O‘zbekiston | 11:32 / 28.12.2024
7729
11 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbek kinosi Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinda turar edi, endi uni o‘zimiz ham ko‘rmayapmiz” – kinorejissyor bilan suhbat

Kinorejissyor, ssenarist Sarvar Karimov Kun.uzʼga bergan intervyusida o‘zbek san’atiga zarbalar “zapret”lar bilan boshlangani, xususiy kino olish jozibador bo‘lmay qolgani hamda nima sabab saviyasiz seriallar ko‘paygani haqida gapirib berdi. Uning aytishicha, davlatning kinoga behuda aralashavergani sabab sohada degradatsiya kuzatilgan.

Sarvar Karimov o‘zbek kinosida ishlab kelayotgan iqtidorli kinorejissyor hamda ssenaristlardan biri hisoblanadi. U “Sehrli qalpoqcha”, “Sehrli qalpoqcha 2: sariq devni minib”, “Sarvqomat dilbarim” filmlari, “Hokim buva” seriali bilan taniqli.

Karimov shu kunlarda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan “Ma’naviyat ekspertizasi”, badiiy kengash va umuman kino sanoatining dolzarb nuqtalari haqida Kun.uz’ga gapirib berdi.

Kino kun tartibidan chiqmaydigan mavzulardan biri, doim muhokama va e’tiborda bo‘ladi. Shu jihatdan dastlab uning vazifa va funksiyalari haqida gaplashsak. U nimalardan iborat va O‘zbekistonda kinolarimiz shularni bajara olyaptimi?

– Kino san’at turlari qatoriga kiradi, buni hamma biladi. Bu ham san’at, ham sanoat. Kinoning ortida juda katta jamoa ishlaydi, juda katta pullar sarflanadi. Deylik, biror bastakor uyda o‘tirib, yangi musiqani chalib, yozishi mumkin bo‘lsa, afsuski, kinoni bir kishi bitira olmaydi. Shuning uchun o‘nlab odam ishlashi kerak va arzonga bitadigan ish emas. Shu sabab kino sanoati degan gap ham bor. San’atning asosiy vazifasi – insonning hissiyotlarini jumbushga keltirish. Ya’ni siz biror bir musiqa eshitganingizda, spektakl ko‘rganingizda, u asosan sizning qalb tolalaringizga teginishi kerak. Ruscha gap bor: “teatr lechit dushu”, buni umuman san’atga nisbatan aytsa bo‘ladi. San’at insonning qalbini davolaydi, ya’ni dori-darmon sog‘lig‘ingizni davolaydigan bo‘lsa, san’at qalbingizni davolaydi. Shuning uchun san’at insondan birinchi navbatda hissiyotlar uyg‘otishi kerak.

Kino haqida gapiradigan bo‘lsak, komedik kino bo‘lsa, siz uni ko‘rib kulishingiz, drama yoki melodrama bo‘lsa, yig‘lashingiz, dahshatli filmlar yoki triller bo‘lsa, qo‘rqishingiz kerak. Ya’ni kinoga odam o‘zi qachon boradi, vaqtini chog‘ o‘tkazish uchun boradi. Shuning uchun [kinoning] asosiy maqsadi – insonning vaqtini mazmunli o‘tkazish. Shu bilan birga, to‘g‘ri, o‘ziga yarasha tarbiyaviy funsiyalari ham bor, kino yordamida biz o‘tmishda yashagan odamlar haqida tushunchaga, insonlarning biografiyasi haqida qandaydir ma’lumotlarga ega bo‘lishimiz mumkin, lekin kinoning [asosiy] maqsadi bilim berish, odamni tarbiyalash emas. Bu funsiyalariga kirishi mumkin, ammo 10-, 11-funksiyalari hisoblanadi. Asosiy funsiyasi avvalambor hissiyotlar berish.

