Jahon | 16:36 / 27.12.2024
13768
3 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon prezidenti ma’muriyati Chechenistonning qurbonlarning oilalariga yordamini rad etdi

Checheniston hukumati aviahalokatda qurbon bo‘lganlarning oilasiga yordam taklif qilgan edi. Ozarboyjon buni rad qildi va «faktni tan olishni, uzr so‘rashni va tegishli tovon to‘lashni» talab qildi.

Foto: Reuters

Ozarboyjon prezidenti ma’muriyati Azerbaijan Airlines samolyoti halokatida nobud bo‘lganlarning oilalari Checheniston hukumatidan hech qanday yordamga muhtoj emasligini ma’lum qildi. Bu haqda ma’muriyatdagi manbaga tayanib Day.az yozdi.

26 dekabr kuni Checheniston hukumati raisi Hasan Hakimov respublika rahbari Ramzon Qodirov nomidan halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning oilasiga moliyaviy va «zarur bo‘lgan har qanday boshqa yordam» ko‘rsatilishini aytgan edi.

«Ozarboyjon hech qanday yordamga muhtoj emas. Bunday yordamni davlat ham, fuqarolar ham qabul qilmaydi. Fuqarolarimizga zarur yordamni o‘zimiz ko‘rsatmoqdamiz va ko‘rsatamiz. Ozarboyjon faktni tan olishni, uzr so‘rashni va tegishli tovon to‘lashni talab qiladi», dedi Ozarboyjon prezidenti ma’muriyatidagi manba.

«RIA Novosti» xabariga ko‘ra, Ozarboyjon Bosh prokuraturasi xodimlari Grozniy shahrida bo‘lib, rossiyalik hamkasblari bilan birgalikda aviahalokat bo‘yicha surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Yana bir guruh xodim Qozog‘istonning Oqtov shahriga yuborilgan va halokat joyida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etmoqda.

25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchgan Azerbaijan Airlines samolyoti Oqtov yaqinida halokatga uchradi. Samolyot bortida 67 kishi, jumladan besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Halokatda 38 kishi nobud bo‘ldi.

Euronews va Reuters agentliklarining Ozarboyjon hukumatidagi manbalarga tayangan holda xabar berishicha, halokatga Rossiya raketasi sabab bo‘lgan. Ozarboyjon tomonining fikricha, raketa Grozniy ustida «dronlarning havodagi faolligi» paytida samolyotga qarata uchirilgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, fyuzelajga zarar yetkazgan.

Rossiya rasmiylari bu ma’lumotni tasdiqlamadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 27 dekabr kuni Kreml Bokuning Rossiya samolyot halokati uchun uzr so‘rashi kerakligi haqidagi bayonotlaridan xabardorligini, biroq halokat sabablarini tekshirish yakunlanmaguncha «baholash huquqiga ega emasligini» aytdi.

Mavzuga oid