The Economist: Ukraina Qurolli kuchlari Kursk oblastida egallagan hududining yarmini qo‘ldan chiqardi
Rossiya armiyasi AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp inauguratsiyasi yaqinlashayotgani sabab Kursk oblastiga hujumlar shiddatini oshirgani aytilmoqda.
Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) avgust oyida qo‘lga kiritgan Kursk oblastidagi hududlarining «qariyb yarmini» qo‘ldan boy berdi. Bu haqda ukrainalik harbiylarga tayanib, The Economist xabar berdi.
82-desant-shturm brigadasi komandiri mayor Ivan Bakrevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari jangga Shimoliy Koreya askarlari qo‘shilishidan oldin «murvatni burashni» boshlagan. Ukrainalik harbiy xizmatchining ta’kidlashicha, Rossiya armiyasi deyarli barcha yo‘nalishda — odamlar, artilleriya, texnikada «ulkan» ustunlikka ega bo‘lib, o‘z maqsadlariga erishish uchun mexanizatsiyalashgan va piyoda hujumlarni navbati bilan amalga oshirmoqda.
O‘z navbatida Ukraina kuchlari sentabr oxirlaridan, Kiyev Kursk oblastidagi elita bo‘linmani nisbatan jangda chiqinmagan harbiylar bilan almashtirishga qaror qilganidan keyin pozitsiyalarni qo‘ldan chiqara boshlagan. «Bu xato edi», — deydi Bakrev. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda Rossiya armiyasi sharqiy va g‘arbiy qanotlardan hujum qilib, UQKning asosiy guruhini Ukrainada uzib qo‘yishga urinmoqda.
Kursk oblastidagi og‘ir janglar haqida 95-desant-shtrum brigadasining serjanti Ruslan Mokritskiy ham so‘zlab berdi. Uning aytishicha, rossiyaliklar «bir necha soat ichida bitta pozitsiyaga 40 tagacha boshqariluvchan bombalarni» tashlamoqda.
The Economist’ning qayd etishicha, Rossiya armiyasi tomonidan hujumlar shiddatining oshirilishiga AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp inauguratsiyasi yaqinlashayotgani sabab bo‘lishi mumkin. Mazkur holatda RF prezidenti Vladimir Putin Kursk oblastidagi hududlarni Rossiya armiyasi tomonidan egallangan ukrain yerlariga almashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga majbur bo‘lmaydi. O‘z navbatida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy UQKga Tramp prezidentlik lavozimiga kirishgunga qadar Rossiya mintaqasida egallangan hududlarni saqlab turishni buyurgan.
Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) shu kuni birgina 14 va 15 dekabrda Shimoliy Koreya armiyasi bo‘linmalari Kursk oblastida kamida 30 kishini yo‘qotganini ma’lum qilgandi. Bu yo‘qotishlar KXDR harbiylari tomonidan Sudja rayonidagi Plexovo, Vorojba va Martinovka qishloqlari hududida Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalariga qilingan hujum paytida ro‘y bergan. Bundan tashqari, Kurilovka qishlog‘i hududida, ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning uch nafar harbiy xizmatchisi bedarak yo‘qolgan.
Mavzuga oid
15:57 / 19.12.2024
Putin Kursk oblasti qachon ozod etilishi haqidagi savolga javob qaytardi
00:23 / 18.12.2024
«Axmat» qo‘mondoni Apti Alaudinov Kurskdagi universitetning faxriy professoriga aylandi
18:38 / 06.12.2024
Putin Kursk oblasti gubernatorini almashtirdi
18:25 / 03.12.2024