Yaqinda Eldor Asanov shu mavzuda yaxshi fikr yozdilar, “tarix faktlarni muhrlaydi, san’at va adabiyot esa hissiyotlarni”. Ya’ni siz deylik, olimpiada haqida biror hujjatli filmni ko‘rsangiz, to‘g‘ri, u yerdagi faktlarni eslab qolishingiz mumkin, qaysi davlat qanday qatnashgan, nechta oltin medal olgan va kim yutgan va yutqazgan, lekin badiiy film ko‘radigan bo‘lsangiz, badiiy adabiyot o‘qisangiz, o‘sha yerdagi hissiyotlarni muhrlashga xizmat qilishi kerak. Deylik, Titanik filmini ko‘rganimizdan keyin biz hammamiz haqiqatan shunday katta kema bo‘lganini, 1912 yilda aysbergga urilib cho‘kib ketganini bilganmiz, bu fakt. Lekin biz Titanikda nechta odam bo‘lgani, uni kim qurgani, necha tonna bo‘lganlarini eslab qolishimiz kerak emas. Agar buni eslab qolganimizda, qandaydir bu haqdagi iliy adabiyotlarni o‘qishimizga to‘g‘ri kelardi. Biz o‘sha yerdagi insonlarning taqdirini ko‘rganmiz, ya’ni bosh qahramon Jyek va Rousni oladigan bo‘lsak, undan tashqari yana bir qancha qahramonlar bor, agar kinoni ko‘rgan bo‘lsangiz, eslasangiz cho‘kayotgan vaqtida kimdir qochishga harakat qiladi, kimdir o‘limini mardlarcha qabul qiladi, masalan, bitta epizod aniq esimda qolgan, bir chol va kampir o‘limini tan olib, bir-birining qo‘lini ushlab, krovatda yotgan holda cho‘kishga tayyor turadi.

Odamlar ayollarning kiyimini kiyib, faqat ayollar tushishi kerak bo‘lgan qayiqlarga tushib olgan bo‘ladi. Musiqachilarni eslasangiz, odamlar qo‘rqib ketmasin deb musiqa chalishadi, kema cho‘kib ketay deyotganda tarqalib, bir-biriga qarab oxirigacha shu ishini qilishlarini aytishadi. Bir yaxshi gapni aytadi: “men sizlar bilan bir orkestrda ishlaganimdan faxrlanaman” deydi. Ya’ni siz hissiyotlarni eslab qolasiz. O‘sha Titanik cho‘kayotganda odamlar o‘zini qanday his qilgani, kim o‘zini qanday tutgani yodingizda qoladi. San’atning asosiy vazifasi bu, albatta hissiyotlarni muhrlash.

Sarvar aka, kinolarda g‘oyalarni ilgari surish majburiyati ham bormi? Ya’ni biror film yaratildi yoki yaratilish jarayonida rejissyor uni qaysidir g‘oyani tashishi kerak deb hisoblashi shartmi?

– Bu narsa bor, lekin majburiy va shart emas. Ya’ni biror filmni ko‘rib, men unda buyuk g‘oyani ko‘rmadim, u yomon film deyolmaysiz. Chunki o‘zimiz ham mazza qilib ko‘rgan kinolarni eslaydigan bo‘lsak, o‘zimizni klassik filmlarni olsak, to‘g‘ri qayerdadir g‘oya bordir, masalan, “Sen yetim emassan” filmida buyuk g‘oya bor, bu – gumanizm. Masalan, “Mahallada duv-duv gap”da unday kuchli g‘oya yo‘q. Shunchaki o‘sha vaqtda yashagan insonlarning taqdirini ko‘rganmiz, o‘sha paytdagi katta yosh va yosh avlod vakillari o‘rtasidagi qandaydir ziddiyatni ko‘rganmiz. Bu – normal holat, lekin u yerda buyuk g‘oya yo‘q.

Yoki “To‘ylar muborak” filmini olsak, oddiygina film. Shu bilan birga, xalqimizning sevimli filmlaridan biri. Yoki “Yor-yor” filmini olsak, bir yigit bir qizni sevib qoladi, uni qidirib butun respublikani kezib chiqadi. “Maftuningman”ni olsak, ya’ni qaysidir filmlarda qandaydir kuchli g‘oya bo‘lishi mumkin, lekin bu har bitta filmda bo‘lishi shart degani emas va har bitta filmdan g‘oyaviylikni talab qilish shart emas.

