“Chekmasligingiz tamaki tutuni zararidan xavfsiz ekaningizni anglatmaydi” – pulmonolog Davronbek Tursunov
Tamaki mahsulotlari tutunining zaharli moddalari buyumlarda 5 soatgacha saqlanib qoladi. Bu moddalar saraton chaqiruvchi bo‘lib, hujayra to‘qimalariga zarar yetkazadi. Immunitetni zaiflashtiradi, yurak xuruji, insult, infarkt, nafas olish yo‘llari kasalliklari rivojlanish xavfini oshiradi. Tutunni homilador ayollar hidlasa, bolasining erta, chala yoki o‘lik tug‘ilishi ehtimoli oshadi.
Ushbu videoda passiv chekish, uning bola, homilador ona, katta yoshlilar organizmiga yetkazadigan zararli ta’sirlari haqida so‘z boradi. Ko‘rsatuvda ikkilamchi tutundan himoyalanish, uning huquqiy asoslari haqidagi ma’lumotlar bilan ham tanishishingiz mumkin.
Atrofingizda chekayotgan odamning tamakisidan chiqqan tutun soha mutaxassislari tilida “ikkilamchi tutun” deyiladi. U ikki manbadan hosil bo‘ladi: yonayotgan tamaki mahsuloti va chekuvchining nafas chiqarishi orqali. Ikkilamchi tutun aralashgan havodan nafas olish “passiv chekish” hisoblanadi. U faol chekishga nisbatan inson organizmi uchun zararliroq hisoblanadi. Sababi sigaret tutuni odatda filtrlanmagan bo‘ladi. Mahsulotdagi filtr chekuvchining o‘zini ba’zi zararli moddalardan himoya qilishga yordam beradi xolos. Undan chiqariladigan dud filtrsiz bo‘lib, tutun tarkibidagi kimyoviy moddalar chekuvchidan ko‘ra uning yonidagilar zararli moddalarni nafas yo‘llari orqali ko‘proq yutishi mumkinligini anglatadi.
Tamaki tutuni tarkibida 5000 dan ortiq kimyoviy moddalar mavjud bo‘lib, ulardan 69 tasi kanserogen – saraton kasalligini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan va kamida 250 tasi sitotoksin – hujayra to‘qimalariga zarar yetkazadigan kimyoviy moddalar hisoblanadi. Shuningdek, uning tarkibida quyidagi zaharli toksinlar bor:
- Benzol: benzin tarkibidagi kimyoviy modda;
- Ammiak: uy tozalash vositalaridagi kimyoviy modda;
- Toluol: bo‘yoq idishidan topilgan kimyoviy modda;
- Kadmiy: batareyalar tarkibidagi kimyoviy modda;
- Formaldegid: o‘g‘it, balzamlashtiruvchi suyuqlik va qurilish materiallari tarkibida mavjud bo‘lgan kimyoviy modda.
Tutun izsiz yo‘qolmaydi
Sigaret, sigara, kalyan, chilim singari tamaki mahsulotlari tutunining zaharli moddalari izsiz yo‘qolmaydi. Ular tanadagi shilliq pardalarga, teriga, soch va kiyim-kechaklarga, umuman olganda, har qanday buyumga tushib, chekuvchi va uning atrofidagilar salomatligida jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Tutun xonada kamida 30 daqiqadan taxminan 5 soatgacha turishi mumkin, saqlanib qolish davomiyligi chekish miqdori, xonaning hajmi hamda ventilyatsiya darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Agar xonada havo aylanishi yaxshi bo‘lsa, tutun tezroq yo‘qoladi. Ventilyatsiya past bo‘lsa, uzoqroq saqlanib qoladi. Sigaret tutuni qoldiqlari zinapoyalar va shamollatish moslamalari orqali ham xonadan xonaga o‘tishi mumkin.
Qisqa va uzoq muddatli ta’siri
Tamaki tutuni tanani shikastlashining eng tezkor holati besh daqiqa ichida sodir bo‘ladi, bunda nafas olish organlarida qichishish, achishish va aksirish singari reaksiyalar yuzaga keladi. Besh daqiqadan so‘ng arteriya qon tomirlari o‘z moslashuvchanligini yo‘qotadi, uning natijasida qondagi oqimning normal o‘tishi qiyinlashib, tomirning ichki qavatida yallig‘lanish jarayoni hosil bo‘ladi.
20-30 daqiqadan so‘ng, qon ivishi boshlanadi va tomirlarda yog‘ birikmalari yig‘ilib, insult xavfi oshadi. Ikki soatdan keyin yurakning tartibsiz urishi (aritmiya) yuzaga keladi, bu esa yurak xuruji yoki boshqa jiddiy yurak xastaliklari paydo bo‘lishiga imkon yaratadi.
