Jahon | 16:47 / 30.12.2024
3326
3 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda AQShda uysizlar soni rekord darajaga yetdi

O‘n yillar davomida yetarli darajada qurilish olib borilmagani natijasida uylarga bo‘lgan talab taklifdan sezilarli darajada oshib ketgan.

Foto: Getty Images

AQShda uysizlar soni kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori darajaga yetdi, deb yozmoqda CNN.

AQSh Uy-joy qurilishi va shahar rivojlanishi departamenti (HUD) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda uysizlar soni 770 ming kishidan oshib ketdi, bu 2023 yilga nisbatan 18 foizga ko‘p. Ushbu ko‘rsatkich HUD 2007 yilda ma’lumotlarni to‘plashni boshlaganidan buyon eng yuqori yillik o‘sish hisoblanadi (2021 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan davrdagi o‘sish bundan mustasno, chunki o‘sha paytda agentlik COVID-19 pandemiyasi sababli to‘liq hisob-kitob qila olmagan).

Hisobotda ta’kidlanishicha, uysizlikning keskin o‘sishi arzon uy-joylar yetishmasligi, boshpana izlayotgan muhojirlar soni ortgani va tabiiy ofatlar tufayli ayrim odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgani bilan bog‘liq.

HUD hisboti ma’lumotlari, an’anaga muvofiq, 2024 yil yanvarida to‘plangan, ammo hujjat 27 dekabr kuni departament saytida e’lon qilindi.

Ushbu hisobot Amerikadagi arzon uy-joy tanqisligi muammosining fojiali oqibatlarini aks ettiradi, deb ta’kidladi CNN. O‘n yillar davomida yetarli darajada qurilish olib borilmagani natijasida uylarga bo‘lgan talab taklifdan sezilarli darajada oshib ketdi. Bu holat 2024 yilda uy-joy narxlarining rekord darajada ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Federal zaxira tizimi joriy yilda foiz stavkalarini uch marta pasaytirganiga qaramay, uy sotib olish uchun kredit olish narxi yuqoriligicha qoldi.

Pandemiya davridagi qisqa muddatli pasayishdan so‘ng ijara narxlari o‘sishda davom etmoqda. AQSh Aholini ro‘yxatga olish byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilga kelib ijarachilarning deyarli yarmi o‘z daromadlarining 30 foizidan ko‘prog‘ini uy-joy uchun sarflamoqda. Bu ularni xarajatlari og‘ir insonlar toifasiga kiritadi.

“Hech bir amerikalik uysiz qolmasligi kerak. Bayden-Harris ma’muriyati har bir oilani arzon, xavfsiz va sifatli uy-joy bilan ta’minlashga intilmoqda”, — deb ta’kidladi AQSh uy-joy qurilishi va shahar rivojlanishi kotibi Adrianna Todman o‘z bayonotida. “Bu ma’lumotlar deyarli bir yil oldingi bo‘lib, hozirgi vaziyatni aks ettirmasa-da, uysizlikning oldini olish va uni bartaraf etish bo‘yicha faktlarga asoslangan sa’y-harakatlarga e’tibor qaratish nihoyatda muhim”.

HUD hisoboti shuni ko‘rsatdiki, Dallas va Los-Anjyelesda uysizlar soni kamaygan, ammo boshqa ko‘plab shaharlarda ular o‘tgan yilga nisbatan oshgan.

Shu bilan birga faxriylar orasida uysizlik o‘tgan yilga nisbatan deyarli 8 foizga kamayib, kuzatuvlar tarixidagi eng past ko‘rsatkichga tushgan.

Mavzuga oid