Jahon | 14:15 / 29.12.2024
16917
10 daqiqa o‘qiladi

Qulagan samolyot, o‘g‘irlangan paxta va zarba yegan «Tolibon» – mintaqa hafta ichida

Yilning so‘nggi haftasida eng ko‘p muhokama qilingan mavzu – Ozarboyjon samolyotining qulashi bo‘ldi. Shuningdek, Pokiston Afg‘onistonga havodan zarba berdi. Turkmanistondagi zavodlarda talon-taroj avjida, yog‘ yetishmovchiligi fonida chigit o‘g‘irlangan. Tojikiston yilni passiv balans bilan yakunlasa, Qozog‘iston katta internet kompaniyalaridan 70 mlrd tenge soliq oldi.

Kun.uz mintaqa va Afg‘oniston hayotidan ba’zi xabarlar jamlangan dasturni taqdim etadi.

Ozarboyjon samolyoti urib tushirilgan bo‘lishi mumkin

Ozarboyjonning Boku shahridan Rossiyaning Grozniy shahriga uchgan samolyot aviahalokatga uchradi. Bortida 67 kishi bo‘lgan Embraer 190 rusumli samolyot tuman tufayli Grozniyga qo‘nish uchun ruxsat ololmay, avval Maxachqal’aga, keyin esa Oqtovga yo‘naltirilgandi. Aviahalokatga dastavval qushlar galasi bilan to‘qnashib ketganlik sabab qilib keltirilgan bo‘lsa, qator g‘arb nashrlari Rossiyaning havodan himoya mudofaa tizimi zarbasi sabab samolyot qulaganini yozdi. Euronews nashri ham samolyot qulashiga Rossiya raketasi sabab bo‘lganini xabar qilgandi. Grozniy ustida dronlar faolligi kuzatilayotgan vaqtda Bokudan bu shaharga kelayotgan bort tomonga ham raketa uchirilgan. U esa shu samolyot yaqiniga kelib portlagan hamda samolyotning qoplamasiga zarar yetkazgan. 

Qozog‘iston aviahalokat ortidan hukumat komissiyasini tuzgan. Lekin Qozog‘iston rasmiylari hozircha o‘z mamlakati hududidagi samolyot halokati haqidagi versiyalarni baholashdan o‘zini tiymoqda. Bosh vazir o‘rinbosari, aviahalokat bo‘yicha hukumat komissiyasi rahbari Kanat Bozumbayev 26 dekabr kuni biror versiya haqida Qozog‘iston tasdiq berolmasligini bildirgan. Tergovga Braziliya ham qo‘shilgan. Rossiya prezidenti 28 dekabr kuni halokat Rossiya osmonida sodir bo‘lgani uchun hamkasbi Ilhom Aliyevdan uzr so‘radi. 

Qozog‘iston xorijiy elektron tijorat kompaniyalaridan foyda ko‘rmoqda

Alibaba, Aliexpress, Netflix va boshqa shu turdagi kompaniyalar Qozog‘iston budjetiga shu yilning o‘zida 70 mlrd tenge soliq to‘lagani ma’lum bo‘ldi. Qozog‘istonda elektron tijorat bilan shug‘illanuvchi hamda elektron xizmat ko‘rsatuvchi 98 ta xorijiy kompaniyalar ro‘yxatdan o‘tgan. Bu haqida Moliya vazirligining Davlat daromadlari qo‘mitasi xabar berdi. Bu “google solig‘i” deb nomlanadi. Qozog‘iston 2022 yildan boshlab xorijiy internet kompaniyalari uchun “Google solig‘i deb nomlangan yig‘imni joriy qilgan. 98 kompaniyalar ichida Alibaba, Aliexpress, Apple Google, Huawei, Netflix, Pinduoduo, Temu va boshqa yirik xorijiy tijorat tashkilotlarini ko‘rish mumkin. Qayd etilishicha, xorijiy internet kompaniyalar faoliyatini nazorat qilish uchun Qozog‘iston soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgan. Unda belgilangan ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha majburiyat bajarilmagan taqdirda, Qozog‘iston hududida ularning faoliyatini blokirovka qilish chorasi ham ko‘riladi. 

