Jahon | 15:04
13017
6 daqiqa o‘qiladi

Magdeburgdagi yarmarkaga hujum. Hozirgacha nimalar ma’lum?

Germaniyaning Magdeburg shahrida rojdestvo yarmarkasiga hujum oqibatida halok bo‘lganlar soni oshdi, 200 dan ortiq kishi yaralangan. Gumonlanuvchi - nemis ultrao‘nglari tarafdori. Saudiya Arabistonidan kelgan bu qochqin internetda islom diniga qarshi chiqishlar qilgan. Ar-Riyod Germaniya hukumatini terakt xavfidan bir necha bor ogohlantirgan.

Foto: Hendrik Schmidt / dpa / Scanpix / LETA

20 dekabr kuni Germaniyaning Magdeburg shahrida rojdestvo yarmarkasiga kelgan odamlar ustiga BMW X3 haydab borilishi oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida besh kishini tashkil etmoqda, deb xabar beradi Der Spiegel nashri. Bild tabloidi esa politsiyaga tayanib bergan xabarida to‘rt kishi halok bo‘lgani haqida yozgan. Hujumdan keyin Saksoniya-Anhalt federal yeri rasmiylari ikki kishi halok bo‘lganini xabar qilgandi.

Bild ma’lumotiga ko‘ra, 205 kishi tan jarohati olgan: shundan 41 kishi og‘ir ahvolda qolmoqda, bundan tashqari, 86 kishida jiddiy jarohatlar qayd etilgan, 78 nafarining jarohati — yengil. Der Spiegel xabariga ko‘ra, rasmiylar 60 yarador haqida xabar bergan.

Rojdestvo yarmarkasiga hujum yuzasidan 50 yoshli Tolib al-Abdulmuhsin qo‘lga olingan. U Magdeburgdan 45 kilometr masofadagi Bernburg shahridan bo‘lgan psixiatr shifokor va psixoterapevt. Uning kvartirasida tintuv o‘tkazilgan. Politsiyaga ko‘ra, uning sheriklari bo‘lmagan.

Nemis nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, Tolib al-Abdulmuhsin — kelib chiqishi Saudiya Arabistonidan bo‘lib, Germaniyada 2006 yildan buyon yashab keladi, doimiy yashash guvohnomasiga ega. 2016 yilda u islom dinini tark etgani tufayli o‘ziga o‘lim xavf solishini aytib, Germaniyada qochqin maqomini olgan. Internetda Tolib islom diniga qarshi chiqishlar qilgan, shuningdek, Saudiya Arabistonida yashovchilarga bu mamlakatdan qanday qochish yo‘llarini o‘rgantgan. U Germaniyada qanday siyosiy boshpana olish mavzusidagi saytni yuritgan.

Politsiyachilar maxsus bo‘linmasi Bernburgda gumonlanuvchi yashagan uy oldida
Sebastian Willnow / dpa / Scanpix / LETA

Magdeburgdagi terakt ijrochisi — nemis ultro‘nglari tarafdori. Der Spiegel jurnalistlari aniqlashicha, Tolib al-Abdulmuhsin migrantlarga salbiy kayfiyatdagi «Germaniya uchun muqobil» ultrao‘ng populist partiyasiga ochiqdan ochiq simpatiya bildirgan.

Bundan tashqari, jurnalistlar hujumga bir hafta qolganida Tolib Amerikadagi blogga bergan intervyusida Germaniya hukumati butun dunyo bo‘ylab islom dinidan voz kechgan saudiyaliklarni «yo‘q qilish» uchun yashirincha «maxfiy amaliyot» o‘tkazayotgani haqida gapirgan.

Mamlakat ichki ishlar vaziri Nensi Fezer ham u «islomofob» qarashlarda bo‘lganini tasdiqlagan. Prokuror Nopens tergovchilar hali hujum qilganning motivlarini o‘rganayotganini, ammo ular Germaniyada Saudiya Arabistonidan kelgan qochqinlarga munosabatdan norozilik bilan bog‘liqligini aytgan.

Avvalroq politsiya qo‘lga olingan shaxs radikal islomchi emasligini xabar qilgandi.

Dastlabki tahlil hujum qiluvchining organizmida yetti turdagi giyohvand modda borligini ko‘rsatgan, deb yozadi Bild nashri politsiyadagi manbasiga asoslanib. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Tolibning giyohvand moddalar bor yoki yo‘qligini aniqlash uchun birinchi testi musbat natija bergan. Uning organizmida aynan qanday modda aniqlangani ma’lum qilinmagan.

Hujumdan keyin butun Germaniya bo‘ylab rojdestvo yarmarkalarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Magdeburgning o‘zida rojdestvo yarmarkasi yopilgan. Berlinda va Germaniyaning boshqa shaharlaridagi yarmarkalarda politsiyachilar soni oshirilgan.

Magdeburgdagi rojdestvo yarmarkasi hujumdan keyin. 2024 yil 21 dekabr
Matthias Bein / dpa / Scanpix / LETA

Magdeburgdagi hujumdan keyin Saudiya Arabistoni Germaniyaga hamdardlik bildirgan. Reuters agentligi Saudiya Arabistonidagi manbalariga tayanib xabar berishicha, ushbu mamlakat rasmiylari Berlinni gumondor haqida ogohlantirgan, chunki u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida «tinchlik va xavfsizlikka tahdid soluvchi» fikrlarini qoldirib kelgan.

BBC manbasi aniqlashicha, Ar-Riyod Berlinga to‘rt marta Tolib al-Abdulmuhsin va uning «o‘ta ekstremistik qarashlari» bo‘yicha batafsil ma’lumotlar aks etgan rasmiy xat (verbal nota) yuborgan. Ammo Germaniya TIVga va uning razvedka xizmatlariga yuborilgan ogohlantirishlar e’tiborsiz qoldirilgan.

Magdeburgdagi Avliyo Ioann cherkovi oldida motam yodgorligi
Jan Woitas / dpa / Scanpix / LETA

Germaniyada rojdestvo yarmarkalari oldin ham teraktlar nishoni bo‘lgandi. 2022 yil iyunida avtomobil Berlinning odamlar gavjum ko‘chalaridan biri bo‘ylab harakatlanib, kosmetika mahsulotlari do‘koniga borib urilgandi. O‘shanda bir kishi halok bo‘lgan va 30 dan ortiq kishi yaralangan.

2016 yilda Germaniya poytaxti markazidagi rojdestvo yarmarkasiga kelgan odamlarni yuk mashinasi bosib o‘tgan va 12 kishi halok bo‘lgan. Rulda kelib chiqishiga ko‘ra tunislik Anis Amri bo‘lgan, unga Germaniyada boshpana berish rad etilgandi. Huquq-tartibot organlari versiyasiga ko‘ra, uning radikal kuchlar bilan aloqasi bo‘lgan. Amri bir necha kun o‘tib Italiyada qo‘lga olish chog‘ida politsiyachilar tomonidan otib o‘ldirilgandi.

Mavzuga oid