O‘zbekiston | 07:31 / 28.12.2024
1289
2 daqiqa o‘qiladi

Yuridik shaxslarga berilgan imtiyozlarni buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi belgilandi

“Yuridik shaxslarga soliqlar, bojxona to‘lovlari va yig‘imlar bo‘yicha berilgan imtiyozlarni buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi to‘g‘risidagi” nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizom yuridik shaxslarga soliqlar, bojxona to‘lovlari va yig‘imlar bo‘yicha berilgan imtiyozlarni buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibini belgilaydi.

Tashkilotlarga soliqlar va bojxona imtiyozlari:

🔸 soliqlar va bojxona imtiyozlari berilishi natijasida bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirish sharti bilan;
🔸bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirish sharti nazarda tutilmagan holda beriladi.

Bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirish nazarda tutilmagan soliqlar va bojxona imtiyozlari berilganda, tashkilot tomonidan soliqlar, bojxona to‘lovlari va yig‘imlar hisoblanmaydi hamda mahsulot (tovarlar, ishlar, xizmatlar) va boshqa mol-mulkning sotish (xarid) qiymatiga kiritilmaydi. 

Soliqlar va bojxona imtiyozlari bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirish sharti bilan berilganda, soliqlar, bojxona to‘lovlari va yig‘imlarni hisoblash amalga oshiriladi.

Soliq va bojxona imtiyozlari har bir soliq, bojxona va yig‘im turi bo‘yicha moliyaviy hisobotga izohlarda yoritib beriladi.

Mavzuga oid