Tojikiston BMTdan yangi yilni xalqaro muzliklarni saqlash yili deb e’lon qilishni so‘radi. Sababi Tojikistonning mingdan ortiq muzlari allaqachon erib ketgan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ham yaqin yillarda jami muzlarining 27 foizidan ayrilgan. BMT axborotiga ko‘ra, muzlar erishi davom etmoqda. 2050 yilga borib esa  haroratning ko‘tarilishini cheklashga qaratilgan sa’y-harakatlarga qaramay, 50 davlat o‘zining uchdan bir qism muzidan ayriladi. Hozir bu mamlakatlar har yili 58 mlrd tonna muzini yo‘qotmoqda. Bu esa Ispaniya va Fransiya yillik suv iste’moliga teng degani. Muzlar erishi esa global dengiz sathining 5 foiz ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi. Shu munosabat bilan BMT yangi yilni muzliklarni saqlash yili deb e’lon qildi.

Tojikiston balansi passivligicha yilni yakunlamoqda

Tojikiston 2024 yil sarhisobiga ko‘ra, importini yana oshirgan mamlakat bo‘ldi. Yanvar-noyabr oylarida respublika 6,2 mlrd dollarlik mahsulot import qildi. Eksport hajmi esa bor-yo‘g‘i 1,7 mlrd dollar. Shunday qilib, balans passivligicha qolmoqda. Shu yilning 11 oyida davlat tashqi savdo aylanmasi 7,9 mlrd dollar bo‘lib, o‘tgan yilgidan 17,3 foizga ko‘p. Import hajmi esa 2023 yil bilan solishtirganda qariyb 2,5 baravarga ortgan. Tojikiston asosan metallar, qimmatbaho buyumlar hamda ulardan tayyorlangan buyumlarni sotib olgan. Tashqi savdoda asosiy hamkor esa Rossiya va Xitoy bo‘lib qolmoqda. 2024 yilning ko‘rsatkichlari bo‘yicha Rossiya birinchi savdo hamkor, undan keyingi o‘rinlarida Xitoy va Qozog‘iston turibdi. 

Dushanbe tirbandlikdan aziyat chekmoqda

Ko‘p shaharlar qatori Tojikistonning poytaxti ham shu kunlarda tirbandliklardan azob chekmoqda. Piyodalar o‘tish yo‘lagining demontaj qilinishi ortidan bu tirbandliklar yanada ko‘paydi, aholi norozi bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda bu keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususiy nashr Asia-Plus Tajikistan odamlar fikrini o‘rganarkan, xalq demontajga qarshi ekanini aytgan. Mas’ul idoralarga ko‘ra, Dushanbe shahri bo‘ylab 17 piyodalar o‘tish joyining demontaj qilinishi ortidan tirbandliklar ko‘payib ketdi. Aholi hukumatdan metroni talab qilmoqda, so‘rovnomada qatnashganlar metro ochilsa, tirbandlik kamayishini bildirgan. 

Turkmanistondagi zavodlarda talon-taroj avjida

Turkmanistonda paxta yig‘im-terimi yakunlanib, mavsumni Dashog‘uz viloyati yopib berganini xabar qilgandik. Endi ana shu paxtani talon-taroj qilish ishlari faollashgan. Muxolif nashr Turkmennews xabariga ko‘ra, Dasho‘g‘uz yog‘ ishlab chiqarish zavodida 120 tonna paxta chigiti yo‘qolib qolgan. Buni bosh prokuratura o‘rganmoqda. 

