Jahon | 15:21
4863
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda o‘g‘lining uy vazifalariga yordamlashayotgan ota infarktga chalindi

Voqea Xitoyda ta’lim yuki og‘irligi to‘g‘risida bahslarga sabab bo‘ldi.

Foto: Shutterstock

Xitoyda erkak o‘g‘liga uy vazifasini bajarishda ko‘maklashayotib, yurak xurujiga uchradi. Voqea xitoylik o‘quvchilar va ularning ota-onalari zimmasiga og‘ir o‘quv yuklamasi tushayotgani haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda South China Morning Post.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, erkak qirq yoshlar atrofida. U o‘g‘li bilan dars qilayotganda nafas olishga qiynala boshlagan va ko‘kragida og‘riq his qilgan. Ota shoshilinch ravishda shifoxonaga yotqizildi, unga miokard infarkti tashxisi qo‘yildi. Shifokorlar unga yurakni shuntlash (yurak arteriyalarida qon oqimini tiklash) operatsiyasini o‘tkazdi.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, xuruj hissiy stress ta’sirida kuchayadigan yurak ishemik kasalligi tufayli yuzaga kelgan. Erkak o‘g‘lining ta’lim jarayonini doimiy ravishda nazorat qilib, unga qo‘shimcha darslar tashkil etib kelgan. Ma’lum qilinishicha, ota bilan o‘smir o‘rtasidagi munosabatlar oxirgi paytlarda keskinlashgan.

Ta’kidlanishicha, bu Xitoyda sodir bo‘lgan yagona shunday hodisa emas. 2018 yilda 33 yoshli ayol qizi uxlashdan oldin juda uzoq dars tayyorlashidan asabiylashib, insultni boshdan kechirgan.

Ko‘pchilik xitoyliklar farzandlarining maktabdagi yutuqlarini o‘z muvaffaqiyatlari sifatida ko‘radi. Shu bois ta’limga katta e’tibor qaratish boshlangan. Mamlakatda oliy o‘quv yurtiga kirish yaxshi hayot garovi sifatida ko‘riladi. Kirish imtihonlari esa juda murakkab.

Mavzuga oid