Ikkilamchi tutun organizm va immunitetning kuchli yoki zaiflik holatiga ko‘ra, qisqa va uzoq muddatli ta’sirlarni ko‘rsatadi. Pulmonolog Davronbek Tursunovning aytishicha, qisqa muddatli ta’siri natijasida bosh miyadagi qon tomirlar qisqarib, boshda og‘riq yuzaga keladi. Shuningdek, yengil yo‘tal, nafas qisishi, ko‘zning qizarishi va yoshlanishi, burun qichishishi singari holatlar kuzatiladi.
- Uzoq muddatli ta’siri orqali o‘pka, halqum, tomoq, qizilo‘ngach saratonlari rivojlanishi, yurak ishemik kasalliklari, xronik obstruktiv o‘pka kasalligi (XO‘OK), astma hamda allergiya xavfi oshadi. Bundan tashqari, passiv chekish orqali organizmga kiradigan toksinlar immun tizimining infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatini pasaytiradi, tanada surunkali yallig‘lanish jarayonlarini rivojlantiradi. Xususan, tamaki tutuni katta yoshli insonlarda insultning rivojlanish xavfini 20–30 foizga, yurak ishemik kasalliklaring rivojlanish xavfini 25–30 foizga ko‘paytiradi, – deydi u.
Bolalar – eng ko‘p jabr ko‘ruvchi
Tamaki tutuni bolalar va chaqaloqlar organizmini kuchliroq zaharlaydi. Sababi ularning nafas olish va immun tizimi kattalarniki bilan solishtirganda ancha zaif, hali to‘liq rivojlanmagan, organizmi esa bu moddalarni chiqarib yuborish uchun yetarlicha kuchga ega bo‘lmaydi.
- “Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar katta odamlarga nisbatan tezroq nafas oladi. Kattalar odatda bir daqiqada 16-20 tacha nafas olsa, yangi tug‘ilgan chaqaloq (0-1 yosh) 30-60 ta, 1 yoshdan 3 yoshgacha bolalar 24-40 ta, 4 yoshdan 6 yoshgacha bolalar 20-30 ta nafas oladi. Bu raqamlar passiv chekish ta’sirida bo‘lgan kichik yoshli bolalar kattalarga qaraganda zaharli moddalarni ko‘proq yutishi mumkinligini anglatadi”, – deydi pulmonolog Davronbek Tursunov.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2023 yilgi global tamaki epidemiyasi haqidagi hisobotida aytilishicha, har yili passiv chekish oqibatida dunyo bo‘ylab 1,3 millionga yaqin odam va 5 yoshgacha bo‘lgan 165 000 nafar bola vafot etadi. Jahon bo‘ylab ikkilamchi tamaki tutuni ta’siri bilan bog‘liq o‘limning 47 foizi ayollar ulushi, 28 foizi bolalar ulushiga to‘g‘ri keladi.
Ikkilamchi tutunning toksik moddalari, masalan, nikotin, karbon monoksid singari moddalar bolalar va chaqaloqlar immunitetini pasaytiradi. Amerika o‘pka assotsiatsiyasi (ALA) ma’lumotlariga ko‘ra, passiv chekish ta’siri bolalarda astma rivojlanish ehtimolini 50 foizgacha oshiradi. Uning uzoq muddatli ta’siri esa chekishga moyillikning hosil bo‘lishi, nafas olish yo‘llari infeksiyalari, jumladan, pnevmoniya, bronxitning kuchayishi, quloq, tomoq, burun, ko‘z va og‘iz shilliq qavatining o‘tkir hamda surunkali kasalliklari rivojlanish xavfini ko‘paytiradi.
- “Passiv chekish nafaqat tutundan nafas olayotgan ona, balki uning vujudida ulg‘ayayotgan bolaga ham ta’sir ko‘rsatadi. Xonadonida chekuvchi insonlar yashaydigan homilador ayollarda farzandni kam vaznli, erta yoki o‘lik tug‘ish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Sababi ikkilamchi tutun ta’siri erta tug‘ilish xavfini 20 foizga oshiradi. Xususan, passiv chekish oqibatida homilador ayolning organizmida bo‘layotgan kimyoviy o‘zgarishlar embrionning nerv tizimini shikastlaydi. Tutun tarkibidagi moddalar ona sutiga aralashib, chaqaloqning markaziy asab tizimida buzilishlar ro‘y berishi, bezovtalik, yig‘lash, vazn yetishmasligi kabi holatlarni yuzaga keltirishi mumkin”, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining Tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha konsultanti Shuhrat Shukurov.
Raqamlar nima deydi?
O‘zbekistonda olib borilgan izlanishlar shuni ko‘rsatdiki, katta yoshdagi (18-69 yosh) aholining 47 foizi, ya’ni har ikki nafardan bir nafari uyda, 38 foizi, ya’ni har besh nafardan ikki nafari ishxonaning yopiq joylarida tamaki tutuni ta’sirida bo‘ladi. 2021 yilda maktab o‘quvchilari orasida o‘tkazilgan so‘rovnomada 13-15 yoshdagi o‘smirlarning 7 foizi (har 15 nafardan 1 nafari) uyda va 16 foizi (har 6 nafardan 1 nafari) yopiq jamoat joylarida tamaki tutuni ta’sirida bo‘lgani aniqlangan.