Prokuratura organlari o‘tkazgan tekshiruvda xomashyo va ulardan olingan mahsulotlar hisob-kitobi bir-biriga nomuvofiq kelgan. Hujjatlarda qayd etilishicha, ushbu zavodga Oqdepedan 40 tonna, Turkmanboshidan 80 tonna paxta chigiti olib kelingan, keyin esa bu 120 tonna chigit g‘oyib bo‘lgan. Undan ishlab chiqarilishi kerak bo‘lgan yog‘, shuningdek, ishlab chiqarish chiqindilari hech qayerdagi hisobda ko‘rsatilmagan. Tayyor mahsulotlarni tushirish va jo‘natish bilan shug‘ullanuvchi tarozibon va ekspeditor qo‘lga olingan. Hibsga olinganlarning bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, paxta chigiti aslida zavodga umuman olib kelinmagan. Bunday o‘g‘riliklar oddiy xodimlar tomonidan ayniqsa rahbariyat xabarisiz qilinishi dargumon. Hozirda tergov davom etmoqda. 

Ukrain shokoladlari rus qadoqlarida noqonuniy sotilgan

Turkmanistonda Rossiya bosib olgan Ukrainaning Donetsk viloyatida ishlab chiqarilgan shokoladlar savdosi avjiga chiqdi. Vaziyatdan xabar topgan Ukraina elchixonasi mahsulotlarni Rossiya eksport qilgani, bu esa noqonuniy ekani yuzasidan hukumatga bildirishnoma jo‘natdi. Shundan so‘ng Ashxoboddagi rasmiylar shokoladlarni musodara qildi. 

Donetskda ishlab chiqarilgan 2 xil shokoladlar Ashxoboddagi savdo nuqtalarida paydo bo‘ldi. Ukrainaning Turkmanistondagi elchixonasiga noyabr oyi oxirida Rossiya orqali bu davlatga noqonuniy tovarlar, xususan shokoladlar kirib kelayotgani xususida xabar kelib tushgan. Masala shundaki, ushbu mahsulotlar Rossiyada ishlab chiqarilgan degan holatda kiritilgan. Diplomatik missiya esa Ukrainaning bosib olingan hududidan xalqaro hamkorlarga mahsulotlar sotilayotgani haqida xabar bergan. Elchixona Turkmaniston tashqi ishlar vazirligidan noqonuniy kirib kelgan mahsulotlarni yig‘ishtirib olishni so‘ragan. Elchixona, vazirlik hamda qator Yevropa davlatlarining Ashxoboddagi dipmissiyalari hamkorligidan peshtaxtalardan shokoladlar musodara qilingan. Elchixona esa o‘z xabarida Turkmanistonga Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagani va hurmat qilgani uchun minnatdorlik bildirgan. 

Temiryo‘l qurilishi boshlandi

Qirg‘iziston Prezidenti 27 dekabr kuni Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li loyihasini ishga tushirdi. So‘zga chiqqan Sadir Japarov bu shunchaki temiryo‘l emas, Sharq va g‘arb mamlakatlarini bir-biriga bog‘lovchi ko‘prik ekanini gapirdi. 

Loyiha qurilishining boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir Jalolobod viloyatining Tosh-Qutchu qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan. 

Prezident yangi temir yo‘l koridori Yevrosiyo qit’a ko‘prigining janubiy bo‘g‘iniga aylanishini, Janubi-Sharqiy, G‘arbiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga yo‘l ochishini aytgan.

Loyiha mintaqalararo yo‘l, transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaning Markaziy Osiyo mamlakatlari maqsadlariga javob beradigan xalqaro transport-tranzit xabi sifatida raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi. Qirg‘iziston uchun bu loyiha ko‘p qirrali ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini tezlashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda ShHTning Samarqand sammitida bu loyiha qurilishi boshlanishiga prezidentlar kelishgan bo‘lsa-da, moliyalashtirish masalasi ortidan ish to‘xtab turgandi. Tahlilchilarga ko‘ra, transport koridorining qurilishi mintaqaga Xitoy ta’sirini oshirib, Rossiya rolini tushiradi. Buni anglab yetgan Moskva Bishkek orqali loyiha qurilishini paysalga soluvchi vositalarini ishgan solgan bo‘lishi mumkin. Biroq rasmiy Bishkek buni rad etadi. 

Mavzuga oid