Jahon | 18:12 / 27.12.2024
5898
4 daqiqa o‘qiladi

FT: «Oreshnik» G‘arb uskunalaridan foydalanilgan holda ishlab chiqarilmoqda

Financial Times gazetasi Rossiya «Oreshnik» raketasini G‘arbning ilg‘or texnologiyalaridan foydalangan holda ishlab chiqarayotgani haqida yozdi. Putin ushbu raketani zamonaviy havo hujumidan mudofaa vositalari tutib qola olmasligini aytgandi.

Foto: Financial Times

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy havo hujumidan mudofaa vositalari tutib qola olmaydigan «Oreshnik» raketasini ishlab chiqarishda G‘arbning ilg‘or texnologiyalaridan foydalanilayotgani ma’lum bo‘ldi, deb yozmoqda Financial Times.

Bu kabi xulosa Rossiyada raketa texnikalari, jumladan, ballistik raketalarni ham ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar faoliyatiga oid ma’lumotlarga asoslanilgan. Gap Moskva issiqlik texnikasi instituti (MITI), «Sozvezdiye» konserni hamda «Titan-Barrikadi» ilmiy-tadqiqot markazi to‘g‘risida ketmoqda. Ukraina razvedkasi oldinroq ushbu korxonalar «Oreshnik»ni yaratishda ishtirok etayotganini ma’lum qilgandi.

Yuqoridagi korxonalarning dastlabki ikkitasi nemis va yapon kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan metallarni qayta ishlovchi tizimlar bilan ishlashga qodir mutaxassislarni qidirgan.

2024 yilda taktik va strategik qit’alararo ballistik raketalarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi MITI Germaniyaning Siemens va Heidenhain, shuningdek, Yaponiyaning Fanuc raqamli nazorat tizimlariga tushuna oladigan mutaxassislarni ishga yollayotgani haqida e’lon bergan.

Ushbu uchta kompaniya stanoklaridan Voronejdagi «Sozvezdiye» mudofaa korxonasida ham foydalaniladi. Konsern vakansiyalarida potensial ishchilar yuqoridagi kompaniyalarning tizimlarini tushunishi kerakligi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, FT Volgograddagi artilleriya va raketa texnikasiga ixtisoslashgan «Titan Barrikadi» kompaniyasi videosiga ham e’tibor qaratgan — unda ishchilar Fanus logotipi tushirilgan qurilma qarshisida turganini ko‘rish mumkin.

Ukraina va uning ittifoqchilari Rossiyaga harbiy maqsadlarga mo‘ljallangan texnologiya va uskunalarning kirib borishini cheklashga urinayotganiga qaramay, 2024 yil boshidan beri bu kabi yetkazib berishlar hajmi kamida 3 million dollarni (jumladan, Heidenhain mahsulotlari ham) tashkil etgan. FT’ga ko‘ra, Rossiyaga bu turdagi tovarlarning kirib borishi umuman olganda sekinlashgan.

Oxirgi partiyalardan birining ichidan qiymati 345 ming dollar turadigan, 2023 yilda ishlab chiqarilgan Heidenhain yangi boshqaruv bloki mavjud tizim o‘rin olgan. Ushbu komponent «frezerlash, tokarlik va silliqlash kombinatsiyalashgan operatsiyalarini bajarish imkonini beradi». Qurilma Xitoy orqali AQSh sanksiyalari ostida bo‘lgan Rossiyaning Baltic Industrial Company kompaniyasiga yuborilgan.

Putin «Oreshnik»ning uchirilgani haqida 21 noyabr kuni e’lon qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu G‘arbning uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollari yordamida Rossiya hududiga berilgan zarbalarga javobdir. RF prezidentiga ko‘ra, zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari «Oreshnik» raketalarini tutib qola olmaydi, chunki u 10 max tezlikda (soniyasiga 2,5-3 ming kilometr) harakatlanadi.

Dekabr oyida Ukrainaning Defense Express portal «Oreshnik» 2017-2018 yillardagi «Yars» qit’alararo ballistik raketasi bazasida yig‘ilgani va u o‘shandan buyon omborda yotgan bo‘lishi mumkinligini yozdi. Bunday xulosaga Dneproga qulagan raketa qoldiqlarini o‘rganish asosida kelingan.

Pentagonning hisoblashicha, «Oreshnik» bu — 2011 yilda sinovdan o‘tkazilgan «Rubej» RS-26 ning modifikatsiya qilingan versiyasidir. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ham «Oreshnik» qit’alararo ballistik raketa bazasida yaratilgan va Rossiyada uning zaxirasi cheklangan deb hisoblaydi. «Oreshnik»ning texnik tavsifi noma’lum, ammo uning konstruksiyasi RS-26 niki kabi bo‘lsa, raketa massasi 40-50 tonnani, parvoz uzoqligi esa 6 ming kilometrni tashkil etadi.

Mavzuga oid