“Uz-Koram Kompani” MChJdagi davlat ulushi 24 mln dollarga sotildi
General Motors kompaniyasi litsenziyasi asosida avtomobillar uchun old va orqa bamperlar ishlab chiqaruvchi “Uz-Koram Kompani” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi 24 mln dollarga sotildi. Xaridor – O‘zbekistonda Centrum Air brendi ostida avia xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Centrum Aviation FZCO” kompaniyasi.
“Uz-Koram Kompani” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiyalar paketi 24 mln dollarga “Centrum Aviation FZCO” kompaniyasiga sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, potensial investorlardan “Uz-Koram Kompani” MChJni sotib olish bo‘yicha 5 ta ariza kelib tushgan. Yakunda faqatgina 2 nafar xaridor tomonidan belgilangan muddatda majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO) taqdim qilingan.
Xususiylashtirish jarayoniga konsultant sifatida “Portfolio Investmens” konsalting kompaniyasi jalb qilingan.
“Davaktiv” xabarida qayd etilishicha, korxonaning asosiy faoliyat turini 10 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida saqlab qolish, mahsulotlarning lisenziati bo‘lgan Genaeral Motors kompaniyasi (AQSh) tomonidan tasdiqlangan yetkazib beruvchi bilan texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha litsenziya kelishuvlariga va GM texnologiyalari bilan bog‘liq texnologik jihozlardan foydalanish yuzasidan “Bosh alyans” kelishuvida o‘rnatilgan talablar va tegishli cheklovlarga qat’iy rioya qilish kabi shartlar xaridor tomonidan qabul qilingan.
Ma’lumot uchun: “Centrum Aviation FZCO” – Centrum Holding tarkibida tashkil etilgan. Asosiy faoliyati havo yuk tashish va aviatsiya savdosida brokerlik xizmatlarini ko‘rsatish, havo kemalarini ijaraga berishdan iborat. “Centrum Air” brendi ostida O‘zbekistonda avia xizmatlarini ko‘rsatadi.
Mavzuga oid
10:14 / 01.07.2024
«Foton» AJ ustav kapitalidagi 85,6 foiz davlat ulushi xususiylashtirildi
13:30 / 28.05.2024
O‘zbekistondagi birinchi besh yulduzli mehmonxona sotuvga qo‘yildi
07:43 / 17.12.2021
Ayrim sohalardagi korxonalarning davlat ulushini xususiy sektorga sotish rejalashtirilmoqda
07:43 / 02.11.2021