TDYuU joylashgan tarixiy bino eshiklarini beruxsat almashtirgan xodim jarimaga tortildi
Toshkent davlat yuridik universiteti madaniy meros obekti hisoblanuvchi o‘zi joylashgan binoning kirish eshiklarini beruxsat almashtirgani ma’lum bo‘ldi. Buning uchun mas’ul xodim 1,5 mln so‘m jarimaga tortildi. Shunga o‘xshash holat 2022 yilda ham kuzatilgandi.
Toshkent shahridagi 109 ta madaniy meros obektidan vazirlik-idoralarning ma’muriy binosi sifatida foydalanib kelinmoqda. Yana 59 ta madaniy meros obektlarida ta’lim muassasalari joylashgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, ayrim tashkilotlar madaniy meros obektlaridan foydalanishda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yayapti.
Xususan, Toshkentdagi Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq “Ayollar va erkaklar gimnaziyasi”ning (XIX asr) kirish eshiklari Toshkent davlat yuridik universiteti mas’ullari tomonidan o‘zboshimchalik bilan, tegishli ruxsat olinmasdan almashtirilgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, holat yuzasidan 2 dekabr kuni sud qarori chiqarilgan bo‘lib, binodan foydalanuvchi TDYuU mas’ul shaxsi madaniy meros obektlaridan foydalanish qoidalarini buzishda aybli deb topilib, jarimaga tortilgan.
Kun.uz o‘rgangan sud hujjatiga ko‘ra, sudlangan shaxs – universitetning xo‘jalik va ta’mirlash ishlari boshqarmasi bosh energetigi vazifasida ishlab kelgan O.Y. hisoblanadi. U binodagi asosiy kirish eshiklarini binoga zarar yetkazmagan holda almashtirgan, sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.
Sud ayblanuvchining moddiy ahvoli, kasalmand ekani va boshqa jihatlarni inobatga olib, u ayblanayotgan MJtKning 64-moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq – BHMning 4 baravari, ya’ni 1,5 mln so‘m jarima jazosi tayinlagan.
Kodeksning 64-moddasi 1-qismiga ko‘ra, moddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish – fuqarolarga BHMning 30 barobaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bosh prokuratura 2022 yilda ham Yuridik universitet mas’ullari tomonidan ayni shu huquqbuzarlik sodir etilgani haqida xabar bergandi.
O‘shanda sobiq “Erkaklar va ayollar gimnaziyasi” binosining devorlari teshilib, qayd etish taxtachalari o‘rnatilgan, atroflari bo‘yalgan, konditsioner va soyabonlar o‘rnatilgan. Buning uchun oliygohning mas’ul rahbari BHMning 3 barobari miqdorida jarima qo‘llangan edi.
Mavzuga oid
13:48 / 05.12.2024
Rubob yasash butunjahon madaniy merosi deb e’tirof etildi
15:29 / 03.12.2024
Buxoro shahrining tarixiy qismida mototsikl va skuter kabilarning harakati cheklandi
22:45 / 19.11.2024
Madaniy meros agentligi Andijondagi Bobur haykalini ko‘chirish bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi
15:20 / 19.09.2024