Usik Fyurini yana yengdi
Jangda ishtirok etganlik uchun ikki bokschiga rekord miqdorda – 190 mln dollar gonorar va’da qilingandi.
Boks bo‘yicha og‘ir vazn toifasi chempioni, ukrainalik Oleksandr Usik britaniyalik Tayson Fyurini Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan revansh jangda ham mag‘lub etib, yengilmas bokschi sifatidagi maqomini saqlab qoldi.
12 raund yakunlariga ko‘ra hakamlar g‘alabani bir ovozdan Usikka berishdi: 116–112.
Bu jang ukrainalik bokschi uchun profi ringdagi 23-g‘alaba bilan yakunlandi. U uchta chempionlik kamarini o‘zida saqlab qoldi va yengilmas bokschi sifatida davom etadigan bo‘ldi.
Bu 37 yoshli Usik (23–0, 14 KO) va 36 yoshli britaniyalik, Gypsy King laqabli( Tsiganlar qiroli) Fyuri (34–2–1, 24 KO) o‘rtasidagi ikkinchi to‘qnashuv edi.
Birinchi jang 2024 yil mayida, Saudiya Arabistonida tashkil etilgandi. Ukrainalik bokschi hakamlarning ayricha qarorlari bilan g‘olib deb topilgan, Fyuri esa mag‘lubiyatini tan olmagandi. Usik bilan uchrashuvga qadar u faoliyatida biror marta yutqazmagandi, 34 g‘alaba va bir durang qayd etgandi.
Usik 1999 yildan buyon og‘ir vaznda to‘rtta asosiy boks tashkilotlari — IBF, WBO, WBA va WBC chempionlik kamarlarini o‘zida jamlagan ilk mutlaq chempionga aylandi.
Fyuri bilan ikkinchi jangda chiqish uchun Usik IBF versiyasi bo‘yicha chempionlik kamaridan voz kechgandi, chunki u oldingi raqib bilan himoya jangini o‘tkazishni ko‘zda tutmasdi.
Shu tariqa, ularning ikkinchi uchrashuvida uchta boks tashkiloti: WBC, WBA va WBO bo‘yicha chempionlik kamarlari o‘rtaga qo‘yilgandi. Ularning egasi «birlashgan» jahon chempioni titulini qo‘lga kiritardi.
Mutlaq jahon chempioni bo‘lishdan oldin Usik 2012 yilda Londonda olimpiya oltinini qo‘lga kiritgandi. Fyuri bilan uchrashuvga qadar u 22 jang o‘tkazgan va barchasida g‘alaba qozongan.
Usik va Fyuri o‘rtasidagi ikkinchi jang professional boks tarixida ilk bor sun’iy intellekt tomonidan ham kuzatib borildi, ammo yakuniy qaror uning ishtirokisiz kechdi. Shu bilan birga, SI ham ukrainalik bokschi g‘alabasini e’tirof etgan (118-112).
Usik va Fyuri ringdagi ilk jangi uchun 100 mln dollarga ega bo‘lgan, shundan roppa-rosa 70 mln dollari britaniyalikka berilgandi. Bu safar Usikning chempion va ikkinchi jang g‘olibi sifatidagi gonorari ko‘proq bo‘lishi kerak.
Shartnomada bunday ehtimol ko‘zga tutilganiga qaramay, Usikning ikkinchi g‘alabasi Fyuri bilan uchinchi jangi ehtimolini keskin kamaytirdi.
Bahsdan so‘ng britaniyalik boshqa bir bokschi Deniel Dyubua Usikdan jang so‘radi. Avvalgi jangda raqibini qiyinchilik bilan mag‘lub etgan ukrainalik chempion taklifni qabul qildi.
Ukrainalik siyosatchilar va harbiylar Usikning g‘alabasini nishonlab, buni butun mamlakat g‘alabasiga tenglashtirmoqda.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy vatandoshining g‘alabasini ramziy deb atadi. U rasmiy telegram-kanalida shunday yozgan: «G‘alaba! Hozirda barchamiz uchun muhim va zarur bo‘lgan g‘alaba. Chempionlik titulini himoya qilib, Oleksandr shuni isbotladi: biz, ukrainlar, o‘zimiznikini berib qo‘ymaymiz. Va qanday og‘ir bo‘lmasin — g‘alaba qozonamiz. Ring, jang maydoni yoki diplomatik arena bo‘lsin — kurashamiz va o‘zimiznikini bermaymiz».
Ukrainalik bokschi g‘alabasi haqida Zelenskiyning devoni rahbari Andrey Yermak, gubernatorlar va ombudsmen Dmitro Lubinets ham postlar qoldirgan.
«Munosib va yorqin g‘alaba! Bugungi bu g‘alaba — nafaqat sening shaxsiy g‘alabang, balki Ukrainaning ham g‘alabasi!» — deya tabriklagan Usikni Kiyev shahri meri, o‘tmishda WBO versiyasi bo‘yicha chempion Vitaliy Klichko.
Mavzuga oid
21:57 / 18.12.2024
Fyuri va Usik boks jangida ilk marta sun’iy intellektga asoslangan hakam bo‘ladi
04:18 / 15.12.2024
Murodjon Ahmadaliyev nokaut bilan g‘alaba qozonib, kamar sohibiga aylandi
15:42 / 13.12.2024
O‘zbekistonlik bokschi qozog‘istonlik raqibini tishlab oldi va oltin medali olib qo‘yildi
17:48 / 11.12.2024