Mutaxassis Shuhrat Shukurov taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, tamaki mahsulotlarini chekish miqdori so‘nggi vaqtlarda butun dunyo va O‘zbekistonda ham kamaymoqda. Lekin tamaki sanoati vakillari o‘zining mo‘may daromad manbaini saqlab qolish maqsadida mahsulotlarning texnologik rivojlangan, zamonaviy ko‘rinishdagilarini bozorga olib kirib, bolalar va o‘smirlar orasida targ‘ib qilmoqda, shu sabab elektron sigareta, qizdiriladigan tamaki mahsulotlari ommalashdi.
- “Jamoat joylarida sigareta, sigara chekilganda uning badbo‘y va yoqimsiz hidi atrofdagilarga ta’sir etib, chekuvchiga nisbatan salbiy reaksiya paydo qiladi. Ammo hozirgi kunda iste’molga chiqqan qizdiriladigan tamaki mahsulotlari va elektron sigaretalarga xushbo‘ylovtiruvchi moddalar qo‘shilgani bois ularni chekish jarayoni atrofdagilarga sezilmaydi, odamlar kashandani saqich chaynayapti yoki shokolod yeyapti deya qabul qilishi mumkin. Ommaviy joylar va hatto ishxonadalarda ham bunday holatlar ko‘p uchramoqda, shu bois aholidan o‘z atrofidagi insonlarga nisbatan hushyorroq bo‘lish so‘raladi”, – deydi u.
Ikkilamchi tutunga qarshi kurash – bu borada huquqiy asoslar bormi?
O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha Hadli konvensiyasiga 2012 yil 24 aprelda qo‘shilgan. Mazkur konvensiyaning 8-moddasi talablariga muvofiq har bir davlat tamaki tutunidan 100 foiz xoli bo‘lgan muhitni ta’minlashi lozim
Mamlakatimizda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun bilan jamoat joylarida tamaki chekish taqiqlangan. Qonunda tamaki chekish taqiqlangan jamoat joylarining aniq ro‘yxati ko‘rsatilgan (24-modda) va tamaki chekish maxsus ajratilgan joylar, ya’ni binolar hamda inshootlardan tashqaridagi ochiq havoda tashkil etilishi mumkinligi (25-modda) belgilangan.
- “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks”ning 561-moddasiga ko‘ra, jamoat joylarida tamaki chekkan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi miqdorida jarima solinishi belgilangan. Lekin ushbu kodeksda jamoat joylarida tamaki chekishga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilanmagan va ayni vaqtda ushbu masalani hal etish dolzarb hisoblanadi”, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining Tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha konsultanti Shuhrat Shukurov.
AQShda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, tamaki chekishni cheklash to‘g‘risidagi kompleks qonunlar astma va o‘pka infeksiyalari bilan kasallanishni 24 foizga, bolalarda astmaga chalinishni 12,5 foizga, katta yoshlilarda insultning rivojlanish xavfini 81 foizga, infarkt xavfni esa 85 foizga kamaytirgan.
Passiv chekishdan qanday himoyalanish mumkin?
Passiv chekish ta’siridan himoyalanishning eng yaxshi usuli – chekadigan odamlardan uzoqroq yurish va chekishga ruxsat berilgan joylarda turmaslikdir. Haydovchi bo‘lsangiz, mashinangizda yo‘lovchilarning chekishiga yo‘l qo‘ymaslik, ovqatlanish shoxobchalari, kafe yoki restoran egasi hisoblansangiz, biznes obektingiz hududida chekishni taqiqlovchi ichki qoidalarni o‘rnatish orqali passiv chekish ta’sirini kamaytirishingiz mumkin. Agar siz kashanda bilan bir uyda yashasangiz, undan xonadon ichida chekmaslikni, tashqariga chiqib ochiq havoda chekishini talab qiling. Passiv chekish oqibatida sog‘ligingizda o‘zgarishlar yuzaga kelganini sezsangiz, zudlik bilan shifokorga murojaat etishni unutmang.
Diyoraxon Nabijonova tayyorladi.
Operatorlar: Mirvohid Mirrahimov, Abduqodir To‘lqinov, Bobur Anvarov,
Montaj ustasi: Sherzod Egamberdiyev.
Mavzuga oid
13:58 / 30.05.2024
“O‘zbekistonda ovqatlanish odatlari bo‘yicha ommaviy tadqiqot o‘tkazish kerak” – Kopenhagen universitetidagi o‘zbek olimi
14:51 / 01.03.2024
O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari orasida tamaki va nos chekish holatlari ko‘paygani ma’lum qilindi
12:55 / 31.10.2023
Suyak yemirilishining davosi bormi?
12:03 / 08.06.2023