Shunday filmlar bo‘ladi, to‘g‘ri, butun bir davlat va jamiyatga katta ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Masalan, Polshada Kshishtof Keslyovskiy degan ajoyib rejissyor bo‘lgan. Uning “Korotkiy film ob ubiystve” degan filmi bor, o‘shanda bir yosh yigit taksichini o‘ldiradi, shundan keyin uni qatl qilishadi. Filmni ko‘rsangiz, voqealari 2 qismga bo‘lingan. Birinchi qismida yigitning qilgan ishini, ikkinchisida uni o‘lim jazosiga hukm qilinishi, o‘ldirilishigacha ko‘rasiz. Va bu film shu darajada odamlarga, Polsha jamiyatiga qattiq ta’sir qilganki, bir qancha muddatga “to‘xtanglar, biz o‘lim jazosini to‘xtatishimiz, bu masalani ko‘rishimiz kerak” deb, 1 yil o‘tgacha, adashmasam, referendum o‘tkazilgan holda Polshada o‘lim jazosi bekor qilingan. Shu darajada katta ta’sir o‘tkazgan. Shunday filmlar ham bo‘ladi, to‘g‘ri. Lekin mingtadan bitta bo‘lib qolishi mumkin. Har bitta filmdan xuddi shunday g‘oyaviylikni talab qilaverish kerak emas.

Masalan, “Yor-yor”, “To‘ylar muborak” filmi haqida gapirdik, bu filmlarda kuchli g‘oya yo‘q, lekin ular odamlarga tabassum, yaxshi kayfiyat hadya etgan va hadya etib kelmoqda. Ya’ni film ko‘rgach, u sizga yaxshi kayfiyat va tabassum hadya etyaptimi, vazifasini bajardi.

Hozirgi o‘zbek kino sanoati haqida qanday fikrdasiz? Bu vazifani bajarishyaptimi?

– Hozir, afsuski, biz shu narsani unutib qo‘ydik. Filmdan katta g‘oyaviylikni talab qilyapmiz, “tarixiy film olishimiz kerak, buyuk ota-bobolarimiz haqida film olishimiz kerak, bunday qilishimiz kerak, unday qilishimiz kerak” deyilyapti, buning uchun katta mablag‘ ajratilyapti, filmlar olinyapti. Hammasini birdek yomon deya olmayman, orasida yaxshilari ham bor. Lekin kinoning asosiy vazifasi: tomoshabinga qiziqarli bo‘lishi kerakligini [unutib qo‘ydik]. Hattoki, tarixiy film olgan taqdirimizda ham tomoshabin 15-asrda nima bo‘lganini bilib o‘tirishi shart emas, unga insoniy hissiyotlar qiziq. Chunki 2,5 yil oldin yozilgan grek tragediyalari yoki komediyalarini olsak, u yerda ham oddiy insoniy munosabatlar birinchi o‘rinda turadi.

Siz kinoni ko‘rganingizda baribir insoniy munosabat uchun ko‘rasiz. Deylik, 2000 yilda suratga olingan “Gladiator” filmining birinchi qismini oladigan bo‘lsak, qadimgi Rim, gladiatorlar haqida ma’lumotga ega bo‘lamiz, Kolizeyni ko‘rishimiz mumkin, lekin birinchi o‘rinda baribir o‘zining oilasi, ayoli va farzandini yo‘qotgan otaning qasos olishi haqidagi film. Biz u yerda insoniy munosabatlar birinchi planga chiqadi. U gladiator bo‘lib 2 ming yil oldingi voqea bo‘lishi mumkin edi yoki 10-15 yil oldingisi ham bo‘lishi mumkin edi. Birinchi baribir insoniy hissiyot uchun ko‘rasiz.

Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid