 9,3 mln.dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2024 yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 10,5 mln.dan ortiqni tashkil etdi.

Bugungi kunda DXMlarda tashrif buyuruvchilar uchun zarur qulayliklar yaratilgan bo‘lib, kutish zallari elektron navbat tizimlari, axborot kioskalari, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, salomatlik burchaklari, mutolaa uchun kitob javonlari, bolalar o‘yin maydonchalari, Wi-Fi hududlar hamda bufetlar bilan jihozlangan.

Olis va chekka hududda yashovchi fuqarolarimizga yengillik yaratish, ularning vaqtini tejash maqsadida sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan. Hozirga vaqtga qadar 2,5 mln.ga yaqin sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Xususan, 2024 yilning 9 oyi davomida 662 816 ta sayyor xizmat ko‘rsatildi.

Sayyor xizmatlarni tashkil etish uchun maxsus moslashtirilgan avtomashinalar xarid qilingan bo‘lib, ular ko‘chma DXM vazifasini o‘taydi. Ular barcha zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan.