O‘zbekistonda gaz, neft va benzin ishlab chiqarish kamayishda davom etyapti
Joriy yilning 11 oyida O‘zbekistonda gaz qazib olish 4,7 foizga, neft qazib olish esa 7,3 foizga qisqardi. Ichki qazib olish ko‘rsatkichining yomonlashib borayotganiga qaramay, gaz sotish hajmi oshib boryapti. Benzin ishlab chiqarish ham ketma-ket to‘rtinchi oy kamaydi.
Statistika agentligi 2024 yilning yanvar-noyabr oylaridagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 11 oyi davomida gaz qazib olish hajmi 40,75 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 2 mlrd kub yoki 4,7 foizga qisqargan.
2024 yilning yanvar-noyabr oylaridagi gaz qazib olish ko‘rsatkichlari:
- Yanvar – 3,99 mlrd kub (o‘tgan yilning mos davrida – 4,31 mlrd kub);
- Fevral – 3,71 mlrd kub (3,85 mlrd kub);
- Mart – 3,89 mlrd kub (4,16 mlrd kub);
- Aprel – 3,7 mlrd kub (3,94 mlrd kub);
- May – 3,52 mlrd kub (3,6 mlrd kub);
- Iyun – 3,54 mlrd kub (3,7 mlrd kub);
- Iyul – 3,78 mlrd kub (3,9 mlrd kub);
- Avgust – 3,78 mlrd kub (3,9 mlrd kub);
- Sentyabr – 3,55 mlrd kub (3,7 mlrd kub);
- Oktyabr – 3,6 mlrd kub (3,78 mlrd kub);
- Noyabr – 3,67 mlrd kub (3,79 mlrd kub).
Ma’lumot uchun, 2022 yilda ham gaz qazib olish 53,8 mlrddan 51,67 mlrd kub metrgacha yoki 4 foizga, 2023 yilda esa 51,67 mlrddan 46,71 mlrd kub metrgacha yoki 9,6 foizga qisqargandi.
2018-2023 yillar oralig‘ida tabiiy gaz qazib olish dinamikasi quyidagicha bo‘lgan:
- 2018 yil – 61,59 mlrd kub metr;
- 2019 yil – 60,71 mlrd kub metr;
- 2020 yil – 49,77 mlrd kub metr;
- 2021 yil – 53,8 mlrd kub metr;
- 2022 yil – 51,67 mlrd kub metr;
- 2023 yil – 46,71 mlrd kub metr.
Statistika raqamlariga qaraydigan bo‘lsak, oxirgi 6 yilda gaz qazib olish 24 foizga yoki 14,88 mlrd kub metrga kamaygan. Qisqarish 2024 yilda yanada tezlashgan.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida tabiiy gaz qazib olish hajmini yiliga 62 mlrd kubga yetkazish vazifasi qo‘yilgandi. Bu – ishlab chiqarish hajmi 7 yil ichida 33 foizga oshishi kerakligini anglatadi.
Gaz qazib olishning qisqarib borishi fonida import hajmi oshib boryapti. Xususan, yanvar-noyabr oylarida xorijdan 1 mlrd 552 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2,8 barobarga ko‘p.
O‘z navbatida umumiy davr uchun gaz eksporti 16,5 foizga yoki 593 mln dollargacha oshgan. Ayniqsa, oxirgi oylarda gaz sotish hajmi keskin ko‘paydi.
Avvalroq, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov xorijdan gaz import qilish 2030 yilga borib 10-11 mlrd kub metrga yetishi mumkinligini aytib o‘tgandi.
Dastlabki 11 oylikda ko‘mir qazib olish 7 mln 328 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 27,5 foizga oshgan.
Shuningdek, hisobot davrida neft qazib olish 709 ming tonnadan 657 ming tonnaga (-7,3 foiz) kamaygan bo‘lsa, gaz kondensati ishlab chiqarish 1094 ming tonnadan 1113 ming tonnaga oshgan.
Yanvar-noyabr oylarida elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,5 foizga ko‘paygan. Xususan, 2023 yilning 11 oyida 70,4 mrld kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 73,6 mlrd kWhʼgacha oshgan.
Hisobot davrida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 939 ming tonnadan 912 ming tonnaga, benzin ishlab chiqarish 1 mln 215 ming tonnadan 1 mln 186 ming tonnaga kamaygan.
Mavzuga oid
07:40
201 ta suyultirilgan gaz ballonini talon-toroj qilish holati aniqlandi
22:19 / 19.12.2024
Shavkat Mirziyoyev gaz qazib olishni oshirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
20:11 / 19.12.2024
Xalq iste’dodi, vaqti va imkoniyatlarini yo‘qotayotgan muammo
19:58 / 19.12.2024