Germaniya kelajagini ijtimoiy tarmoqlar egalari hal qilmaydi - Shols
Olaf Shols Ilon Maskni «Germaniya uchun alternativa» (AfD) partiyasini qo‘llab-quvvatlagani uchun tanqid qildi.
Germaniya kelajagini ijtimoiy tarmoqlar egalari emas, fuqarolari belgilaydi. Bu haqda Germaniya federal kansleri Olaf Shols o‘zining an’anaviy Yangi yil nutqida aytib o‘tdi.
Shols aniq ismlarni aytmagan holda, X ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Maskni tanqid qildi, u avvalroq «Germaniya uchun alternativa» (AfD) o‘ta o‘ngchi partiyani qo‘llab-quvvatlab, faqat shu partiya mamlakatni qutqara olishini aytgan edi.
Shols Germaniya kelajagini uning fuqarolari belgilashini ta’kidladi. «Ijtimoiy tarmoqlar egalari buni hal qilmaydi», dedi u, aftidan, Ilon Maskka ishora qilib.
«Muhokama chog‘ida ba’zida fikr qanchalik radikal bo‘lsa, unga shunchalik e’tibor qaratiladi, degan taassurot paydo bo‘lishi mumkin. Ammo Germaniyada vaziyat qanday bo‘lishini baland ovozda qichqiradigan emas, balki aql-idrok va odobli odamlarning katta qismi belgilaydi», dedi kansler.
Siyosatchining qayd etishicha, bu 23 fevralda bo‘lib o‘tadigan federal saylovlarga ham tegishli. Shols fuqarolarni saylovda faol ishtirok etishga chaqirdi.
«Germaniyada murakkab davr. Iqtisodiyot qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Hayot qimmatlashdi», dedi Shols.
Germaniya hukumati rahbari, shuningdek, Berlin Ukrainaga yordam berishda davom etishiga ishontirdi.
Shols so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik Ukrainadagi mojaroni tobora ortib borayotgan xavotir hissi bilan kuzatmoqda. «Sizni ishontirib aytamanki, biz Ukrainani yolg‘iz qoldirmaymiz va uni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz va bu bilan urush avj olib ketmasligi uchun xotirjamlikni saqlaymiz», deb qo‘shimcha qildi u.
Mavzuga oid
22:21 / 03.01.2025
Germaniya aeroportlarida yo‘lovchilarni tekshirish tizimida nosozlik yuzaga keldi
12:38 / 03.01.2025
Nemislarning yarmidan ko‘pi - Ukrainaga tinchlikparvarlarni yuborish tarafdori
10:11 / 03.01.2025
Rossiya va Ukrainada Germaniya vizasiga onlayn arizalar aprelgacha ochiladi
12:40 / 02.01.2025