O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil armiyasi havodan va yerdan hujumlar orqali G‘azo sektorining shimoliy qismida o‘nlab binolarni kuchli portlovchi moddalar bilan portlatdi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, portlovchi moddalar «Al-Auda» va «Kamol Advan» kasalxonalari yaqinidagi binolarga joylashtirilgan. Qo‘shimcha portlovchilar robotlar yordamida tashilgan.

Channel 13 telekanali xabar berishicha, G‘azo sektorining shimolidagi portlashlar ovozi hatto Tel-Aviv va uning atrofida ham eshitilgan.

Isroil zulmi va qamali tufayli ocharchilik va qahatchilik iskanjasida qolgan G‘azoda sovuq ham bolalarning hayotiga zomin bo‘lmoqda.

Qish faslida G‘azo sektorida tungi harorat nol darajadan pastga tushmoqda. Ovqat, suv va issiqliksiz qolgan aholi sovuqdan qutulish yo‘llarini izlamoqda. Biroq hamma ham buning uddasidan chiqayotgani yo‘q.

Doktor Ahmad al-Farraning xabar berishicha, Xon Yunusdagi Nosir klinikasiga so‘nggi 48 soat ichida sovuq sabab uch chaqaloqning halok bo‘lgani haqida ma’lumot kelib tushgan.

Isroilning doimiy hujumlari tufayli uylarini tark etgan minglab aholi vaqtinchalik chodirlarda yashamoqda. «Insonparvarlik zonasi» deb e’lon qilingan Al-Mavasiy ham bir necha bor hujumlarga duch kelgan.

Sektordagi tibbiyot tizimi deyarli vayron bo‘lgan: neonatal bo‘limlarning faqat 20 foizi amal-taqal qilib ishlab turibdi. Ularning aksariyatiga yetib borish amalda mumkin emas, chunki asosiy yo‘llar va tez yordam mashinalari Isroil artilleriyasi ostida qolmoqda.

Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan boshlangan Isroil hujumlari natijasida halok bo‘lganlar soni 45 ming 436 kishiga, yaralanganlar esa 108 ming 38 kishiga yetdi.

So‘nggi bir sutkada Isroil armiyasining «uchta ommaviy qatliom» amalga oshirishi natijasida 37 kishi halok bo‘lgan va 98 kishi yaralangan.

Isroil Suvayshga raqobatchi kanal qurmoqchi